14:23 / 17.08.2021
2 185

AQSH harbiy transport samolyoti Kobuldan 640 qochqinni bitta reysda evakuatsiya qildi

AQSH harbiy transport samolyoti Kobuldan 640 qochqinni bitta reysda evakuatsiya qildi
Kobul aeroportidagi samolyotga chiqishga va mamlakatdan qochib ketishga urinayotgan afg‘onistonliklar
Foto: AFP

AQSH harbiy-havo kuchlariga tegishli C-17 Globemaster III harbiy transport samolyotida Kobul aeroportidan 640 ga yaqin afg‘onistonlik evakuatsiya qilindi. Defence One ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab shuncha odamni bortga olib chiqish rejalashtirilmagan edi, biroq afg‘on guruhlari uchish maydoniga bostirib kirib, samolyotga o‘zlari chiqib olgan. Shundan so‘ng ekipaj ularni kuch bilan tushirib yubormaslikka, aksincha bortdagi hammani olib uchishga qaror qilgan.

Foto: Courtesy Photo
Samolyot afg‘onistonliklarni Qatarga olib keldi.

Shoshilinch evakuatsiya qilish zarur bo‘lgan ko‘plab odamlarni tashishda C-17 samolyotidan tez-tez foydalaniladi. 2013 yilda C-17 Filippinda to‘fon ta’sirida qolgan rekord miqdordagi yo‘lovchilarni tashigan — o‘shanda 670 kishi falokat zonasidan bitta reysda olib chiqilgan.

Hozir Kobul aeroporti Afg‘onistonni tark etish mumkin bo‘lgan yagona joy, aeroport AQSH harbiylari nazorati ostida. Minglab odamlar uchib ketishni xohlaydi, 16 avgust kuni ertalab ular reyslardan birortasiga o‘tirish uchun uchish maydoniga bostirib kirgan va yerda turgan samolyotlarga osilib chiqishga harakat qilgan. Hodisa oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan.

AQSH aeroportda tartibni tiklab, uchish-qo‘nish yo‘lagini odamlardan tozalash uchun Kobuldan evakuatsiya reyslarini vaqtincha to‘xtatdi. AQSH Mudofaa vazirligidagi manbaga ko‘ra, reyslar qachon tiklanishi haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.

AQSH Afg‘onistondagi elchixonasini 15 avgustdan evakuatsiya qila boshlagandi. Mamlakatda faqat diplomatik missiyaning asosiy xodimlari qoladi. Amerikalik fuqarolar bilan birga AQSH hukumati bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni evakuatsiya qilish ham rejalashtirilgan. AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanga ko‘ra, afg‘onlarning «himoyasiz» guruhlarini ham Amerika samolyotlari olib chiqib ketadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH harbiy transport samolyoti Kobuldan 640 qochqinni bitta reysda evakuatsiya qildi