02:35 / 15.08.2021
9 453

OAV: Mozori-Sharifdan qochgan marshal Do‘stum vertolyotda O‘zbekistonga o‘tgan bo‘lishi mumkin

OAV: Mozori-Sharifdan qochgan marshal Do‘stum vertolyotda O‘zbekistonga o‘tgan bo‘lishi mumkin
Marshal Abdurashid Do‘stum (chapda) va Ato Nur Muhammad, 2021 yil 11 avgust kuni Balx viloyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan lavha.
Foto: Twitter / @atamohammadnoor

Afg‘onistondagi o‘zbeklar yetakchisi sifatida ko‘riladigan marshal Abdurashid Do‘stum va mamlakatdagi tojik millatiga mansub aholi yetakchisi, Balx viloyatining sobiq gubernatori Ato Muhammad Nur hozirgi vaqtda «xavfsiz joyda» bo‘lib turibdi. Bu haqda Ato Muhammad Nur ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida xabar qoldirgan.

Afg‘oniston hukumatining mamlakat shimolidagi so‘nggi tayanchi hisoblangan Mozori-Sharif shahri 14 avgust oqshomida «Tolibon» harakati tomonidan deyarli jangsiz egallangan. Toliblar shahar ostonasidagi front chizig‘ini yorib o‘tgach, shahar bir soatga qolar-qolmas topshirilgani aytilmoqda. Hukumat kuchlari O‘zbekiston bilan chegara tomon qochgan.

Termiz shahrini Afg‘oniston bilan bog‘lab turuvchi «Do‘stlik» ko‘prigi ayni vaqtda «Tolibon»dan qochgan afg‘onistonlik harbiylar va oddiy fuqarolar bilan to‘lgani aytilmoqda; ta’kidlanishicha, ular chegaraning O‘zbekiston tarafdan ochilishini kutmoqda. Shu bilan birga, Afg‘oniston shimolidagi eng yirik ikki etnik guruh — o‘zbeklar va tojiklarning yetakchilari qayerda ekani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

«Biz ko‘rsatgan qat’iy qarshilikka qaramay, afsuski, butun hokimiyat va Afg‘oniston mudofaa va xavfsizlik kuchlarining anjomlari katta va manfur fitna sababli ‘Tolibon’ ixtiyoriga o‘tdi. Ular marshal Do‘stum va meni qo‘lga tushirish uchun fitna uyushtirishdi, ammo buning uddasidan chiqa olishmadi. Marshal Do‘stum, men, Balx gubernatori, Balx deputatlari, Balx kengashi raisi va boshqa bir qator rasmiylar hozirda xavfsiz joyda», — deya ma’lum qilgan Ato Muhammad Nur.

Shu bilan birga, Afg‘onistonning ToloNews telekanali Balxdagi harbiy amaldor tomonidan jurnalistlarga yuborilgan audioxabarga tayanib xabar berishicha, Balx viloyatining sobiq gubernatori Ato Muhammad Nur va marshal Abdurashid Do‘stum vertolyotda O‘zbekistonga uchib ketgan. Marshalning O‘zbekistonga qochib o‘tgani haqida — xususan, «Tolibon» vakillariga asoslanib — boshqa manbalar ham yozmoqda, ammo bu ma’lumotlar rasman tasdiqlanganicha yo‘q (shuningdek, hozircha to‘laqonli rad etilmadi ham).

O‘zbekiston rasmiylari hozircha Hayraton—Termiz ko‘prigidagi vaziyat yuzasidan ham, marshal Do‘stumning O‘zbekistonga qochib o‘tgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xabarlar bo‘yicha izoh yo munosabat bildirganicha yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston iyun oyida «Afg‘onistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat keskinlashayotganini inobat olib», qo‘shni mamlakat bilan chegarani bir tomonlama yopgan, Afg‘oniston fuqarolariga turistik viza berishni to‘xtatgan edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » OAV: Mozori-Sharifdan qochgan marshal Do‘stum vertolyotda O‘zbekistonga o‘tgan bo‘lishi mumkin