09:00 / 14.07.2021
2 034

Britaniyalik Richard Brenson shaxsiy uchog‘ida koinotga chiqdi


Foto: VIRGIN GALACTIC
Parvoz AQShning Nyu-Mexiko shtatidan amalga oshirildi. U mahalliy vaqt bilan ertalab soat 08:30 da boshlanib, bir soat davom etdi. Parvoz Virgin Galactik kompaniyasi tomonidan jonli translatsiya qilindi va unda milliarder Yerning juda go‘zalligi haqida gapirib, hamkasblariga kosmik apparatni qurganlari uchun minnatdorchilik bildirishga ham ulgurdi.

Brenson Yerga qaytgach, jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, koinotdan sayyorani tomosha qilish juda ajoyib hissiyotlar taqdim etishini aytdi. U quvonchi ichiga sig‘may, Unity'ning ilk tijoriy parvozi uchun ikkita o‘rinni o‘ziga xos viktorina tarzida g‘oliblarga bepul taqdim etishini ma'lum qildi. Brensonga 5 nafar fazogirlar hamrohlik qilishdi. Virgin Galactic kompaniyasi allaqachon sayyohlarni kosmosga olib uchish bo‘yicha harakatni boshlab yuborgan va ilk tijoriy parvoz keyingi yildan amalga oshiriladi. Kompaniyaning samolyot-raketasi sayyohlarni olib uchishidan avval milliarder shaxsan o‘zi unda parvoz qilishga qaror qildi.
Foto: VIRGIN GALACTIC
Brenson 2004 yilda Virgin Galactic kompaniyasiga asos solgan va o‘shandayoq kosmosga uchish niyatini aytgan edi. O‘shanda milliarder ko‘pi bilan 2007 yilda sayyohlarni koinotga olib uchishini ma'lum qilgandi, biroq jarayon 2021 yilda ham to‘liq tashkillashtirilgani yo‘q. Bu yo‘l Brenson uchun juda qiyin kechdi, biroq milliarder harakatdan to‘xtamadi. 2014 yilda uning raketaplani halokatga uchragan, oqibatda uchuvchi halok bo‘lgandi.

«Men koinotga uchishni bolaligimdan orzu qilaman. Umid qilamanki, yaqin 100 yil ichida bunday imkoniyatni yuz minglab odamlarga taqdim eta olaman. Nega odamlar koinotga uchmasligi kerak? Mening istagim shuki, ular ajoyib sayyoramizga yuqoridan qarab, Yerga qaytgach, uni asrash uchun qo‘llaridan kelganicha harakat qilishsin», degan edi VVS bilan suhbatda Brenson.
Brensonning kompaniyasida yasalgan o‘ziga xos raketa samolyot shaklida. Samolyot tashuvchi qism raketani 15 km tepagacha ko‘taradi. Keyin xuddi oddiy raketa kabi ajralib chiqib, o‘z dvigateli orqali ovoz tezligidan ham uch baravar kattaroq tezlikka ko‘tarilib, Yer atmosferasi va koinot chegarasigacha uchib boradi. Yer atmosferasi va koinotning chegarasi 100 km tepada joylashgan. Shu sabab maksimal parvoz balandligi 90 kmni tashkil etishi aytiladi. Undan tepada Yer tortish kuchi ishlamaydi.
VSS Unity «Amerika» kosmodromi angarida. 2021 yil 10 iyul
Virgin Galactic / Reuters / Scanpix / LETA
Unity – suborbital raketaplan hisoblanadi. Ya'ni u Yer atrofida uchishga imkon beradigan darajada balandlik va tezlikka erisha oladi. Bu borada Brensonga raqobatchi dunyoning eng boy odami Jyeff Bezos hisoblanadi. Amazon asoschisiga qarashli New Shephard loyihasi shunga o‘xshash raketa va kapsuladan iborat. Bezos 2000 yildayoq Blue Origin kompaniyasiga asos solgan va yaqinda 20 iyul kuni koinotga parvoz qilishini ma'lum qilgandi.
New Shephard Foto: BLUE ORIGIN
Darvoqe, Jyeff Bezos Tvitterda Brensonni tabriklashga ulgurdi: «Tabriklayman, Richard. Tez orada safingga qo‘shilaman», deb yozdi milliarder.

Bezosning uchog‘i 100 km balandlikka ko‘tarilishni maqsad qilgan. Ya'ni uning parvozi Brensonnikidan balandroq bo‘ladi. Dunyoning eng boy odamiga parvoz davomida akasi Mark, parvoz uchun 28 million dollar to‘lagan va kimligi noma'lum yo‘lovchi, shuningdek, 82 yoshli fazogir Uolli Fank hamrohlik qiladi.

Brensonning aytishicha, Virgin Galactic bilan koinotga uchishni allaqachon 600 kishi kutib turibdi. Ular chipta uchun oldindan qisman to‘lov ham qilib bo‘lishgan. Biroq Bezos bu borada rejalarini ma'lum qilganicha yo‘q. Ikki milliarder o‘rtasida jiddiy biznes raqobat ketayotgan bo‘lsa-da, ular telefon orqali bir birining ishlariga rivoj tilashgan.
Koinotga xususiy parvozlar «poyga»siga oldinroq dunyoning yana bir eng boy insonlaridan Ilon Mask qo‘shilgandi. Uning Space X kompaniyasi allaqachon koinotga fazogirlarni olib uchdi va ularni muvaffaqiyatli qo‘ndirdi. Uning kemalari xalqaro kosmik stansiyaga yuklar yetkazib berdi va yuzlab sun'iy yo‘ldoshlarni Yer orbitasi bo‘ylab joylashtirib chiqdi. Chunki Mask o‘zining sun'iy yo‘ldoshli internet tarmog‘ini tashkil qilishni rejalashtirgan.

Ma'lumot uchun, 2020 yilgacha amerikalik kosmonavtlar faqat Rossiya havo kemalari orqali koinotga chiqishgan. Chunki ularning oldingi bir nechta parvozi muvaffaqiyatsiz chiqqan va odamlar halok bo‘lgan. Ilon Maskning xususiy kosmik kompaniyasi koinotga parvozlarni davlatlarning ishtirokisiz va ancha arzonga amalga oshirish mumkinligini ko‘rsatib berdi. AQSh xususiy kompaniyalarining oxirgi yillardagi muvaffaqiyatli faoliyati Amerika fazogirligi sezilarli o‘sishga erishganini ta'minladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Britaniyalik Richard Brenson shaxsiy uchog‘ida koinotga chiqdi