00:30 / 15.08.2021
2 659

Tramp va Pompeo Baydenning Afg‘onistonga oid taktikasini tanqid qildi

Tramp va Pompeo Baydenning Afg‘onistonga oid taktikasini tanqid qildi
Foto: «Minval.az»
AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp va sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo hozirgi prezident Jo Bayden ma’muriyatining Afg‘onistonga nisbatan tanlagan taktikasini tanqid qildi. Bu haqda «Interfaks» xabar berdi.

«Afg‘onistondagi fojiali tartibsizliklar, butunlay ochib yuborilgan va vayron qilingan chegara, rekord darajadagi jinoyatlar, neft narxining keskin ko‘tarilishi, inflyatsiyaning ko‘tarilishi va butun dunyo undan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi — mening o‘rnim bilinyaptimi?» — dedi Tramp.

AQSH sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo, o‘z navbatida, Amerika sobiq rahbarining pozitsiyasiga qo‘shildi.

«Men Bayden ma’muriyati buni qanday amalga oshirayotganini aniq bilmayman, lekin biz qo‘shinlarni olib chiqish imkoniyatini tahlil qilganimizda, bizda muayyan shartlar bor edi», —dedi AQSH sobiq davlat kotibi.

«Umid qilamanki, ushbu bosqichda o‘z xalqimizni u yerdan oqilona olib chiqa olamiz, shuni ham umid qilamanki, bu nafaqat amerikaliklarni uyga qaytarish zarurligi bilan balki nazoratsiz qoladigan maydon «Al-Qoida», ISHID yoki boshqa terrorchilik guruhining o‘chog‘iga aylanmasligiga ishonch hosil qilish bilan ham muvofiq keladi» — dedi Pompeo.

AQSH Tramp prezidentligi davrida 2020 yil 29 fevralda Dohada «Tolibon» bilan shartnoma imzolagan: unda AQSH va NATO 2021 yil 1 maygacha Afg‘onistonni tark etishga va’da bergan va bunga javoban «Tolibon» ham bir qator kafolatlar bergan. Xususan, gap «Tolibon»ning Afg‘oniston hukumati bilan tinchlik muzokaralari olib borishi, AQSH va uning mamlakatdagi manfaatlariga qarshi hujumlarni to‘xtatishi, terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortishi haqida bormoqda.

Aprel oyida AQSHning hozirgi prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlanganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar mintaqada ularning oldiga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishgan. Qurolli Kuchlarni 11 sentabrgacha to‘liq chiqarib ketish rejalashtirilgan. Amerika va NATO mamlakatlari qo‘shinlari 29 apreldan chiqib ketishni boshlagan.

AQSH va uning ittifoqchilari Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqa boshlagach, «Tolibon» respublikada keng ko‘lamli hujumlar boshladi. «Tolibon» Afg‘onistonda kuchayib borayotganiga qaramay, Bayden mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqish rejasini o‘zgartirmasligini ma’lum qildi. Iyul oyining boshiga kelib, Afg‘onistondan harbiy kontingentning 90 foizdan ortig‘i olib chiqildi. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shinlarni avgust oxirigacha to‘liq olib ketish rejalashtirilgan.

Germaniya, Italiya va Avstraliya esa Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni yakunlagan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp va Pompeo Baydenning Afg‘onistonga oid taktikasini tanqid qildi