07:00 / 09.08.2021
3 849

Asqar Akayev o‘z xatolari uchun qirg‘iz xalqidan uzr so‘radi va Moskvaga qaytib ketdi


Foto: «AKIpress»
Qirg‘iziston birinchi prezidenti Asqar Akayev yo‘l qo‘ygan xatoliklari uchun hamda «Qumtor» loyihasini amalga oshirish chog‘ida umidlarni oqlamagani uchun qirg‘iz xalqidan uzr so‘radi, deb yozadi Tengrinews.

Sobiq prezident so‘zlariga ko‘ra, 1992 yilda «Qumtor» bo‘yicha bosh bitim imzolangan kundan boshlab Qirg‘iziston tomoni milliy manfaatlar zarariga ko‘p martalab murosaga borgan.

«O‘zim yo‘l qo‘ygan xatoliklar uchun chin dildan uzr so‘rayman. «Qumtor» loyihasi bo‘yicha qirg‘iz xalqining umidlarini oqlamaganim uchun. Men tomonimdan hukumat ustidan zarur nazoratning yo‘qligi kanadalik investorlarga kon ustidan to‘liq nazoratga ega bo‘lish imkonini bergan, ular o‘zlari uchun juda katta daromad olib, Qirg‘iziston uchun arzimas dividendlar va yildan yilga o‘sib borayotgan ekologik muammolarni qoldirgan», — dedi Akayev.

«Vatanimdan uzoqda yashab va «Qumtor» atrofida yuz berayotgan voqealarni, ayniqsa, 2020 yil oktabr voqealaridan keyin ko‘rilayotgan qat’iy choralarni kuzatib, bir chetda qarab tura olmadim. Qirg‘izistonda men javobgarlikka tortilib, qidiruvga berilgan bo‘lsam-da, ‘Qumtor’ ishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berishga keldim», — dedi sobiq prezident.

Akayevning ma’lum qilishicha, chidab bo‘lmas faktlardan biri 1992 yilda bosh bitimni imzolash chog‘ida Qirg‘iziston hukumati tomonidan Kanadaning Cameco korporatsiyasining soliqlardan, shu jumladan, tabiiy resurslardan foydalanganlik uchun soliqlardan noqonuniy ozod etilishi, shuningdek, «Qumtor» loyihasi ustidan boshqaruvning Kanada tomoniga berib qo‘yilishi bo‘lgan.

«Natijada Qirg‘iziston tomoni nafaqat dividendlarsiz, balki Respublika budjetiga tushadigan yirik soliq tushumlarisiz ham qoldi. Fikrimcha, bu faqat hukumatning jinoiy xatoligi emas. Bu mening ham davlat rahbari sifatidagi xatoyimdir, chunki men hukumatga ko‘r-ko‘rona ishonib va bosh bitimni imzolashda Qirg‘iziston manfaatlari to‘liq hisobga olingan deb o‘ylagan holda ‘Qumtor’ bo‘yicha qarorni qabul qilganman», — dedi u.

Qirg‘iziston sobiq prezidenti «Qumtor ishi» bo‘yicha Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida so‘roq qilinganidan keyin mamlakatni tark etdi.

Akayevning safdoshi Bekbolot Talgarbekov ma’lum qilishicha, u o‘g‘li Ilim bilan Moskvaga uchib ketgan. «Qirg‘izistonda payti Akayev tergov savollarining barchasiga batafsil javoblar berdi. Sobiq prezident uchun yo‘l ochiq, u Qirg‘izistonga ikkita holatda qaytib kelishi mumkin: o‘z xohishiga ko‘ra yoki Qumtor haqidagi ish doirasida tergov talabi bilan», — dedi u.

Asqar Akayev 2 avgust kuni Qirg‘izistonga qaytdi. Bishkekda u avvaliga so‘roqqa tutilgan, keyin prezident Sadir Japarov uni shaxsan qabul qilgan. Rasmiylar Akayevning Kanadaning Centerra Gold Inc. kompaniyasi bilan «Qumtor» oltin koni borasidagi shov-shuvli ziddiyatda ularga yordam berishidan umidvor.

Akayev vataniga qaytib kelish imkoniyatini taqdim etgani uchun Sadir Japarovdan minnatdor ekanini bildirdi hamda «Qumtor» ishi bo‘yicha tergovga yordamlashishga tayyorligini aytdi.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Asqar Akayev «Qumtor» oltin konini qazishda yo‘l qo‘yilgan korrupsiya haqidagi jinoyat ishi bo‘yicha tergov bilan faol hamkorlik qilayotgani haqida xabar berdi.

May oyi oxirida Qirg‘izistonda yana ikki nafar sobiq davlat amaldori korrupsiyada ayblanib hibsga olingan edi. Ulardan biri Qirg‘iziston parlamentining sobiq raisi va sobiq prezident So‘ronbay Jeenbekovning ukasi Asilbek Jeenbekovdir.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining ta’kidlashicha, Akayev va boshqa sobiq yuqori martabali amaldorlar 1992 yilda «Qumtor» loyihasi bo‘yicha bosh kelishuvni tuzishda, 1994 yilda unga o‘zgartirishlar kiritishda, shuningdek, 2003 yilda «Kameko» kompaniyasi bilan kelishuvni qayta tuzishda korrupsiya holatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Qirg‘izistonning birinchi va ikkinchi prezidentlari Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyevlar iyul oyi boshlarida «Qumtor» ishi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgandi.

Asqar Akayev 1990 yildan 2005 yilgacha dastlab Qirg‘iziston SSR, so‘ng Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti bo‘lgan. 2005 yilda to‘qnashuvlar va prezident qarorgohining qirg‘in qilinishi voqealari hamrohlik qilgan «Lolalar inqilobi» deb nomlangan davrda Qirg‘iziston prezidenti lavozimidan chetlatilgan, so‘ng u Rossiyaga qochib ketgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Asqar Akayev o‘z xatolari uchun qirg‘iz xalqidan uzr so‘radi va Moskvaga qaytib ketdi