13:31 / 18.08.2021
2 776

«Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganidan keyin birinchi marta matbuot anjumani o‘tkazdi

«Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganidan keyin birinchi marta matbuot anjumani o‘tkazdi
Zabixulla Mujohid
Foto: AP Photo

Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olgan «Tolibon» harakati birinchi marta matbuot anjumani o‘tkazdi. U, xususan, ingliz tilidagi Al Jazeera sayti orqali translyatsiya qilindi.

«Mamlakatimiz musulmon mamlakati bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi, ammo 20 yil avvalgi holat bilan hozirgisi o‘rtasida katta farq bor. Biz avvalgiday ish ko‘rmaymiz», — dedi harakat matbuot kotibi Zabixulla Mujohid.

Uning ma’lum qilishicha, «Tolibon» dunyo maydonida hech kim bilan dushmanlarcha munosabatda bo‘lishni istamaydi.
Uning ishontirishicha, «Tolibon» Afg‘onistonning «ziddiyat maydoni» bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas.

«20 yillik jangdan keyin biz chet elliklarni haydab chiqardik… endi butun millat uchun g‘ururlanadigan payt keldi», — dedi Mujohid. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» harakati o‘tmishdagi xafagarchiliklar uchun hech kimdan qasos olishga intilmaydi, u hammani kechirgan.

U «Tolibon» boshqa mamlakatlar bilan bevosita muloqotlarga tayyorligini yana bir marta ta’kidlab o‘tdi. Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi barcha elchixonalar va nohukumat tashkilotlar to‘liq xavfsizlikda turibdi. «Tolibon», shuningdek, kimdir mamlakat hududidan boshqa davlatlarga qarshi hujumlar uchun tayanch sifatida foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini ham oladi.

Mujohidning ishontirishicha, mamlakatda ayollar huquqlari himoya qilinadi, shariatga rioya qilgan holda ularga faol hayot tarzini olib borishga ruxsat etiladi. Ayollardan tanani va yuzni butunlay yopib turadigan paranji emas, balki yuzni ochiq qoldiradigan hijob taqish talab qilinadi, dedi u. «Bu bizning qoidalarimiz emas, balki Islom qoidalaridir. Ular ayollar xavfsizligini ko‘zlaydi», — deya qo‘shib qo‘ydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonda minglab maktablar ishlashda davom etadi.

«Tolibon» vakili yangi hukumat mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga e’tibor qaratishini aytdi. «Iqtisodiy vaziyat yaxshilanadi. Biz bunga erishish uchun, odamlarning yashash sharoitlarini yaxshilash uchun jiddiy choralar ko‘ramiz», — dedi u.

«Tolibon» shakllantirayotgan Afg‘oniston hukumati mamlakatning avvalgi hukumatidan yaxshiroq ishlay oladi, dedi Mujohid. «Biz mamlakatni boshqaramiz, siz esa keyin bizning natijalarimizni bu yerdan qochib ketganlar erishgan natija bilan solishtirishingiz mumkin bo‘ladi», — dedi u.

Mujohidning aniqlik kiritishicha, «Tolibon» yangi hukumatni shakllantirish ustida faol ish olib bormoqda. Avvalroq harakat bu hukumat inklyuziv bo‘lishiga harakat qilishini aytgandi.

«Bu juda islomiy hukumat bo‘ladi, sizga shuni va’da qilishim mumkin. U bizning qadriyatlarimizni himoya qilib, xalqqa xizmat qiladi», — deya va’da berdi Mujohid. Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat bir necha kundan keyinoq o‘z ishini boshlaydi.

«Shundan keyin mamlakatda qonun va tartib hukm suradi. Bir oz sabr qiling», — deya xulosa yasadi guruh vakili.

«Tolibon» vakili qayd etishicha, harakat «janglar va urushni xohlamaydi, balki tinchlik va barqarorlikni istaydi». Shu bilan birga, u: «Agar jang qilish kerak bo‘lsa, bu bizning qo‘limizdan keladi, bunga o‘zingiz guvoh bo‘ldingiz», — dedi.

Shuningdek, Mujohid Afg‘oniston narkotiklar ishlab chiqarishni to‘xtatishini aytdi. Hamda mustaqil OAVlar mustaqil bo‘lib qolishini, biroq ular Islom qoidalariga rioya qilib, milliy manfaatlarga qarshi ishlamasligi kerakligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 15 avgust kuni «Tolibon» Afg‘onistonning butun hududini o‘z nazorati ostiga olganini e’lon qildi. Shu kuni «Tolibon» Kobuldagi prezident saroyiga kirdi. Keyinroq hukumat kuchlari tark etgan barcha davlat muassasalarini va davlat televideniyesini egallab oldi.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani iste’fo berishga rozi bo‘lgan va mamlakatni tark etgan. The New York Times va Al Jazeera Ashraf G‘anining O‘zbekistonga yo‘l olgani haqida xabar berdi. Ammo keyinroq Ashraf G‘ani O‘zbekistonda ham, Tojikistonda ham, Qozog‘istonda ham emasligi ma’lum qilindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganidan keyin birinchi marta matbuot anjumani o‘tkazdi