21:31 / 25.06.2021
4 413

JSST: «hindcha» shtamm «asl» koronavirusdan ikki karra yuqumliroq


Koronavirusning Hindistonda aniqlangan delta shtammi virusning Uxanda paydo bo‘lgan «asl» variantidan ikki baravar yuqumliroq. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh tadqiqotchisi Sumya Svaminatanga tayanib, «RBK» xabar berdi.

JSST vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu shtammga chalingan odam infeksiyani «ikki emas, balki to‘rt, oltita va hatto sakkiz» kishiga yuqtirishi mumkin.
Svaminatan pandemiya boshlangan paytga nisbatan hozirgi kunda koronavirus bilan oilaviy kasallanish holatlari ko‘payganini ta’kidladi. U delta varianti tez orada dunyo bo‘ylab ustunlikka chiqishini istisno qilmadi, ilgari bu holat alfa variant («britancha» shtamm) bilan sodir bo‘lgan edi.
Mutaxassis mavjud vaksinalarning aksariyati «hech bo‘lmaganda kasallikning og‘ir kechishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun» samarali bo‘lib qolishini qo‘shimcha qildi.

Koronavirusning delta varianti 2020 yilning oktabrida Hindistonda topilgan. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shtamm iyun oyi o‘rtalariga kelib 90 dan ortiq mamlakatda qayd etilgan. Yuqumlilik darajasining yuqori ekani va cheklovlarning bir qismidan voz kechish uning keng tarqalishiga sabab bo‘ldi. Tashkilot mutaxassisi Mariya van Kerkxovening ta’kidlashicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra delta varianti kasallikning og‘ir kechishi xavfini oshiradi. Biroq yangi shtammning boshqalariga qaraganda ko‘proq o‘limga sabab bo‘lishi haqida dalillar yo‘q.

O‘tgan hafta Hindistonda koronavirus «hindcha» shtammining yangi varianti tarqaldi. Maxarashtra shtatida aniqlangan ushbu tur delta-plus deb nomlandi. Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi zich joylashgan Maxarashtra, Kerala va Madxya-Pradesh shtatlari hokimiyatlarini delta-plyus xavfidan ogohlantirdi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, delta-plyus o‘ta yuqumli bo‘lib, hatto uning tashuvchisi yonidan niqobsiz o‘tib ketish ham xavfli.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » JSST: «hindcha» shtamm «asl» koronavirusdan ikki karra yuqumliroq