12:50 / 30.06.2021
2 179

Singapur koronavirusni oddiy grippga aylantirish rejasini ishlab chiqdi. Bu qanday amalga oshiriladi?


Foto: SOPA Images
Koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashda hozirga qadar dunyodagi deyarli eng yaxshi natijani ko‘rsatib kelayotgan Singapur (qariyb 6 million aholiga atigi 30 ta o‘lim), virus bilan birga yashab turib, “yangi normal” holatga o‘tish rejasini tayyorladi. Orol ma’muriyati virus odam populyatsiyasida hech qachon yo‘q bo‘lib ketmasligi haqidagi fikrlarga qo‘shiladi, shu sababli kasallik butun jamiyat uchun grippdan ko‘ra dahshatliroq bo‘lmasligiga erishish kerak. Shu bilan birga, boshqa mamlakatlarda keng miqyosli epidemiya davom etsa ham, rasmiylar Singapur aholisi va iqtisodiyotini odatiy hayotga qaytarish harakatida.

Rejaning mohiyati nimada?
Singapur hukumatining epidemiyaga qarshi kurash uchun mas’ul vazirlari 5,7 million aholiga ega orolni “yangi normal hayot”ga o‘tkazuvchi yo‘l xaritasi hademay tayyor bo‘lishini e’lon qildi. Umuman olganda, uning yo‘nalishlari aniq. Normal hayotga o‘tish keng miqyosli vaksinatsiyalar, aholining katta qismini va orolga kelganlarni har kunlik tezkor testlardan o‘tkazish, shuningdek, virus yuqtirganlar bilan aloqada bo‘lganlarni to‘liq kuzatishni ta’minlash bilan amalga oshiriladi.

Bularning barchasi nega kerak?
COVID-19 butunlay yo‘qolib ketmaydi, balki endemik bo‘lib qoladi. Dunyo mamlakatlaridan uzilish orqali Singapur singari kichik davlatlar virusni yengib chiqishi mumkin, ammo epidemiya boshqa mamlakatlarda davom etadi. Shu bilan birga, Singapur xalqaro savdoga to‘liq bog‘lanib qolgan va orolda yakkalanib o‘tirishga qodir emas. “Virus, shu jumladan, yangi shtammlar tashuvchilarining chegaramizdan o‘tib ketishi muqarrar”, — deb yozadi vazirlar. Demak, virus bilan yashashni o‘rganish kerak, shunda kasallik jamiyat va uning a’zolariga deyarli xalaqit bermaydi.

Bunday endemik kasallikka misollardan biri bu — gripp. U bilan kasallanganlarning aksariyati kasalxonaga yotqizilmasdan davolanadi. Ammo ozchilik, ayniqsa, keksalar va tibbiy sharoiti past bo‘lgan kishilar simptomlarni boshdan kechirishi mumkin: ayrimlarigina grippdan vafot etadi.
Ammo grippni og‘ir o‘tkazish ehtimoli juda past bo‘lgani sababli odamlar oddiy ehtiyot choralarini ko‘rish yoki har yili emlanish orqali gripp epidemiyasi paytida ham kundalik faoliyatini davom ettiradi.

Koronavirusga qarshi emlash COVID-19 epidemiologik ko‘rsatkichlarini mavsumiy gripp ko‘rsatkichlariga yaqinlashtirishi kerak. Isroil bunga allaqachon erishdi, mamlakat vaksinatsiya bo‘yicha yirik davlatlar orasida yetakchi. To‘liq emlangan odamlar orasida Isroilda virus tufayli kasalxonaga yotqizilish chastotasi kuniga har 100 ming kishidan 0,3 o‘lim darajasi esa barcha yosh toifalarida har 100 ming kishidan 0,1 ni tashkil etmoqda (emlanmaganlar orasida vafot etganlar va kasallanish holatlari soni nisbatlari ancha kattaroq). 2018—2019-yillarda Qo‘shma Shtatlarda gripp tufayli kasalxonaga yotqizish va o‘lim darajasi kuniga mos ravishda har 100 ming kishiga 0,4 va 0,03 dan to‘g‘ri kelgan. 2017-2018-yillardagi grippning og‘ir epidemiyalari paytida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 0,67 va 0,05 ni tashkil etgan. Singapurda allaqachon 40 foiz aholi emlagan va yoz oxiriga kelib ushbu ulushni butun aholining uchdan ikki qismiga yetkazish niyat qilingan.

Ammo virus boshqa mamlakatlarda tarqalib, mutatsiyaga uchrar ekan, keng miqyosli emlashning o‘zi yetarli bo‘lmaydi: gullab-yashnagan mamlakat ichida ham har doim kasallik guruhlarining avj olish xavfi mavjud. Shu sababli Singapur bahorda orolda paydo bo‘lgan delta varianti tufayli fuqarolar uchun ba’zi cheklovlar bilan “yuqori darajali shaylik” rejimini joriy etishga majbur bo‘lgandi.

Singapur hukumatining vazifasi epidemiyani “odatiylik”ni buzmaydigan tarzda bartaraf etish yo‘lini topishdir. Odamlar bemalol ishlay olishi, hayotdan zavqlanishi, bayramlarni nishonlashi, ommaviy va sport tadbirlariga yig‘ilishi kerak; mamlakatga sayyohlar, chet ellik ishchilar va ishbilarmonlar kira olishi lozim, Singapur vazirlari o‘z oldiga shunday maqsad qo‘ydi.

Singapurliklar ochiq osmon ostidagi kinoteatrda spektaklni masofa saqlab tomosha qilmoqda
Foto: Reuters

Bunga qanday erishish mumkin?
Vazirlarning ta’kidlashicha, “yangi normal hayot”ga o‘tish quyidagicha bo‘ladi:
  • Koronavirus yuqtirgan odam emlangan bo‘lsa, uy sharoitida sog‘ayib ketishi mumkin, chunki vaksinatsiyadan keyin simptomlar, asosan, yengil kechadi. Agar kasallangan odamning atrofidagilar ham emlansa, virus yuqtirish xavfi past bo‘ladi.
  • Ehtimol, qayta emlanish talab etiladi, bular — rejali yillik hamda virusning yangi variantlariga qarshi maxsus vaksinalar bo‘ladi.
  • Orol rasmiylari ommaviy PZR-testlariga ortiq suyanib qolmaydi. Uzoq vaqtni oladigan va yoqimsiz testlar o‘rniga aholi muntazam ravishda (tom ma’noda har kuni) tezkor testlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Og‘riqli burun surtmalarini talab qilmaydigan “bir daqiqali” testlar hamma joyda — korxonaning nazorat punktidan tortib to ommaviy tadbirlar, restoran yoki dorixona kassasi yaqinidagi kirish joylarigacha bepul tashkil qilinadi. Xuddi shu testlar yordamida orolga kirayotganlarning hammasi tekshiriladi. Natija ijobiy chiqqan taqdirda infeksiyaga chalingan odam izolyatsiyaga olinib, tashxis PZR-testi yordamida qayta tekshiriladi.
  • Dastlabki paytlarda virusga chalinganlar bilan aloqada bo‘lgan kishilarni kuzatib borish kerak bo‘ladi. Shuningdek, ushbu kishilar bilan aloqada bo‘lganlarni ham kuzatish lozim: virus yuqtirgan odamning alomatlar paydo bo‘lishidan oldin ham koronavirusni yoya boshlashi hisobga olinsa, bu juda zarur. Singapur allaqachon aloqalarni kuzatib borish tizimiga ega, xususan, bu mobil telefonlar orqali amalga oshiriladi. (Kasallanganlarning qarindoshlari uchun TraceTogether, ular bilan bitta ommaviy tadbirda ishtirok etishi mumkin bo‘lganlarni kuzatish uchun SafeEntry tizimlari mavjud).
  • Karantin qoidalari yumshatilishi kerak: tezkor testlardan foydalanib fuqarolar tekshirilganidan so‘ng, test natijasi salbiy chiqqanlarning barchasi majburiy izolyatsiyadan ozod qilinishi kerak.
  • Infeksiyaga chalingan odamni kuzatib borish asta-sekin to‘xtaydi. “Biz natijalarga e’tibor qaratamiz”, — deb yozadi vazirlar: qancha odam simptomlarni boshdan kechirgani, qanchasi reanimatsiya bo‘limida ekani, qanchasi intubatsiya qilinishi kerakligi va hokazolar haqida statistik ma’lumotlar saqlanib qoladi. Gripp bilan kasallanganlar sonini hech kim kuzatib bormaydi-ku, faqat sog‘liqni saqlash tizimiga tushadigan yukni kuzatish muhim.
  • Barcha cheklovlar asta-sekin bekor qilinadi, yirik yig‘in va tadbirlar qayta tiklanadi. Korxonalar o‘zlarining faoliyatiga yangi karantin to‘sqinlik qilmasligiga ishonch hosil qiladi.
  • Singapurliklar yana erkin sayohat qilishi mumkin bo‘ladi, hech bo‘lmaganda virusni endemik holatga keltirgan davlatlarga. Mamlakatga tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, emlanganlar, tezkor test natijalari salbiy bo‘lgan taqdirda karantindan o‘tishi shart bo‘lmaydi
Uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin bo‘lgan yagona cheklov — virus simptomlari bor odamlarning o‘zini izolyatsiyaga olishi bo‘ladi, shunda ham test natijalari chiqqunga qadar bir muddat, xolos.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Singapur koronavirusni oddiy grippga aylantirish rejasini ishlab chiqdi. Bu qanday amalga oshiriladi?