23:16 / 18.07.2021
2 641

«Tolibon» Afg‘onistondagi muammolarni muzokaralar yo‘li bilan hal qilish istagini bildirdi


Foto: Depositphotos
Afg‘onistondagi «Tolibon» harakati yetakchilaridan biri Hibatulla Oxunzoda 18 iyul, yakshanba kuni mamlakatdagi ziddiyat siyosiy yo‘l bilan tartibga solinishini yoqlab chiqdi, deb yozadi «Interfaks».

«Muvaffaqiyatlarga qaramay, islom amirligi (‘Tolibon’ guruhi Afg‘onistonni shunday deb ataydi) mamlakatning siyosiy tartibga solinishini qo‘llab-quvvatlaydi», — deya uning bayonotini keltirib o‘tdi Tolo News telekanali.

U Qatarning Doha shahrida Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» harakati vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida shunday pozitsiyani bildirib o‘tdi.
«Kelinglar, muammolarimizni o‘zimiz hal qilaylik, kelinglar, mamlakatimizni inqirozdan qutqaramiz», — dedi u.

Afg‘oniston hukumati vakillari va «Tolibon» a’zolari o‘rtasidagi muzokaralar mamlakatdagi vaziyat keskinlashuvi fonida bo‘lib o‘tmoqda. «Tolibon» mamlakatning turli nuqtalaridagi hududlarning katta qismini o‘z nazorati ostiga olgan.

Bu orada AQSH Afg‘oniston armiyasiga uchta Black Hawk vertolyotini yetkazib berdi. Bu haqda Afg‘oniston Mudofaa va xavfsizlik kuchlari matbuot kotibi general Ajmal Umar Shinvariy ma’lum qildi.

Avvalroq Afg‘oniston prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamdulla Muhib AQSH yaqin orada Afg‘oniston Harbiy-havo kuchlariga yettita Black Hawk vertolyotini taqdim etishini va bu jarayon davom etishini ma’lum qilgandi. Jangovar vertolyotlar yordamida frontlardagi vaziyat yaxshilanishi va joriy muammolar aviatsiya texnikasi yordamida yaxshiroq hal qilinishi ta’kidlangandi.

O‘tgan oy Afg‘oniston Mudofaa vazirligi AQSH mamlakat HHKga 45 ta jangovar vertolyot va yettita A29 qiruvchi samolyotni yetkazib berishini e’lon qilgandi.

Afg‘oniston hukumati kuchlari va «Tolibon» o‘rtasidagi to‘qnashuvlar AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagach kuchaydi.

Afg‘onistondan NATO qo‘shinlarini olib chiqish 29 aprelda boshlangan, AQSH va «Tolibon» o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan jarayon kuzda yakunlanishi kerak. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH Afg‘onistondagi harbiy kontingentining 90 foizdan ko‘prog‘ini olib chiqib ketdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Afg‘onistondagi muammolarni muzokaralar yo‘li bilan hal qilish istagini bildirdi