18:15 / 07.08.2021
5 775

16 yillik qochoq Asqar Akayev Moskvadan keltirildi. Navbat Qurmanbek Bakiyevgami?


Akayev va Bakiyev – biri Moskvadan, ikkinchisi Minskdan panoh topdi.
Foto: RIA Novosti

Qirg‘izistonning birinchi prezidenti (1990-2005), “Lola inqilobi”dan keyin Moskvaga qochib ketgan Asqar Akayev joriy yil 2 avgust kuni kutilmaganda Bishkekka qaytgani ma’lum bo‘ldi. U o‘sha zahoti Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan ushlandi va tergovga jalb etildi.

Vatanida jinoiy javobgarlikka tortilishi aniq bo‘lgan, Moskvada esa fizika-matematika fanlari doktori, Rossiya fanlar akademiyasi a’zosi sifatida tinchgina ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan sobiq prezident nega Qirg‘izistonga qaytdi? U, Qirg‘iziston huquq idoralari da’vo qilayotgandek, majburan keltirildimi yoki o‘z ixtiyori bilan qaytdimi?

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ko‘ra, xalqaro qidiruvda bo‘lgan A.Akayev “faol tergov harakatlari natijasida” Bishkekka keltirildi. Ammo ekspertlar sobiq prezidentning vataniga qaytishi Rossiya rahbariyati roziligi bilan amalga oshirilganini ta’kidlamoqdalar.

“Menimcha, Bishkek Moskvaga A.Akayevning xavfsizligi borasida kafolat bergan. Sobiq prezident kindik qoni to‘kilgan zaminga qaytish imkoniga ega bo‘lmoqda. 76 yoshni qoralagan inson uchun bu juda muhim. Ayni choqda, bu orqali uning siyosiy obro‘si ham ma’lum ma’noda tiklanadi. O‘z navbatida, Qirg‘iziston hukumatiga Akayevning Qumtor koni bo‘yicha ko‘rsatmalari suv bilan havodek zarur”, – deydi qirg‘izistonlik siyosatshunos Denis Berdakov.

Tahlilchi Ajdar Kurtov esa Akayevning qaytishi bilan Qirg‘izistonda keyingi chorak asrda ildiz otgan prezidentlarni qamoqqa tashlash yoki quvish an’anasi yo‘qqa chiqmoqda deb hisoblaydi.

“Qirg‘izistonda sobiq yetakchilar yo qamoqqa tashlanadi, yo quvg‘inga uchraydi. Aftidan, Bishkek bu an’anaga barham berishga qaror qilgan. Ehtimol, shu orqali sarmoyadorlarni ham jalb etish yoki Rossiya bilan aloqalarni yaxshilash ko‘zlangandir. Moskva Qirg‘iziston sobiq yetakchilarining ta’qib etilishini yoqlamaydi. Bu galgi qadam esa ijobiy baholanishi mumkin”, – deydi A.Kurtov.

2005-2007 yillarda Qirg‘iziston bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan Feliks Kulov ham Akayev o‘z ixtiyori bilan qaytgan degan fikrda.

“Akayev keksayib qoldi. Qolaversa, unga ochilgan jinoiy ishning javobgarlik muddati o‘tib bo‘ldi, demak, uni mahkamaga tortib bo‘lmaydi. U o‘z nomini himoya qilish va tergovga ko‘mak berish maqsadida o‘z ixtiyori bilan keldi”, – deydi F.Kulov.

Ta’kidlash joizki, Akayev rasman qamoqqa olingani yo‘q, tergovga jalb etilgan, xolos. U tergovchilarning Qumtor koni bo‘yicha savollariga javob bergach, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Chuy viloyatiga yo‘l olgan. Sobiq prezident Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidagi savol-javobdan keyin bergan intervyusida ham Qirg‘izistonga bir hafta muddatga kelganini ishonch bilan qayd etdi.

Bu esa Akayev chindan ham rasmiy Moskvaning roziligi va rasmiy Bishkekning kafolati bilan kelgani haqidagi fikrlarni tasdiqlaydi.

Sobiq prezident Qumtor oltin konini o‘zlashtirish loyihasidagi korrupsiya ishi bo‘yicha tergovga jalb etilgan. Markaziy Osiyoda yirik oltin zaxirasiga ega Qumtor koni tasarrufi aynan Akayev boshqaruvi davrida, 1992 yilda Kanada kompaniyasiga topshirilgan. Qirg‘iziston tergov idoralariga ko‘ra, konni tasarruf etish bo‘yicha loyiha g‘olibligi tendersiz ajnabiy firmaga berib yuborilgan. 2003 yilgi qo‘shimcha bitim bilan Qirg‘izistonning qo‘shma korxonadagi ulushi 67 foizdan 26 foizga kamaytirilgan. Huquq idoralari bu holatni milliy manfaatlarning buzilishi va korrupsiya deb malakalamoqda.

Amaldagi prezident Sadir Japarov esa hali deputat bo‘lgan paytlardanoq oltin konini davlat tasarrufiga o‘tkazishni talab qilgani ma’lum. Pandemiya sharoitida, budjet taqchilligi oshib borayotgan vaqtda oltin koni mojarosi chandon ahamiyatli masala sanaladi. Zotan, 700 tonna oltin zaxirasiga ega Qumtor koni Qirg‘iziston iqtisodiyotining, ta’bir joiz bo‘lsa, yuragi sanaladi. Mamlakat YAIMning 12,5 foizi, sanoat ishlab chiqarishining 23 foizi va eksportning 30 foizi mazkur kon hissasiga to‘g‘ri keladi. Ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘iziston 2020 yilga qadar oltin konidan 13 milliard dollar miqdorida foyda ko‘rgan.

Qirg‘iziston huquq idoralari Qumtor oltin koni korrupsioner amaldorlar tomonidan arzongarovga sotilgan deb hisoblaydi. Foto: dpa
Qumtor koni bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida mamlakatning bir qator taniqli siyosatdonlari qamoqqa olingan. Ular orasida sobiq bosh vazirlar Omurbek Babanov, Temir Sariyev, sobiq parlament raisi Asilbek Jeenbekov, vaziru vuzarolar bor.

Ayni kunlarda Qirg‘izistonda ikkinchi prezident (2005-2010) Qurmanbek Bakiyevning ham vatanga qaytarilishi haqida taxminlar yangramoqda. Inqilob yo‘li bilan hokimiyatga kelgan Bakiyev ham navbatdagi inqilobdan keyin Minskka qochgan va Belarusdan siyosiy boshpana olgan edi.

Qirg‘izistonlik tahlilchi Asilbek Egamberdiyevga ko‘ra, Qurmanbek Bakiyev vataniga qaytib, tergov bilan hamkorlik qilsa, unga nisbatan qamoq jazosi qo‘llanmaydi. Chunki amaldagi prezident salaflari uchun osoyishta hayot va’da qilgan.

Ammo aksar tahlilchilar Q.Bakiyevning holati A.Akayevnikidan keskin farq qilishi, shu sabab u Qirg‘izistonga qaytgudek bo‘lsa qamoqqa tashlanishini aytmoqdalar. Ikki siyosatchining “nomai a’moli”dagi farq shundaki, 2005 yilgi inqilob chog‘i Akayev namoyishchilarga o‘q uzilishiga yo‘l qo‘ymagan; 2010 yilgi inqilob payti esa norozilik namoyishi qatnashchilari o‘qqa tutilgan, oqibatda 90 kishi halok bo‘lgan, 300 dan ziyod fuqaro jarohatlangan. Iqtisodiy jinoyatlardan farqli o‘laroq, xunrezlik va qotillik osongina kechirib yuborilmasligi turgan gap.

Ayni paytda Belarus rahbari Aleksandr Lukashenkoning soyai davlatida Minskda umrguzaronlik qilayotgan Q.Bakiyevga nisbatan 2016 yil 29 iyulgi sud hukmi bilan 30 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Bundan tashqari, uning o‘g‘illari Marat, Maksim hamda ukasi Janishga nisbatan sirtdan sud hukmi e’lon qilingan. Qirg‘iziston bosh prokuraturasi bayonotida ham Q.Bakiyev vatanga qaytishi bilan qamoqqa olinishi ta’kidlangan.

Qirg‘iziston Respublikasining 30 yillik tarixida mobaynida prezidentlar inqilob yo‘li bilan almashib kelmoqda. Birinchi va ikkinchi prezidentlar A.Akayev hamda Q.Bakiyevlarning siyosiy karerasi chet elga qochish bilan xotima topgani yuqorida qayd etildi. 2011-2017 yillarda Qirg‘izistonni idora etgan Almazbek Atambayev davlat rahbari lavozimidan ketgach, Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida ayblanib qamoqqa olindi. Atambayevning vorisi Sooronbay Jeenbekov 2017 yil 24 noyabrdan Qirg‘iziston yetakchisi sifatida ish boshladi. Ammo unga prezidentlik vakolatini oxiriga yetkazish nasib etmadi: ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin 2020 yil 16 oktabr kuni iste’fo berishga majbur bo‘ldi.

Atambayev qamoqqa olindi, Jeenbekovga esa prezidentlik vakolatini oxiriga yetkazish nasib etmadi. Foto: Reuters
Mamlakatning amaldagi prezidenti Sadir Japarov esa davlat rahbari lavozimiga kirishgunga qadar ozodlikdan mahrum etish muassasasida jazo o‘tagan. 2017 yili garovga olishda ayblangan S.Japarov 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. 2020 yil oktabr namoyishlari payti tarafdorlar tomonidan ozod qilingan Japarov pirovardida prezidentlik saylovida g‘olib chiqdi.

S.Salim

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 16 yillik qochoq Asqar Akayev Moskvadan keltirildi. Navbat Qurmanbek Bakiyevgami?