23:10 / 12.08.2021
3 233

Qirg‘iziston «Qumtor» oltin koni bo‘yicha kelishuvlarni bekor qiladi

Qirg‘iziston «Qumtor» oltin koni bo‘yicha kelishuvlarni bekor qiladi
Foto: centerragold.com
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Bosh prokuratura bilan birgalikda «Qumtor» loyihasi bo‘yicha kelishuvlarni bekor qilish jarayonini boshladi. Bu haqda Asia-Plus xabar berdi.

MXDQning ta’kidlashicha, tergov «Qumtor» konini qazish bo‘yicha shartnomalar tuzish va ularga turli qo‘shimchalar, o‘zgartirishlar hamda izohlar kiritishda «Komeko» va «Senterra» kompaniyalarining vakillari bo‘lgan kanadalik investorlar bilan qilingan hamkorlikning butun davri mobaynida keng ko‘lamli korrupsiyaga yo‘l qo‘yilganiga shubha qilmaydi. Shartnoma shartlari Qirg‘iziston xalqining tub manfaatlariga javob bermagan.

«1992 va 1994 yillardagi shartnomalar uchun sobiq prezident Asqar Akayev, sobiq bosh vazirlar Tursunbek Chingizshev, Apas Jumagulov va «Qirg‘izaltin» davlat konsernining sobiq rahbari Doston Sarigulov javobgarlikka tortildi. Iqtisodiyotni qayta qurish va rivojlantirish qo‘mitasining sobiq raisi Boris Birshteyn esa qidiruvga berilgan», — deyiladi xabarda.

Sobiq bosh vazir Igor Chudinov va «Qirg‘izaltin» OAJ boshqaruvining sobiq raisi A.Jakypovga 2009 yildagi kelishuv bo‘yicha jinoyat sodir etishda gumonlanayotgani to‘g‘risida xabarnoma topshirilgan, sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev va uning o‘g‘li Maksim Bakiyev esa qidiruvda.

2012 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan davr uchun sobiq bosh vazir Omurbek Babanov, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Tayirbek Sarpashev va boshqa yuqori martabali amaldorlar javobgarlikka tortildi.

«Shunday qilib, 1992–2009 yillardagi voqealarni tergov qilish yakuniy bosqichda. Shu bilan birga, 2017 yilda ‘Qumtor’ loyihasi bo‘yicha keyingi bitimlarni tuzish va Suv kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish ishi bo‘yicha tergov davom etmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra, ushbu jarayon ishtirokchilariga ham yuridik baho beriladi, bu haqda MXDQ qo‘shimcha ravishda jamoatchilikni xabardor qiladi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Qirg‘iziston hukumati 2020 yilning bahorida «Qumtor»ni davlat tasarrufiga o‘tkazish jarayonini boshlagan. 18 may kuni Tengiz Bolturuk konni boshqaruvchi «Qumtor Gold Company» (Kanadaning Centerra Gold Inc sho‘’ba korxonasi) kompaniyasining tashqi menejeri etib tayinlandi.

Iyun oyi oxirida Bolturukning ma’lum qilishicha, Kanada kompaniyasi da’volarni tan olmaguncha, shuningdek, Qirg‘izistonni konni qazishda teng huquqli sherik sifatida ko‘rishni boshlamaguncha, Qirg‘iziston va Centerra Gold o‘rtasida «Qumtor» bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmaydi.

Centerra Gold, o‘z navbatida, Qirg‘iziston hukumati bilan hakamlik sudida sudlashishni boshlagan. Kompaniya o‘zining sho‘’ba korxonasida tashqi boshqaruvni taqiqlash uchun, shuningdek, bahorda chiqarib berilgan jarimalar va soliq shikoyatlari bo‘yicha sud orqali ta’qib qilinishini taqiqlashga urinmoqda.

Mavzuga doir: Qirg‘iziston hukumati va Kanada kompaniyasi nima sababdan «Qumtor» oltin konini bo‘lisha olmayapti?

Qirg‘izistonning birinchi va ikkinchi prezidentlari Asqar Akayev va Qurmanbek Bakiyevlar iyul oyi boshlarida «Qumtor» ishi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgandi. Asqar Akayev 2 avgust kuni Qirg‘izistonga qaytdi. Bishkekda u avvaliga so‘roqqa tutilgan, keyin prezident Sadir Japarov uni shaxsan qabul qilgan.

Akayev vataniga qaytib kelish imkoniyatini taqdim etgani uchun Sadir Japarovdan minnatdor ekanini bildirdi hamda «Qumtor» ishi bo‘yicha tergovga yordamlashishga tayyorligini aytdi.

Asqar Akayev yo‘l qo‘ygan xatoliklari uchun hamda «Qumtor» loyihasini amalga oshirish chog‘ida umidlarni oqlamagani uchun qirg‘iz xalqidan uzr so‘radi. Qirg‘iziston sobiq prezidenti «Qumtor ishi» bo‘yicha Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida so‘roq qilinganidan keyin mamlakatni yana tark etdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘iziston «Qumtor» oltin koni bo‘yicha kelishuvlarni bekor qiladi