07:34 / 09.08.2021
5 124

«Shimol darvozasi» Kunduz qo‘ldan ketdi. Toliblar uch kunda uch viloyat markazini egalladi


Toliblar Afg‘oniston shimolidagi Kunduz viloyati markazi, strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Qunduz shahrini egalladi. Bungacha ikki kun ichida yana ikki viloyat markazi - janubdagi Nimro‘z viloyati markazi Zaranj hamda shimoldagi Juzjon viloyati markazi Shibirg‘on ham toliblar qo‘liga o‘tgandi.


Mahalliy rasmiylarning BBC’ga ma'lum qilishicha, Kunduzning barcha tumanlari «Tolibon» nazoratiga o‘tgan, faqat aeroport hududi hukumat harbiylari qo‘lida qolmoqda. Xabarlarga ko‘ra, shaharda yong‘in boshlangan, Kunduz markazida «Tolibon» bayrog‘i o‘rnatilgan.

Reuters agentligi tinch aholi orasida qurbonlar borligini xabar qilgan, jumladan ayollar va bolalar ham halok bo‘lgan.
Kunduz mudofaasi uchun Afg‘oniston armiyasining maxsus bo‘linmalari tashlangandi / Reuters
Afg‘onistonning shimoliy viloyatlari va Markaziy Osiyoga darvoza vazifasini o‘tovchi ushbu 270 ming kishilik aholiga ega shahar uchun so‘nggi haftalarda janglar davom etayotgandi.

Kunduz Afg‘onistonning toliblar qo‘liga o‘tgan uchinchi viloyat markazi bo‘ldi, bu hozircha «Tolibon»ning eng katta g‘alabasidir.
Quyidagi Afg‘oniston xaritasida 6 avgust kungi holat aks etgan, ammo mamlakatdagi vaziyat kun sayin o‘zgarib bormoqda.

Amerikalik harbiylar Afg‘onistondan olib chiqilishi fonida toliblar keng ko‘lamli harbiy kampaniya boshlagandi. Ammo avgust oyi boshiga qadar hukumat kuchlari viloyatlar markazlarini o‘z qo‘lida saqlab turgan, amerikalik harbiylar aviatsiya orqali ularni qo‘llab turgandi.

So‘nggi haftalar davomida toliblar Afg‘onistonning ko‘plab tumanlarini egallab olgandi, endi esa harakat a'zolari yirik shaharlar va viloyatlarning ma'muriy markazlarini qo‘lga olish uchun harakat boshladi - so‘nggi uch kunda esa uch viloyat markazi qo‘lga kiritildi.

Juma kuni mamlakat janubi-g‘arbidagi Nimro‘z viloyati markazi Zaranj deyarli jangsiz ularning qo‘liga o‘tgandi. 
Xabarlarga ko‘ra, ayni vaqtda Hirot, Lashkargoh va Qandahor kabi shaharlar uchun ham shiddatli janglar kechmoqda.

AQSh va Britaniya o‘z fuqarolarini imkon qadar tezroq Afg‘onistonni tark etishga chaqirmoqda. Amerika hukumati vatanga qaytish uchun chiptaga to‘lov qila olmaydigan fuqarolarga kreditlar taklif etmoqda.

So‘nggi 48 soat ichida esa shimoldagi Juzjon viloyati markazi Shibirg‘on ham bosib olindi.

Shibirg‘on boy berilishidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda toliblar mahalliy aholi vakillari tomonidan tantana bilan qarshi olingani aks etgan videolar tarqaldi, videolarda jangarilar Amerika tomonidan ishlab chiqarilgan qimmatbaho Humvee rusumli jiplarni o‘lja qilib olishganini ko‘rish mumkin. Bu videoyozuvlar haqqoniyligi hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

«Afg‘oniston xavfsizlik xizmati kuchlari «Tolibon»ning yoppasiga amalga oshirgan targ‘ibot ishlari tufayli jangovar ruhini yo‘qotgan. Toliblar hujum boshlashidan oldin ko‘plab harbiylar qurollarni tashlab, formalarini yechishdi va o‘z postlarini qoldirib, qochib ketishdi», deya shaxsini sir tutishni so‘ragan holda gapirgan shibirg‘onlik amaldorning so‘zlarini keltiradi Frans-press.

Toliblar qamoqxonani egallashgani va u yerdagi barcha mahbuslarni qo‘yib yuborishganini ma'lum qilishgan. Ularning orasida harakat a'zolari ham, boshqa turli jinoyatlarda ayblanib qamalganlar ham bor.

Viloyat kengashi rahbari Bobur Eshchi BBC bilan suhbatda jangarilar Shibirg‘onni to‘liq zabt etishgani, faqat harbiy baza atrofida janglar davom etayotgani haqida aytgan.
«Afsuski, shahar quladi», degan Juzjon viloyati vitse-gubernatori Kader Maliya Frans-press uchun bergan intervyusida.
Amerika yo‘ltanlamasidagi hukumat harbiylari / EPA
Vitse-gubernator hukumat harbiylari va davlat amaldorlari shahar tashqarisidagi aeroportga chekingani va jangarilardan himoyalanishga tayyorlanayotgani haqida gapirgan.

O‘z navbatida, Afg‘oniston mudofaa vazirligi rasmiysi BBC bilan suhbatda hukumat kuchlari Shibirg‘onning bir qismi ustidan nazoratni saqlab qolgani va tez orada toliblar chekintirilishi haqida aytgan.

Shibirg‘on mamlakat shimolidagi o‘zbeklar yetakchisi, 2020 yilga qadar mamlakat vitse-prezidenti hisoblangan marshal Abdulrashid Do‘stumning tayanchi edi. U mamlakatdagi eng qudratli va jangovar dala qo‘mondoni hisoblanardi.

Do‘stum qator davlat to‘ntarishlari va isyonlarda ishtirok etgan, sovetparast sotsialistik hukumat tarafida turib ham, Amerika armiyasi tarafida turib ham urushgan. Uning otryadlari harbiy asirlarni o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatlarda ham ayblangan.
Frans-pressning yozishicha, yaqinda Turkiyadan qaytgan dala qo‘mondoni ayni vaqtda Kobulda bo‘lishi mumkin.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, shimoldagi yana bir shahar Saripul ham toliblar tomonidan bosib olingan, ammo bu ma'lumot hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Shimol darvozasi» Kunduz qo‘ldan ketdi. Toliblar uch kunda uch viloyat markazini egalladi