20:32 / 21.07.2021
2 120

Tojikistonda afg‘onistonlik qochqinlar uchun vaqtinchalik lager quriladi


Foto: EADaily
Tojikistonning Jayhun tumanida afg‘onistonlik qochqinlarni vaqtinchalik joylashtirish uchun baza qurishga maxsus joy ajratildi, deb xabar bermoqda Asia-Plus.

Xatlon viloyati rahbari Qurbon Hamkimzoda ma’lum qilishicha, lager qurilishi uchun mablag‘ budjetdan ajratilgan, uni qurish bilan Tojikiston Ichki ishlar vazirligi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda shug‘ullanadi.

Qurbon Hakimzodaning so‘zlariga ko‘ra, Xatlon viloyati hududida Quyi Panj ko‘prigi orqali davlat chegarasini kesib o‘tgan ilk qochqinlar 113 nafar harbiy bo‘lgan, ular o‘zlari bilan qurol va texnika olib kelgan.

«Biz ularni qabul qildik, chodirlar va issiq ovqat bilan ta’minladik. 94 kishi Shamsiddin Shohin tumani hududida chegarani kesib o‘tdi. Ular uchun chegara yaqinidagi bozorda chodir shaharchasini tashkillashtirdik. Markazlashgan chodirli shaharcha Mo‘minobod tumanidagi Mumirakda ham barpo etildi», — deya qo‘shib qo‘ydi viloyat rahbari.

Qurbon Hakimzoda qayd etishicha, Xatlon viloyati hududida bo‘lgan qochqinlar va Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati hududida davlat chegarasidan o‘tganlari ham samolyotlarda Kobulga qaytib ketgan.

«Bir narsani unutmasligimiz kerakki, mamlakatimizdagi fuqarolar urushi chog‘ida afg‘onistonliklar bizning fuqarolarimizni qabul qilgan, ularni bir necha oylab boshpana va oziq-ovqat bilan ta’minlagan. Endi ular falokatga yo‘liqdi va biz shunchaki insoniylik yuzasidan yordam berishimiz shart. Albatta, xavfsizlik va sanitariya me’yorlarini hisobga olgan holda», — dedi Hakimzoda.

Eslatib o‘tamiz, 13—14 iyul kunlari Tojikistondagi Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Murg‘ob tumani Qizil-Rabot qishloq jamoati orqali qirg‘iz millatiga mansub 347 nafar Afg‘oniston fuqarosi Tojikiston chegarasini kesib o‘tgandi. Keyinroq ularning barchasi, ulardan avvalroq chegarani kesib o‘tgan afg‘on qochqinlarining qolganlari ham o‘z vataniga qaytgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tojikistonda afg‘onistonlik qochqinlar uchun vaqtinchalik lager quriladi