13:17 / 10.07.2021
2 570

Rossiyada chet elliklarga vaqtincha yashash ruxsatnomasi berishni bekor qilish taklif qilindi


Foto: «RIA Novosti»
Rossiya Ichki ishlar vazirligi chet elliklarning Rossiyaga kirish va qolish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritadigan qonun loyihasini tayyorladi va muhokama uchun taqdim etdi. Vazirlik, xususan, vaqtincha yashash ruxsatnomalaridan foydalanishni bekor qilishni taklif qilmoqda.

Qonun loyihasida chet elliklar uchun Rossiyada bo‘lishning uchta migratsiya rejimini joriy etish taklif etiladi:
  • qisqa muddatli qolish rejimi — kalendar yil davomida 90 kundan ortiq bo‘lmagan;
  • uzoq muddatli qolish rejimi — vaqtincha ruxsatnomasini olmasdan yil davomida 90 kundan ortiq;
  • doimiy muddatsiz qolish rejimi.
Shu bilan birga, migrantlar Rossiyada qolish uchun elektron ko‘tarib yuriladigan bitta hujjat olishi kerak bo‘ladi. U keyinchalik almashtirish sharti bilan o‘n yil muddatga beriladi. Hujjatni olish uchun daktiloskopik (barmoq izlari bilan) ro‘yxatdan o‘tish, fotosuratga tushish va tibbiy ko‘rikdan, shu jumladan, giyohvandlik, yuqumli kasalliklar va OIV bo‘yicha tekshiruvdan o‘tish lozim.

Amaldagi qonunchilikka binoan Rossiyada vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomalar chet elliklarga hukumat kvotasi bo‘yicha uch yil muddatga beriladi. Bu Rossiya fuqaroligini olish uchun zarur bo‘lgan birinchi hujjat.

Shuningdek, vazirlik Rossiyaga chet elliklarni taklif qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish qoidalarini buzadigan jismoniy va yuridik shaxslarning reyestrini yaratish zarur deb hisoblaydi. Unga noqonuniy migratsiyani tashkil qilish, soxta migratsiyani ro‘yxatdan o‘tkazish, chet elliklarning kirishi uchun hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritiladi.

Bundan tashqari, reyestrda taklif qiluvchi tomonning majburiyatlarini bajarmagani yoki chet el fuqarosining yashash maqsadi to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot bergani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilganlar ko‘rsatilgan bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada chet elliklarga vaqtincha yashash ruxsatnomasi berishni bekor qilish taklif qilindi