13:33 / 09.07.2021
2 672

«Tolibon» Moskvadagi muzokaralarda Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va’da berdi


Foto: «TASS»
«Tolibon» harakati Rossiya diplomatlarini Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzish niyati yo‘qligiga ishontirdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga tayanib, «RBK» xabar bermoqda.

Moskvaga muzokaralar o‘tkazish uchun «Tolibon»ning Qatar idorasi delegatsiyasi yetib keldi, unga shayx Shahobiddin Dilovar rahbarlik qildi. «Tolibon»ning Qatardagi vakolatxonasi bir necha yillar davomida guruhning AQSH va Afg‘oniston hukumati bilan muzokaralar o‘tkazadigan maydoni bo‘lib xizmat qilgan.

«Tolibon» vakillari bilan muzokaralarni Moskvada prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili va ushbu mamlakatdagi sobiq elchi Zamir Kabulov olib bordi.

«Rossiya tomoni Afg‘oniston shimoliy tumanlarida keskinlikning oshishi yuzasidan xavotir bildirdi va uning mamlakat chegaralaridan tashqariga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. «Tolibon» esa Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va’da berdi hamda Afg‘oniston hududidagi deiplomatik va konsullik missiyalari xavfsizligini kafolatladi», — deyiladi TIV xabarida.

Qo‘shimcha qilinishicha, «Tolibon» boshqa bir terrorchilik guruhi — ISHID tomonidan keladigan xavfga qarshi kurashga va «mamlakat hududida narkotiklar ishlab chiqarishni tag-tubi bilan yo‘q qilishga» qat’iy kirishishga so‘z berdi.

«Tolibon» vakillari Moskvaga Afg‘onistonda ular tomonidan hukumat qo‘shinlariga qarshi hujumlar boshlangan bir paytda yetib keldi. Afg‘onistondan AQSH o‘z qo‘shinlarini chiqarib ketishni boshlagach, «Tolibon» o‘z jangovar harakatlarini faollashtirdi.

Hukumat kuchlarining harbiy xizmatchilari, xususan, Tojikiston hududiga chekinmoqda, u yerda Rossiyaning o‘z hududidan tashqaridagi eng yirik harbiy ob’ekti — 201-harbiy bazasi joylashgan. 5 iyul kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Afg‘oniston bilan chegarada vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Tojikistonga yordam berishni va’da qildi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Moskvadagi muzokaralarda Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va’da berdi