13:47 / 20.07.2021
2 354

Peruda sobiq qishloq o‘qituvchisi prezident saylovi g‘olibi deb e’lon qilindi


Foto: GES
Peru Markaziy saylov komissiyasi «Ozod Peru» so‘l radikal partiyasi vakili Pedro Kastilo Terronesni 6 iyun kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar g‘olibi deb e’lon qildi. Bu haqda Correo nashriga tayanib, «RBK» xabar bermoqda.

Saylov jarayonlari milliy boshqarmasi (ONPE)ning rasmiy hisob-kitoblariga ko‘ra, Kastilo 8 836 380 ta ovoz (jami ovozlarning 50,126 foizini) to‘plagan. «Xalq kuchi» partiyasi vakilasi, sobiq prezident Alberto Fuximori (1990—2000)ning qizi — Keyko Fuximori undan taxminan 44 mingta ovozga orqada qoldi.
«Men Xose Pedro Kastilo Terronesni Respublika prezidenti deb e’lon qilaman», — dedi Peru Milliy saylov hay’ati bosh kotibi Lurdes Rita Vargas Uaman.

Sobiq qishloq o‘qituvchisi ijtimoiy islohotlar o‘tkazish va mamlakat boyliklarini odilona taqsimlash haqidagi populistik va’dalari bilan aholining eng qashshoq qatlamlarining ovozlarini qo‘lga kiritdi.

O‘z saylovoldi dasturida Pedro Kastilo dastlab «aralash iqtisodiyot», monopoliyalarga qarshi kurash va ularni milliylashtirish (davlat mulkiga aylantirish)ga va’da berdi, ammo keyinroq milliylashtirishdan voz kechdi. Yangi prezident sog‘liqni saqlash va ta’limga ajratiladigan mablag‘larni ko‘paytirishni, o‘ta katta daromadlar uchun soliqlar joriy qilishni, internetdan foydalanish imkoniyatini ommalashtirishni, o‘lim jazosini qaytarishni, konstitutsiyaviy sudni yo‘q qilishni va OAVlar ustidan nazorat o‘rnatishni va’da qilmoqda.

Tahlilchilar yangi prezident siyosiy qutblanishning kuchayishi, o‘ta og‘ir iqtisodiy inqiroz va korrupsiya bilan bog‘liq mushkul vaziyat oldida siyosiy jihatdan tajribasiz ekanini ta’kidlamoqda.

2020 yil noyabrida Peru parlamenti prezident Martin Viskarraga nisbatan impichment e’lon qildi. U qo‘shiqchi Richard Sving bilan aloqalari haqida gapirgan audioyozuv e’lon qilinganidan keyin korrupsiyada ayblandi, bungacha u ushbu faktlarni rad etib kelgan edi. Prezident Svingga nisbatan tergovga to‘sqinlik qilgan, u, shuningdek, yirik pora olishda ayblangan. Undan keyin prezidentlik Manuel Merino de Lamaga o‘tgan.

Viskarraning iste’fosidan keyin Peruda uning tarafdorlari norozilik namoyishlarini uyushtirdi, politsiya esa ularni shafqatsizlik bilan bostirdi. Harbiylar bilan to‘qnashuvlarda ikki nafar yosh namoyishchi halok bo‘ldi. Bu Merinoning 15 noyabr kuni iste’fo berishiga sabab bo‘ldi: namoyishchilarning o‘limi uchun javobgarlik uning bo‘yniga qo‘yildi. Vaqtinchalik prezident etib Peruning o‘ng markazchi Qirmizi partiyasi yetakchilaridan biri Fransisko Sagasti tayinlandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Peruda sobiq qishloq o‘qituvchisi prezident saylovi g‘olibi deb e’lon qilindi