14:14 / 16.08.2021
3 975

Dunyo «Tolibon»ning Afg‘onistondagi g‘alabasiga qanday munosabat bildirdi?

Dunyo «Tolibon»ning Afg‘onistondagi g‘alabasiga qanday munosabat bildirdi?
«Tolibon» patruli Qandahorda, 2021 yil 15 avgust
Foto: EPA

15 avgust kuni «Tolibon» jangarilari Afg‘onistonning butun hududini egallab oldi va hokimiyatni ham deyarli o‘z qo‘liga oldi. Bu AQSH o‘z qo‘shinlarini u yerdan olib chiqib ketganidan keyin bir necha hafta o‘tib yuz berdi. Meduza butun dunyo 15 avgust, yakshanba kuni Afg‘onistonda sodir bo‘lgan voqealarga qanday munosabat bildirgani haqida maqola tayyorladi.

Afg‘oniston
Mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani iste’foga chiqishga rozi bo‘ldi va mamlakatni tark etdi.

Sobiq prezident Hamid Karzay esa oilasi bilan mamlakatda qolishini ma’lum qildi. U, shuningdek, ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi. «Hurmatli Kobul aholisi! Men shu yerda sizlar bilan qolmoqchiman, oilam, qizlarim, bolalarim bilan birgalikda. Umid qilamanki, mamlakatimiz va poytaxtimiz muammolari tinch va muzokaralar yo‘li bilan hal qilinadi», — deb yozdi u Facebook’da. «Biz Afg‘oniston muammosini «Tolibon» yetakchilari bilan birodarlik va vatanparvarlik asosida, tinch yo‘l bilan yechishga intilyapmiz», — deya qo‘shib qo‘ydi u.

Afg‘oniston mudofaa vaziri general Bismilla Muhammadiy Kobul aholisini ular xavfsizlikda ekaniga ishontirmoqchi bo‘ldi: «Barchangizni ishontirib aytamanki, Kobulning xavfsizligi ta’minlangan», — dedi Muhammadi 15 avgust, yakshanba kuni so‘zlagan nutqida. «Xalqaro kuchlar Afg‘oniston xavfsizlik va mudofaa kuchlari bilan hamkorlikka tayyor», — deya qo‘shib qo‘ydi.

AQSH
AQSH davlat kotibi Entoni Blinken «Tolibon»ning hujumi ular kutgandan ko‘ra ertaroq yuz berganini tan oldi. Ammo uning fikricha, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi o‘zini oqladi: «U yerda o‘z kuchlarimizni qoldirib, status-kvoni (urushgacha bo‘lgan holat) saqlab qolish mumkinligi haqidagi g‘oya shunchaki noto‘g‘ri», — dedi Blinken CNN muxbiriga va AQSHning bosh maqsadi endi barcha amerikaliklarni mamlakatdan eson-omon chiqarib ketish ekanini aytdi. «Biz (evakuatsiya uchun) ‘Tolibon’dan hech narsa haqida iltimos qilmadik. Biz ‘Tolibon’ga agar ular bu jarayonga aralashsa, biz tomonimizdan tezkor va qat’iy javob berilishini aytdik».

Avvalroq AQSH prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod «Tolibon»dan AQSH fuqarolari evakuatsiya qilinmagunicha Kobulga kirmaslikni talab qilgandi. AQSH o‘z elchixonasining barcha xodimlarini 17 avgust ertalabgacha olib ketishni rejalashtirmoqda.

Pokiston
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi 15 avgust kuni murojaat bilan chiqish qildi, unda aytilishicha, mamlakat «Afg‘onistondagi voqealar rivojini diqqat bilan kuzatmoqda». «Afg‘onistondagi tomonlarning barchasi ushbu ichki siyosiy inqirozni hal qilish uchun birgalikda ishlaydi deb umid qilamiz», — dedi Pokiston TIV matbuot kotibi Zaxid Xafiz Chaudri. «Pokistonning Kobuldagi elchixonasi pokistonliklarga, Afg‘oniston fuqarolariga, diplomatik va xalqaro jamoatchilikka konsullik ishi va Pakistan International Airlines parvozlari koordinatsiyasi bo‘yicha zarur yordamni ko‘rsatmoqda», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Pokiston hukumati Afg‘onistonda hokimiyat almashganidan xursandligini yashirmayapti.

Germaniya
Germaniya Kobuldagi elchixonasini Xamid Karzay nomidagi aeroportga ko‘chirib o‘tkazdi, endi o‘z xodimlarini evakuatsiya qilish bo‘yicha tezkor choralar ko‘radi, deya ma’lum qildi Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Twitter’da. «Elchixona xodimlari allaqachon aeroportga yetib keldi va ishga kirishmoqda».

«Bugun (15 avgust) xavf ostidagi ishchilar va boshqa odamlarning xavfsizligini ta’minlash va ularni Afg‘onistonda olib ketish uchun shoshilinch choralar ko‘rish maqsadida Germaniya federal hukumatining xavfsizlik xizmati xodimlarini to‘pladim», — qo‘shib qo‘ydi u.

Buyuk Britaniya
Buyuk Britaniya o‘z fuqarolariga Afg‘onistondan chiqib ketishga yordam beradi, deb xabar berdi mamlakat Ichki ishlar vazirligi. Unda aytilishicha, 3300 dan ortiq afg‘onistonlik xodimlar va ularning oilalari allaqachon ko‘chirib o‘tilgan.

Bundan tashqari, Britaniya parlamenti Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilish uchun shoshilinch tarzda ta’tildan qaytadi.

Kanada
Kanada xavfsizlik nuqtai nazaridan Kobuldagi elchixonasi ishini to‘xtatdi. Tashqi ishlar, immigratsiya va mudofaa vazirlari Kanada xodimlarining xavfsizligi birlamchi vazifa ekanini ma’lum qildi va ular Kanadaga eson-omon qaytayotganini qo‘shib qo‘ydi.

«Ayni paytda Afg‘oniston xalqi tushgan vaziyatdan juda qayg‘udamiz», — dedi Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo. «Afg‘oniston kelajagiga ishongan va ishonishda davom etayotgan kanadaliklarning talafotlarini hisobga olganda bu ayniqsa muhim. Bu harakatlar behuda bo‘lmasligi uchun biz ittifoqchilarimiz va xalqaro hamjamiyat bilan ishlashda davom etamiz».

Fransiya
Fransiya hukumati mamlakat elchixonasini Kobul aeroportiga o‘tkazishga qaror qildi. «Fransiya xavf ostida bo‘lib turgan Afg‘oniston fuqarolik jamiyati arboblari, huquq himoyachilari, rassomlar va jurnalistlarni himoya qilishda davom etish uchun barcha imkoniyatlarini ishga soladi. Ayni vaqtda Kobul aeroportidan vizalar berish imkoniyatini saqlab qolishga intilyapmiz. Fransiya ozodlikni himoya qiluvchilarning barchasi bilan bir tomonda», — deyiladi Fransiya ichki ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian xabarida.

Rossiya
Rossiya TIV xabariga ko‘ra, mamlakat Kobuldan diplomatlarni evakuatsiya qilishni rejalashtirmayapti. Rossiya elchixonasi avvalgi rejimda ishlashda daavom etadi, chunki «Tolibon» boshqa mamlakatlar diplomatik missiyalari bilan bir qatorda, ularning ham xavfsizligini kafolatladi, deyiladi TIV xabarida. Shuningdek, Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi shahardagi vaziyat keskin ekanini, ammo diplomatik missiya uchun xavf yo‘qligini ma’lum qildi. Keyinroq «TASS» Rossiyaning Kobuldagi elchixonasiga tayanib, mamlakat Afg‘onistondagi o‘tish davri hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Afg‘onistondagi voqealar rivojini atroflicha muhokama qilish uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan shoshilinch ravishda qo‘ng‘iroqlashdi, deyiladi Kreml saytida.

Moskva hozircha «Tolibon»ni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olmayapti. «Hamma narsaning o‘z mavridi keladi», — deyiladi Rossiya TIV xabarida.

Vatikan
Vatikanda Rim papasi Fransisk yakshanba kungi ibodati chog‘ida ziddiyatni hal qilish uchun «muloqot»ga chaqirdi. «Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan bildirilayotgan xavotirlarga qo‘shilaman, sizdan birgalikda duo qilishingizni so‘rayman, toki qurollar shovqini to‘xtab, yechim muzokaralar stoli atrofida topilsin», — dedi Fransisk. «Ushbu mamlakatning jabrlangan aholisi — keksa erkaklar, ayollar va bolalar — faqat shu yo‘l bilan o‘z uylariga qaytib, tinchlik va xavfsizlikda yashay olishi mumkin».

O‘zbekiston
15 avgust tongida O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilaridan iborat 84 kishilik guruhni qabul qilgani (ular orasida uch nafar yarador ham bo‘lgan), ular DXX Chegara qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olinib, O‘zbekiston hududida vaqtincha bo‘lib turishi tashkil etilgani ma’lum bo‘ldi. Soat 10:00 ga kelib, ushbu ko‘prikdagi vaziyat yumshadi. Afg‘onistonliklarning asosiy qismi ko‘prikni tark etdi. Peshinga yaqin esa Hayraton ko‘prigi atrofidagi vaziyat butunlay barqarorlashdi.

O‘zbekiston rasmiylarining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasi va Mozori-Sharifagi konsulligi faoliyatini davom ettirmoqda va xodimlar hali evakuatsiya qilingani yo‘q.

Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning telefon orqali suhbatidan keyin O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatining qayd etishicha, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida ikki mamlakatning tegishli idoralari o‘rtasida yaqin aloqalar va hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyo «Tolibon»ning Afg‘onistondagi g‘alabasiga qanday munosabat bildirdi?