17:44 / 23.07.2021
2 469

«Tolibon» Afg‘onistonni xalq vakillaridan iborat kengash orqali boshqarish rejasini ma’lum qildi


Foto: «RIA Novosti»
«Tolibon» Afg‘oniston xalq vakillaridan iborat kengash orqali hukumat tuzish niyatida. Bu haqda harakat vakili Zabihulla Mujohid «RIA Novosti»ga ma’lum qildi.

«Biz odamlarning muammolarini hal qiladigan davlat tuzumini o‘rnatmoqchimiz. Islom hukumati va biz xohlagan hukumat xalq vakillaridan iborat kengash orqali tuziladi», — dedi Mujohid.

Uning ta’kidlashicha, saylovlar xavf-xatarga, ayniqsa, Afg‘oniston 20 yildan beri duch kelayotgan soxtalashtirishlarga to‘la.
«Afg‘onistonda bir nechta saylovlar bo‘lib o‘tdi, ular har safar chuqur bo‘linishlarga olib keldi va hatto xorijiy kuchlar ishtirokisiz ham tez-tez mojarolar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi, bu Afg‘onistonning hududiy yaxlitligiga xavf tug‘dirib, millatlararo nizolar chiqardi. Shuning uchun bizga xalq vakillaridan iborat kengash orqali yaratiladigan boshqaruv shakli kerak» — dedi «Tolibon»ning rasmiy vakili.

Avvalroq Zabihulla Mujohid «Tolibon» Afg‘oniston chegaralarining 90 foizini o‘z nazoratiga olgani haqida aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonning Turkmaniston, Eron va Pokiston bilan chegara hududlari, shuningdek, O‘zbekiston bilan chegarasining katta qismi «Tolibon» qo‘lida. Shu bilan birga, «Tolibon» Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va’da bergan.

20 iyul kuni esa Rossiya Afg‘oniston chegarasiga harbiy texnikasini joylashtirdi. Rossiya tanklari poligonda 5—10 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashish uchun yetib kelgan. Mashg‘ulotlarda Rossiya va Tojikiston harbiy xizmatchilaridan tashqari, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari ham ishtirok etadi. Mashg‘ulotlar Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi fonida o‘tkazilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Afg‘onistonni xalq vakillaridan iborat kengash orqali boshqarish rejasini ma’lum qildi