19:40 / 09.06.2021
2 029

Pashinyan o‘z o‘g‘lini Ozarbayjondagi barcha armanistonlik asirlarga almashtirishga tayyorligini aytdi


Nikol Pashinyanning o‘g‘li Ashot.
Foto: «RIA Novosti»

Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi kuzgi harbiy harakatlar tugagandan so‘ng Ozarbayjonda asirlikda qolgan barcha armanlar bilan o‘g‘li Ashotni almashtirishga tayyor. Bu haqda Pashinyanning so‘zlariga tayanib, «Sputnik Armeniya» xabar berdi.

«Men Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga rasman aytyapman: barcha asirlar evaziga o‘g‘limni taklif qilaman», — dedi Pashinyan.

Pashinyan bu gaplarni mamlakatning sobiq prezidenti Serj Sargsyanning tanqidiga javoban aytgan. Avvalroq Pashinyan hozirda Ozarbayjon qamoqlarida bo‘lgan asirlar yana bir necha oylik qamoq uchun hukumatni kechirishini aytgan.

«Ular yana bir-ikki oy asirlikda yashasa ham, bizni kechiradi. Ammo biz ularning ozodligi uchun mamlakat mustaqilligidan voz kechsak, ular bizni aslo kechirmaydi », — degan u Armavir viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda.

Pashinyanning so‘zlari Armaniston sobiq prezidentining tanqidiga sabab bo‘ldi. «Pashinyan bu odamlar qanday ahvolda ekanini tushunarmikan o‘zi?! U o‘g‘li Ashotni Ozarbayjonda ushlab turilgan 20-25 askarga almashtira qolsin» — degan Sargsyan g‘azab bilan. Uning fikriga ko‘ra, asirlar har qanday vaqtda qiynoqqa solinishi, zo‘rlanishi va hatto o‘ldirilishi mumkin.

Sargsyanga javob berar ekan, Pashinyan uni odam savdosida aybladi. «Almashtirishga roziman. Serjik va Robik (Robert Kocharyan, Armanistonning ikkinchi prezidenti), odamlar oldi-sotdisi bo‘yicha mutaxassis sifatida men sizlarga ushbu masala bo‘yicha muzokaralar olib borish vakolatini beraman. Agar siz bu orqali bir necha ming dollar ishlab topsangiz, demak sizning o‘qingiz nishonga teggan bo‘ladi», — Pashinyan.

Pashinyan o‘z o‘g‘lini Ozarbayjonda saqlanayotgan mahbuslarga almashtirish taklifi hissiy emas, balki rasmiy ekanini ta’kidladi. U Bokudan rasmiy javob kutmoqda.

Tinchlik shartnomasi imzolangandan so‘ng Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan rossiyalik hamkasbi Vladimir Putindan asirlikdagi armanlarni vataniga qaytarishga ko‘maklashishni so‘ragandi.

Boku Ozarbayjonda saqlanayotgan 140 kishi almashtirilmasligini aytgan, chunki ular jangovar harakatlar tugaganidan keyin qo‘lga olingan yoki «Yollanib jangda qatnashish», «Terrorizm» va «Harbiy jinoyatlar» moddalari bo‘yicha ayblanayotgan shaxslardir.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning sentabr oyi oxirida Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston davlatlari o‘rtasida qurolli nizo kelib chiqqan edi. 2020 yilning 10 noyabrida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi uch tomonlama kelishuv imzolanishi bilan nizolar yakuniga yetdi. Unga ko‘ra, Boku Tog‘li Qorabog‘ bilan qo‘shni yetti viloyat, shuningdek, Shusha va Gadrut shaharlari ustidan nazoratni qayta tikladi. Hududning qolgan qismiga Rossiya tinchlikparvarlari joylashtirildi. Bundan tashqari, kelishuv Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi aloqalar va savdo-iqtisodiy munosabatlarning boshlanishini nazarda tutadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Pashinyan o‘z o‘g‘lini Ozarbayjondagi barcha armanistonlik asirlarga almashtirishga tayyorligini aytdi