22:42 / 30.06.2021
3 353

«Yelsin menga hukumatni qoldirmagan» — Putin 4 soat davomida savollarga javob berdi


«Bir uxlab turdim, hammasi yaxshi bo‘ldi»
Putinga o‘qituvchilardan biri vaksina olmagani sabab ishdan ketishi aytilgani haqida savol berildi. Putin hech kimni vaksina olishga majburlamaslik kerakligini aytib, Rossiyada ishlab chiqarilgan barcha 4 vaksina xavfsizligini va ularni olish mumkinligini aytdi.
«Menga tanlash imkoniyatini berishdi va Sputnik V vaksinasini tanlashga qaror qildim. Chunki harbiylarni shu vaksina bilan emlashdi, men esa bosh qo‘mondonman.

Birinchi ukolni olganda deyarli hech nimani sezmadim. Ikkinchisini esa kunduzi soat 12:00da oldim. Kechasi 00:00da issig‘im 37,2 darajaga chiqdi. Bir uxlab turdim va ertasiga haroratim 36,6 bo‘ldi. Qonimdan analiz olishdi va yuqori darajali antitana aniqlandi. Rossiyada ishlab chiqarilgan barcha vaksina ishonchli va sizlarga ham emlanishni tavsiya qilaman», dedi Putin.

«Uzr, ko‘p narsani gapirib qo‘ydim, harbiylar kechirishsa kerak»
Putin yaqinda Qrim yaqinidagi suvlikda Britaniya kemasi bilan bo‘lgan mojaroni eslab, o‘shanda nimalar bo‘lganini gapirib berdi. 23 iyun kuni Rossiya mudofaa vazirligi Britaniyaning «Defender» esminetsiga qarata ogohlantiruvchi o‘q uzganini ma’lum qilgandi. Biroq britaniyaliklar buni rad etishdi.

«Bilasizmi, o‘sha kuni tonggi soat 07:30da Gretsiyadan NATO razvedka samolyoti ham yo‘lga chiqqan va holatni kuzatgan. Bu vaziyatda biz kemani cho‘ktirib yuborsak ham, uchinchi jahon urushi boshlanmas edi. Ular Qrim bizniki ekanini tan olmasa, olmasin. Ammo bunaqa provokatsiya qilib nima kerak? Biz o‘z hududimizda o‘z manfaatimiz uchun kurashyapmiz. Ular esa minglab kilometr bosib o‘tib, bizning suv hududimizda provokatsiya qilishyapti. Uzr, men ko‘p narsani gapirib qo‘ydim. Harbiylar bu uchun meni kechirishsa kerak», dedi Putin.

Putin Ukraina bilan munosabatlar haqida gapirar ekan, bu millatni do‘st bo‘lmaganlar qatoriga kiritmasligini aytdi. «Biz bitta millat ekanimizni aytishga asos bor, deb o‘ylayman. Nega ular do‘st bo‘lmagan davlatlar qatorida emas? Chunki ukrainlar bizga do‘st bo‘lmaydigan ish qilmagan», dedi Putin.

«Pammm – miyani mana bunday qilib yoqish kerak»
Putindan Bayden bilan uchrashuv haqida ham so‘rashdi. «Amerikada Bayden siyosatda ko‘p narsani hal qilmasligini aytishadi. Agar shunday bo‘lsa, u bilan uchrashishdan nima foyda?» deb so‘radi bir rossiyalik.

Putinga bu savol yoqdi va bajonidil gapirdi. Bu savolga javob berar ekan, Putin navbatdagi marta Amerikani troll qilishga ham imkon topdi: «Nega endi, AQSH prezidentiga juda ko‘p narsa bog‘liq. Ular Rossiya dunyo siyosati uchun hal qiluvchi davlatlaridan ekanini tan olishadi va shu sabab Jenevadagi uchrashuv tashkil etildi. Biroq buni tan olishni istamaydigan siyosatchilar ham bo‘lgani uchun sanksiya va tahdidlar bo‘ladi. Ular bir narsani tushunishi kerak: qancha sanksiya kiritishmasin, Rossiya rivojlanishda davom etmoqda».

Putin bu savolga javob berar ekan, negadir o‘z tanish oilasidagi bir holatni gapirib, hammani kuldirdi: «Bir tanishimning oilasida hali gapirishni ham bilmaydigan bolasi bor. Unga onasi biror xato qilsa, «kallangni ishlat», deb aytadi. Bolakay esa qo‘lini peshonasiga qo‘yib pamm, deb kallasini ishlatadi», dedi Putin qo‘lini peshonasiga qo‘yib ko‘rsatib.

«Yelsin menga hukumatni qoldirmagan»
Putindan hukumatni Yelsindan qabul qilib olgani va o‘rniga kim kelishi haqida so‘rashdi. Rossiya prezidenti esa hukumatni hech kimdan qabul qilib olmaganini aytdi: «Boris Yelsin hukumatni menga topshirgani yo‘q. Qonunlarimizga ko‘ra, vaqtincha prezident sifatida hukumat rahbari tanlanadi. O‘sha vaqtda bu lavozimda men edim. Oldinroq men FXX direktori bo‘lganimda Yelsin menga Xavfsizlik kengashi direktori bo‘lishni taklif qilgandi. O‘rnimga kimnidir taklif qilish kerak bo‘lgan va ajablanarlisi, men taklif qilgan odamlar rad javobini bergan. Chunki mamlakatda qiyin damlar edi va mas’uliyatni bo‘yniga olishni hamma ham xohlamasdi. Menga ham Yelsin [vaqtincha prezidentlikni] taklif qilganida, rad etganman. Biroq oxir-oqibat mamlakatni kim boshqarishini tanlash fuqarolarning tanloviga bog‘liq.

Mamlakatni [mendan keyin] boshqaradigan odam haqida gapiradigan bo‘lsam, almashtirib bo‘lmaydigan odam bo‘lmaydi. Mening zimmamda bu odamga [ketish oldidan] maslahat berish kiradi, xolos. Hamma davlatlarda shunday bo‘ladi. Umid qilaman, Rossiyadek ajoyib davlatni boshqara oladigan odam qanday bo‘lishi haqida gapiradigan vaqt keladi», deydi Putin o‘rniga keladigan odam haqidagi savolga.
Putindan u kimga bo‘ysunishi haqida ham so‘rashdi. Rossiya prezidenti esa kutilganidek, faqat va faqat uni saylagan xalqqa bo‘ysunishini aytdi.

Rossiya prezidentiga maktab o‘quvchilaridan biri Qorabog‘ mojarosini hal qilishdagi roli uchun minnatdorchilik bildirdi. Putin bu borada ham qisqacha gapirdi. «Chindan Rossiya Qorabog‘ muammosini hal qilishda muhim rol o‘ynadi. Hududda mojaro rivojlanishini Armaniston ham, Ozarboyjon ham, Qorabog‘dagilar ham xohlamagandi. Axir doim urush xavfi bilan yashab bo‘lmaydi-ku. Hududda muammolar yig‘ilib qolgandi. Masalan, normal infratuzilmani shakllantirish, davlat chegaralarini kelishish muammolari. Menimcha, Qorabog‘dagi muammolarni hal qilishda asosiy tashabbuskor mahalliy aholi bo‘lishi kerak», dedi Putin.

«Ular uchun qarorni Berlin, Vashington qabul qiladi, nega men u bilan uchrashishim kerak?»
Putin Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv haqidagi savolga javob berar ekan, bundan mantiq yo‘qligini aytdi. «U mamlakatini to‘laligicha tashqi boshqaruvga berib qo‘ydi. Ukraina uchun qarorlar Berlin va Vashingtonda qabul qilinsa, u bilan uchrashuvdan nima foyda?» dedi Rossiya yetakchisi.

«Bu sport, uni mutaxassislar muhokama qilgani yaxshi»
Putindan Yevro-2020dagi muvaffaqiyatsizlik haqida so‘rashdi. Prezident shunday javob berdi: «Bu sport, unda g‘alaba ham, mag‘lubiyat ham bo‘ladi. Hokkeyda ham, futbolda ham. Bu boradagi xulosalarni mutaxassislarga qoldirgan ma’qul. Bunday natijalar hamma yerda bo‘lishi mumkin, bundan fojia yasash kerak, deb o‘ylamayman. Xatolarni ko‘rib, oldinda yurishda davom etish kerak. Bizda imkoniyatlar shubhasiz yuqori», dedi Putin futboldagi muvaffaqiyatsizlik haqida.

Putindan sabzining narxi ko‘tarilgani haqida so‘rashdi
Sabzi faqat O‘zbekistonda qimmatladi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, Rossiyada ham shu muammo ekan. Putindan ham nega Ekvador bananining bir kilosi 73 rubl, qo‘shni tumandan keltirilgan sabzi esa 110 rubl turishini so‘rashdi. Prezident bunga javoban, butun dunyoda mahsulotlar narxi ko‘tarilganini aytib, o‘tgan yil Rossiyada shakar va moy narxi ko‘tarilganini esladi. «Afsuski, biz hamon o‘zimiz uchun yetarli sabzavot yetishtira olmayapmiz», dedi Putin.

Rossiya prezidenti mamlakatda ijtimoiy tarmoqlarni bloklash rejasi yo‘qligi, ammo ular Rossiya qonunlariga amal qilishi kerakligini aytdi. «Biz ularga bolalar pornografiyasi, o‘z joniga qasd qilishga undaydigan, Molotov kokteyli yasashni o‘rgatadigan videolar qo‘ymoqdasizlar, ularni o‘chiring, deyapmiz, ular esa quloq solishmayapti», dedi Putin.

Jonli muloqot vaqtida qiziq voqea sodir bo‘ldi. Ketma-ket bir necha savol beruvchilar bilan aloqa o‘rnatish qiyin bo‘la boshlagach, boshlovchi aloqa yomonligiga hakerlar hujumi sabab bo‘layotganini aytdi.

Jonli muloqot oxirida Putinga odatdagidek blis savollar bilan murojaat qilishdi.
– Til o‘rganish borasida xatolaringiz bormi? Masalan, Nemis tilida xatolaringizni bilasizmi?
– Bu borada so‘zlarni eslab qolish qiyin, chunki ularni doim ishlatib turish kerak. Inglizchada ham shunday muammo. Ona tili emas axir.
– Ko‘ylaklaringizni kim tozalaydi?
– Men yashaydigan joyda ximichistka bor. U yerda ayollar ishlashadi, nomi nima ekanini ham bilmayman. Vaziyatdan foydalanib bu ajoyib insonlarga rahmat demoqchiman. Doim ko‘ylaklarimni kiyganda ular yangiday turadi.
– Prezident sifatida asosiy yutug‘ingizga erishdingizmi?
– Yo‘q, bu hali oldinda.
– Siz yoqtiradigan san’at namunalari.
– «Urush va tinchlik», Chaykovskiyning birinchi konserti va «Bo‘g‘irsoq» ertagi (Kolobok).
– Baxtli bo‘lish uchun nima qilish kerak?
– Bu uchun o‘z ehtiyojlarini bilish va o‘z imkoniyatlarini amalga oshirish kerak.
– Iste’fodan keyin qayerda ishlaysiz?
– Iste’fodan keyin ishlab nima kerak? Pechkaning oldida o‘tiraman.
– Sizdan keyin qanday Rossiya qolishini istaysiz?

«Afsuski bir vaqtlar SSSR tarqalib ketdi. Oqibatda mamlakat yarim aholisi, hududi va iqtisodini yo‘qotdi. SSSRni tiklash mantiqsiz va imkonsiz narsa. Chunki bu borada hal qilib bo‘lmaydigan muammolarga duch kelamiz. Biz Rossiyani rivojlantirish haqida o‘ylashimiz kerak. Shuncha yo‘qotishlarga qaramay, biz hamon dunyodagi eng katta davlatmiz, bizda hammadan ko‘p mineral boyliklar bor va ulardan foydalanishimiz kerak. Asosiy boyligimiz bankdagi oltin zaxiramiz emas, xalqimiz. Ko‘p millatli rus xalqi oliy darajadagi ruhiyatga ega. Bu esa juda muhim, ayniqsa zamonaviy dunyoda.

Chunki bu dunyo zamonaviy texnologiya bilan bog‘liq, xalqimiz esa fanni sevadi. Bizda ko‘pchilik farzandlari fan bilan shug‘ullanishini xohlaydi, ular fanda pul ko‘p emasligini bilib ham shuni xohlashadi. Bu bizning imkoniyatimiz juda katta ekanini ko‘rsatadi. Xalqning bunday imkoniyati har qanday iqtisodiy ko‘rsatkichdan muhim. Asosiysi esa biz buyuk davlatda yashayapmiz», deb so‘zini yakunladi Putin oxirgi savolga javobini.

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Yelsin menga hukumatni qoldirmagan» — Putin 4 soat davomida savollarga javob berdi