17:37 / 08.07.2021
2 100

Germaniyada taniqli siyosatshunos Xitoyga josuslik qilishda ayblanmoqda


Germaniya federal prokuraturasi Transmilliy tadqiqotlar instituti (ITS) asoschisi va rahbariga Xitoyga josuslik qilish bo‘yicha ayblovlar bildirdi. Prokuratura hujjatlarida ayblanuvchi ismi-sharifi Klaus L. deb ko‘rsatilgan. Nemis OAV fikricha, gap 75 yoshli Klaus Lange haqida bormoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchi 2010 yilda Shanhaydagi Tunszi universitetida ma’ruzalar o‘qigan vaqtida Xitoy razvedkasi tomonidan yollangan. U 2019 yil noyabrgacha muayyan haq evaziga xitoylik kuratorlariga axborot berib kelgan. U axborotni institutdagi faoliyati davomida siyosiy doiralarda orttirgan ko‘plab tanishlari orasida to‘plagan.

Uning kuratorlari bilan uchrashish uchun Xitoyga va boshqa davlatlarga safarlarini qabul qiluvchi tomon to‘lab bergan. Klaus L. 2019 yil noyabrdagi shunday safarlaridan biri oldidan nemis politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan. Uning uyida o‘tkazilgan tintuv vaqtida kompyuterlar va qattiq disklar olingan.

Bu orada ARD nemis telekanali Klaus L. qo‘sh agent bo‘lgani va 50 yil avval Germaniya federal razvedka xizmati (BND) uchun ishlashni boshlaganini aniqlagan. U BND’ni pul evaziga axborot bilan ta’minlab turgan.

Klaus L. 1980-yillar boshida siyosiy tadqiqotlar jamg‘armasida ishlagan va o‘z ishi davomida tez-tez xorijga ma’ruzalar o‘qigani chiqib turgan. U jumladan, sobiq ittifoq va keyinchalik Rossiyada, Janubi-Sharqiy Osiyo, Bolqon davlatlari, JARda bo‘lgan. U jamg‘armadagi faoliyatidan keyin o‘z institutini tashkil etgan.

ARD’ning xabar berishicha, Klaus L. 2010 yilda nemis razvedkasini Xitoy maxsus xizmatlari unga qiziqish bildirayotganidan xabardor qilgan. Germaniya maxsus xizmati esa xitoyliklar nima istayotganini bilish uchun unga aloqani davom ettirishga ko‘rsatma bergan. Biroq ayblanuvchi Xitoy razvedkasi bilan keyingi aloqalari haqida BND’ni voqif qilmagan va xitoyliklar bilan yaqindan ishlashni boshlagan. Ta’kidlanishicha, hozircha Xitoy Klaus L. BND bilan aloqaga ega bo‘lganidan xabardorligi yoki yo‘qligi aniqlanmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniyada taniqli siyosatshunos Xitoyga josuslik qilishda ayblanmoqda