09:46 / 05.07.2021
2 231

G‘arb davlatlari mojaroli hududlardan ketmoqda. Terrorga qarshi urush tugadimi?


So‘nggi vaqtlarda G‘arbning bir necha davlati butun dunyo bo‘ylab «qaynoq nuqtalar»dagi harbiylarini olib ketish qarori haqida ma’lum qildi. NATO harbiylari Afg‘onistonni tark etmoqda, Fransiya Malidagi kontingentini sezilarli darajada qisqartirmoqda; Buyuk Britaniya va G‘arbning boshqa davlatlari bundan buyon Iroqdagi harbiy harakatlarda ishtirok etmaydi. Bu 20 yil muqaddam AQSH prezidenti kichik Jorj Bush e’lon qilgan «terrorga qarshi urush» nihoyalangani, G‘arb davlatlari armiyalari ziddiyat o‘choqlaridagi harbiy harakatlarda ishtirok etish davri tugaganini anglatadimi?

Hozircha bunday emas: G‘arb hamon Afrika Saxel mintaqasida (Mali, Jazoir, Nigeriya, Kamerun, Sudan va Eritreya) radikal kuchlarga qarshi faol kurashishda davom etmoqchi. Ammo bunday missiyalar qanday amalga oshirilishi kerakligi bo‘yicha qayta baholash ishlari o‘tkazilmoqda.

Olis hududlarda keng ko‘lamli va uzoq muddatli harbiy kampaniyalar olib borish juda qimmatga tushadi - bunda gap nafaqat ko‘p qon to‘kilishi, balki katta moliyaviy xarajatlar va ushbu kampaniyalarni olib borayotgan davlatlarning siyosiy obro‘yi haqida ham ketadi.

G‘arbning AQSH boshchiligida Afg‘onistonda boshlagan harbiy amaliyoti 1 trln dollardan ortiqroqqa tushgan, 20 yil mobaynida tomonlar minglab odamlarni yo‘qotgan: afg‘on harbiylari, tinch aholi vakillari, G‘arb davlatlari harbiy xizmatchilari hamda qonuniy hukumatga qarshi kurashuvchi tomonlar jangchilari.

G‘arb davlatlarining Afg‘onistondagi harbiy mavjudligi avj pallasiga chiqqanida - 2010 yilda - ularning kontingenti 100 ming kishidan oshardi. Ammo hozirga kelib, amerikaliklarning mamlakatga kirishidan 20 yil o‘tib qolgan bir necha minglik qo‘shin ham mamlakatni tark etishga kirishdi, «Tolibon» esa yanada ko‘proq hududlarni egallab ola boshladi.

«Axillning tovoni»
Biror davlat xorijda isyonchi kuchlarga qarshi qanchalik uzoq vaqt urush olib borsa va bunday tashqi aralashuvning ko‘lami qanchalik kengaysa, shunchalik ko‘p murakkabliklarga duch keladi.

Франция 2013 йилда Малига қўшин киритган / Getty Images
Urushlarning «Axill tovoni» - eng zaif nuqtasi yaralanganlar va qurbonlar soni hisoblanadi. Harbiy yo‘qotishlar urush boshlaganlarning obro‘sini to‘kadi.

Vetnamdagi urushda 58 mingdan ortiq amerikalik askar halok bo‘lgan, sovetlar armiyasi afg‘on kampaniyasida qariyb 15 ming kishini yo‘qotgandi - yo‘qotishlar bu kampaniyalar natijaga erishmasdan tezroq tugatilishiga olib kelgan. 2013 yildan buyon Malida kamida 50 nafar fransuz harbiysi o‘ldirilgan - shu ham Fransiya urushdan chiqishi uchun yetarli bo‘ldi.

Bundan tashqari, har doim rejalashtirilganidan ko‘ra ko‘proq moliyaviy xarajatlar bo‘ladi. 2015 yilda Saudiya Arabistoni Yamandagi fuqarolar urushiga aralashdi, ammo qisqa muddat uchun mo‘ljallangan bu kampaniya olti yil o‘tsa ham davom etmoqda. Uning Saudiya Arabistoni budjetiga keltirgan zarari 100 mlrd dollarga baholangan.

Harbiy kampaniyalar davrida tez-tez inson huquqlari buziladi - bu ham kutilmagan va juda og‘ir asoratlarga ega.
AQSHning havo zarbalari to‘y marosimlari vaqtida o‘nlab odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan, saudiyalik uchuvchilarning bombalari tufayli Yamanda tinch aholi qirilgan, arab alyansi ishtirokchilaridan biri Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi ham shu mamlakatda inson huquqlari buzilishi bo‘yicha ayblovlar ilgari surilgan.

Bularning barchasi ushbu davlatlar nufuziga jiddiy ziyon yetkazgan. Masalan, BAA bilan bog‘liq holatda yuk konteynerlariga qamalgan mahbuslar bo‘g‘ilib o‘lganiga oid guvohliklar paydo bo‘ldi - bu mojaro oxir-oqibat ushbu mamlakat hukumatining Yaman urushidagi ishtirokini to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.

Shuningdek, isyonchilarga qarshi urush olib boruvchi davlat hukumati ular bilan hokimiyatni taqsimlash bo‘yicha kelishuv tuzib olish ehtimoli ham bo‘lad. Mali rasmiylari radikal kuchlar bilan maxfiy muzokaralar olib borayotgani haqida xabarlar tarqalganida, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron fransuz harbiylarini ushbu mamlakatdan to‘liq olib ketish bilan tahdid qilgandi.

Britaniyalik iste’fodagi polkovnik Jeyms Kanliffning so‘zlariga ko‘ra, Iroqda «Eron ta’siri bo‘yicha real xavflar mavjud, ayniqsa gap shialarning harbiy bo‘linmalari haqida ketganda».

2001 yilda Afg‘onistonda hukumatdan chetlatilgan «Tolibon» harakati hokimiyatga qaytishi oydinlashmoqda. G‘arb xavfsizlik xizmatlaridan birining rasmiysi Afg‘onistonda hukumat o‘zgarsa, G‘arb bilan razvedka sohasidagi hamkorlik ham to‘xtatilishi haqida aytib o‘tgan.

Oddiy yechimlar yo‘q
Ko‘rinib turibdiki, parokanda bo‘lgan davlatlar va xavfli diktatorlar masalasiga oddiy yechimlar yo‘q. Quyida so‘nggi misollar ko‘rib chiqiladi.

Iroq, ziddiyat 2003 yildan hozirgacha davom etib kelmoqda. AQSH yetakchiligida va Buyuk Britaniyaning faol qo‘llab-quvvatlovi bilan boshlangan G‘arb kuchlarining yirik harbiy kampaniyasi ko‘p yilga cho‘zildi va isyonchilarga qarshi qonli janglarga ulanib ketdi. So‘nggi yillarda ma’lum siljishlarga erishilganiga qaramay, kampaniya qoldirgan izlar shu qadar dahshatliki, bu siyosatchilarni Yaqin Sharqda keng ko‘lamli urushlar olib borish g‘oyasidan voz kechishga undamoqda.

G‘arb kuchlari bostirib kirganidan keyin Iroqda ko‘p yillik urush boshlanadi / Reuters
Liviya, ziddiyat 2011 yildan hozirgi kunga qadar saqlanib qolmoqda. NATO aviatsiyasi bir muddat davomida mamlakatdagi parvozlardan xoli qilingan havo kengliklarini nazorat qildi, ammo G‘arb harbiylari ushbu mamlakatga katta kontingent sifatida keltirilmagan. Shu bilan birga, G‘arb davlatlarining sa’y-harakatlari 2011 yilda Qazzofiy rejimi muxoliflari g‘alabasi uchun kifoya qiladi. Muammar Qazzofiy o‘ldirilgach, mamlakatda fuqarolik urushi boshlanib ketadi, unda turli radikal guruhlar turli tomonlarda turib urushib kelmoqda. Avvaliga ko‘plab liviyaliklar G‘arb davlatlaridan minnatdor bo‘lishgandi, ammo keyinchalik G‘arb ularni taqdir izmiga tashlab qo‘ydi.

Suriya, ziddiyat 2011 yildan hozirga qadar davom etmoqda. G‘arb davlatlari Bashar Asad rejimi va suriyalik isyonchilar o‘rtasidagi fuqarolik urushda qatnashishni unchalik istashmadi, natijada bu urushning asosiy o‘yinchilari Rossiya, Eron va Turkiya bo‘lib qoldi. Bu mamlakatda 10 yildan buyon zo‘ravonliklar davom etmoqda.

ISHID. Bu so‘nggi vaqtlardagi yagona muvaffaqiyatli yakunlangan harbiy kampaniya bo‘lib, unda dunyoning 80dan ortiq mamlakati qatnashdi va o‘zini «Islom davlati» deb nomlagan jangarilarning beshafqat va noinsoniy xalifaligi tugatildi. Ammo buning uchun besh yil ketdi, kampaniya shaharlarni vayron qiluvchi aviatsiya hujumlari va qanchalik noqulay bo‘lmasin,  Iroqdagi Eron ta’sirida bo‘lgan jangarilar orqali olib borildi. Hozirda ISHID g‘oyalari Afrikada keng yoyilmoqda.

Mali, ziddiyat 2013 yildan hozirga qadar davom etmoqda. Fransiyaning harbiy aralashuvi mamlakat poytaxti Bamako shahri «Al-Qoida»ga aloqador jangarilar qo‘liga o‘tib ketishining oldini olgandi. Ammo jangarilar bilan urush sakkiz yildan keyin ham tugamadi - bu vaqtda dunyoning turli mamlakatlaridan minglab harbiylar urushga jalb etildi. Yaqinda Fransiya prezidenti Mali hukumatining harakatsizligidan g‘azabga mindi va o‘z kontingentini qisqartirish niyatini bildirdi.

Kelajakda nima bo‘ladi?
Agar keng ko‘lamli harbiy intervensiyalar davri tugagan bo‘lsa, o‘rnini nima egallaydi?
Buning javobini iyun oyi boshida Qirollik birlashgan xizmatlar institutida Quruqlikdagi urush bo‘yicha o‘tgan konferensiyada chiqish qilgan Britaniya Bosh shtabi rahbari general ser Mark Karlton Smitning nutqidan topish mumkin.

Qorabog‘dagi urushda arman tanklari ozarlar dronlari uchun oson o‘ljaga aylandi / EPA
Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy armiya «ko‘proq tarmoqlashgan, ko‘proq ekspeditsiyali, tez joylashtiriluvchi, bir-biri bilan ko‘proq raqamli bog‘langan, har bir askarga sun’iy yo‘ldosh ulangan va maxsus operatsiyalar brigadasiga markazlashgan bo‘ladi».
Ya’ni urush hududlarida quruqlikdagi askarlarning soni kamaytirilishi armiyalar ko‘proq eng zamonaviy raqamli texnologiyalarga, shu jumladan, sun’iy intellektga suyanishini taqozo etadi.

So‘nggi harbiy harakatlarda kuzatilgan tendensiya strategik ustuvorliklarni tubdan o‘zgartirish undadi. O‘tgan yil kuzida Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida yuz bergan qisqa muddatli urushda armanlarning tanklari ozarlarga Turkiya tomonidan yetkazib berilgan arzon, uchuvchisiz dronlari yordamida yo‘q qilindi. Bu apparatlar boshqaruvchi hayotiga xavf tug‘dirmagan holda nishonga zarba beradi.

Shuningdek, ancha vaqtdan buyon e’tibordan qolgan yollanma jangchilar Afrikada jang maydonlariga qaytishini ko‘rib turibmiz. Eng yorqin misol - rossiyaliklarning «Vagner» xususiy-harbiy kompaniyasi, bu guruh Moskvaga G‘arbiy Afrika, Liviya va Mozambikdagi harbiy harakatlardagi ishtirokini inkor etish imkonini bermoqda.

Vashingtondagi Atlantika kengashi eksperti Shon Makfeyt aytganidek, «Markazida davlatlar bo‘lgan dunyo tartiboti o‘z o‘rnini davlatlarsiz urushga bo‘shatib bermoqda». Ammo bular bundan keyin xorijiy missiyalar bo‘lmasligini anglatmaydi.

Fransiya, katta ehtimol bilan Mali va Saxelda «Barxan» operatsiyasini yakunlaydi va minglab harbiylarni uyga qaytaradi. Ammo bu mintaqada BMT harbiylari faoliyat ko‘rsatishda davom etadi va fransuzlar ham hududda terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro missiyada ishtirok etish uchun ma’lum miqdordagi harbiylarini qoldiradi.

NATOning Iroqdagi missiyasi mahalliy kuchlarni o‘qitishda va ularga texnik ko‘mak ko‘rsatishda davom etmoqda. Ammo Afg‘oniston bilan bog‘liq vaziyatda G‘arb eng kerakli vaqtda ittifoqchilarini tashlab ketmoqda: mahalliy hukumat armiyasi «Tolibon», «Al-Qoida» va ISHID kuchlariga qarshi yolg‘iz kurasha olmaydi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘arb davlatlari mojaroli hududlardan ketmoqda. Terrorga qarshi urush tugadimi?