17:23 / 26.07.2021
2 770

Agar «Tolibon» hujumlarni to‘xtatmasa, AQSH ularga aviazarbalar berishda davom etadi


Foto: Anadolu Agency
Agar «Tolibon» harakati hujumlarini to‘xtatmasa, AQSH Harbiy-havo kuchlari Afg‘oniston qo‘shinlariga havodan jadal yordam berishda davom etadi. Bu haqda AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi rahbari Kennet Makkenzi ma’lum qildi, deb yozadi «Interfaks».

«AQSH so‘nggi kunlarda afg‘on kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun aviazarbalarni jadallashtirdi. Agar ‘Tolibon’ a’zolari hujumlarda davom etsa, biz ham yaqin kunlarda shunday jadal darajada havodan yordam berishda davom etaveramiz», — dedi Makkenzi.

«Ochiqchasiga ogohlantirishni istardimki, shu kunlarda Afg‘oniston hukumati qiyin sinovlarga duch keladi. ‘Tolibon’ ularning g‘alabasi muqarrarligini namoyish qilmoqchi. Ammo ular adashadi: ‘Tolibon’ning g‘alabasi qandaydir oldini olib bo‘lmaydigan narsa emas», — deya qo‘shib qo‘ydi Makkenzi.

Ayni vaqtda AQSH prezidenti Jo Bayden amerikaliklar Afg‘onistonda bo‘lgan vaqtda AQSH qo‘shinlariga turli yordamlarni ko‘rsatgan afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilish uchun 100 million dollar ajratishga ruxsat berdi.

Qochqinlar va majburan ko‘chirilayotgan shaxslarga favqulodda yordam ko‘rsatish va ko‘chirish bilan bog‘liq xarajatlar AQSH hukumati tomonidan davlat fondidan ajratiladigan mablag‘dan qoplanadi. Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, 100 million dollargacha miqdordagi mablag‘ Afg‘onistondagi vaziyatni inobatga olib, shuningdek, AQSH maxsus immigratsion vizalarini olish uchun murojaat qilgan Afg‘oniston fuqarolarining ehtimoliy ehtiyojlarini qondirish uchun ajratilmoqda.

Hozirda 2,5 mingga yaqin afg‘onistonlik Amerika maxsus immigratsion vizalarini olish uchun murojaat qilishi mumkin. Ammo G‘arb OAVlarining xabarlariga ko‘ra, Amerika qo‘shinlariga ko‘maklashgan, shu jumladan, tarjimonlik qilgan 18 mingga yaqin afg‘onistonlik va ularning 53 ming oila a’zolari bunday vizalarni olishga umid qilmoqda.

Ayni paytda Afg‘onistondan AQSH qo‘shinlarining olib chiqilishi fonida mamlakatda hukumat va «Tolibon» o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan.
Afg‘onistondan NATO qo‘shinlarini olib chiqish 29 aprelda boshlangan, AQSH va «Tolibon» o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan jarayon kuzda yakunlanishi kerak. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH Afg‘onistondagi harbiy kontingentining 90 foizdan ko‘prog‘ini olib chiqib ketdi.
Germaniya, Italiya va Avstraliya esa Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni yakunladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Agar «Tolibon» hujumlarni to‘xtatmasa, AQSH ularga aviazarbalar berishda davom etadi