21:52 / 18.08.2021
2 016

Toliblarning hokimiyatga kelishi. Kobul nima uchun buncha tez quladi?

Toliblarning hokimiyatga kelishi. Kobul nima uchun buncha tez quladi?
Toliblar ko‘plab viloyatlarni jangsiz egalladi / EPA
Toliblarning yashin tezligidagi hujumlari afg‘on hukumati va xalqaro hamjamiyatni dog‘da qoldirdi. Hech kim Kobul amerikalik harbiylar va uning ittifoqchilari olib chiqilishi jarayoni yakunlanishidan oldin qulashini kutmagandi.

«Tolibon» bir necha oy ichida qanday qilib butun Afg‘onistonni egalladi, NATO tomonidan qurollantirilgan va o‘qitilgan mahalliy armiya uni to‘xtata olmadi? BBC rus xizmati ro‘y bergan hodisalarning sabablarini sanadi.

Korrupsiya va jangovar ruhning yo‘qligi
«Biz 20 yil ichida uch trillion dollardan ortiq mablag‘ sarfladik. Biz afg‘on xavfsizlik kuchlari uchun 300 mingdan ortiq kishini o‘qitdik va zamonaviy texnikalar bilan qurollantirdik», dedi AQSH prezidenti Jo Bayden o‘tgan haftada.

20 yillikda birgina amerikaliklarning Afg‘oniston armiyasi uchun sarflagan mablag‘i 83 milliard dollardan ortiqni tashkil etgan.

300 ming kishi - Afg‘oniston hukumatining kuch ishlatar tuzilmalardagi shaxsiy tarkibi bo‘yicha rasmiy raqam: armiya, harbiy-havo kuchlari va politsiya.

Toliblarning asosiy kuchlari esa, AQSHning Vest-Poyntdagi harbiy akademiyasi hisoblariga ko‘ra, 60 ming kishi atrofida; turli manbalar 75-80 minggacha raqamlarni keltiradi.

Foto: AR/TASS
Ammo Birlashgan Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti vakili Jek Uotlingning fikricha, aslida afg‘on armiyasi rahbariyati ham o‘z ixtiyoridagi barcha harbiylarning aniq sonini bila olmagan.

Hukumat armiyasi uchun xizmatga chaqiruv jarayoni hech qachon maromiga yetkazilmagan, armiya hamisha dezertirlik, korrupsiya, ulkan yo‘qotishlar va jangovar ruhning juda past darajada bo‘lishidan aziyat chekkan. Ayrim qo‘mondonlar faqat hujjatlarda qayd etilgan «arvoh askarlar» uchun maoshlarni o‘zlashtirib kelishgan.

Foreign Policy jurnali korrespondenti Linn O’Donnell mamlakat mudofaa vazirligi va ichki ishlar vazirligi korrupsiya botqog‘iga botgani haqida yozgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, politsiyachilar oylar davomida maosh olishmagan, harbiylar doimiy ravishda maoshlar to‘lanishi kechikishidan shikoyat qilib kelishgan.

Newsnight manbasi ham Kobuldagi hukumat tezda qulashining asosiy sababi sifatida Afg‘oniston armiyasidagi harbiylar soni raqamlardagidan olti barobar kam bo‘lgani, «Tolibon» jangarilari soni esa hisob-kitoblardagidan ikki barobar ko‘pligini aytgan.

Vaziyatdan xabardor bo‘lgan ikki manba afg‘on armiyasi harbiylari soni aslida 50 ming kishi atrofida bo‘lganini tasdiqlagan. BBC bilan suhbatda bo‘lgan yuqori martabali amaldorlardan biri mamlakat mudofaa vaziri hamda sobiq tashqi ishlar vaziri o‘rtasidagi suhbatda shunday raqamlar keltirilganini aytgan.

Yana bir manba, xalqaro terrorizm bo‘yicha ekspert Sajan Goel ham 50 minglik raqam hayotga yaqinroq deb hisoblaydi.

AQSH harbiy-havo kuchlarining iste’fodagi admirali Mayk Mallen CNN telekanaliga bergan intervyusida amerikaliklar va uning ittifoqchilari korrupsiyaning mamlakat mudofaa qobiliyatiga ta’siriga yetarlicha baho bera olmaganini aytgan. Uning hisoblashicha, korrupsiya afg‘on armiyasining mag‘lubiyatidagi yagona omil bo‘lmasa-da, asosiysi bo‘lgan.

Prezident Bayden Afg‘onistondan harbiylarni olib chiqish qarorini bir necha bor himoya qildi / POOL
Afg‘on harbiylari aksar hollarda mamlakatning boshqa hududlarida, qarindosh va tanishlari yo‘q bo‘lgan joylarga xizmat qilish uchun yuborilgan va bu ham ular pozitsiyalarini jangsiz boy berishi omillaridan biri bo‘lib xizmat qilgan - askarlar tezroq o‘z yurtiga yetib olish va oilasini himoya qilishga intilgan.

AQSH harbiy-havo kuchlarining iste’fodagi yana bir admirali Jeyms Stavridis o‘z intervyusida amerikaliklar va ularning ittifoqchilari Afg‘onistonda g‘arb namunasidagi doimiy armiyani tuzishga urinib, xato qilganini qayd etadi. Uning hisoblashicha, buning o‘rniga toliblarnikiga o‘xshash, zamonaviy texnikalar va havodan qo‘llab-quvvatlovga muhtoj bo‘lmagan mobil otryadlar tuzish kerak edi.

Amaldagi hokimiyat legitimligi masalasi

Prezident Ashraf G‘ani korrupsiyada va saylovdagi qoidabuzarliklarda ayblanadi / Reuters
Keng tarqalgan korrupsiya - amerikaliklar kirib kelgach saylangan prezidentlar - Hamid Karzay va Ashraf G‘ani hukumati afg‘on jamoatchiligining katta qismi tomonidan legitim deb hisoblamasligi omillaridan biridir.

G‘ani 2019-2020 yillardagi saylov jarayoni yakuniga ko‘ra ikkinchi muddatga saylanadi, bu saylov bir necha oy davom etib, saylovdagi qoidabuzarliklar bo‘yicha ayblovlar bilan kechadi.

Ovoz berish jarayonida 40 millionlik aholidan 2 milliondan kamrog‘i qatnashadi. G‘anidan avvalgi prezident Karzay uning inauguratsiyasiga kelmaydi.

CNN tahlilchisi Farid Zakariyoning fikricha, afg‘on hukumati xorijiy kuchlar hisobiga yashab turgani uchun ham legitimlikka erisha olmagan.

Amerikalik iste’fodagi diplomat Karter Malkasyan Afg‘onistonda, boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi, mahalliy aholi o‘z yerida xorij askarlari, ayniqsa boshqa dindagilar bo‘lishini istashmasligi haqida fikr bildirgan.

Afg‘onlar ko‘plab xorijiy bosqinchilarni quvib yuborishgani bilan faxrlanib kelishadi, “Tolibon” esa bundan o‘z tashviqoti uchun unumli foydalangan, Vashingtonga qaram hukumat esa - yo‘q.

“Afg‘onistondagi ko‘plab erkaklar va ayollar uchun AQSHning mamlakatdagi mavjudligi muammo edi. Bu esa “Tolibon”ga amaldagi hukumat - xorijliklarning qo‘g‘irchog‘i ekani haqida gapirishga imkon berardi”, deydi Malkasyan.

Unherd nashri tahlilchisi Aris Russinos Amerika generallari va ularning britaniyalik ittifoqchilari "partizanlarga qarshi urushlar" bo‘yicha doktrinaga (COIN) tayanishgani haqida yozadi, unga ko‘ra, interventlar infratuzilmalar loyihalari va investitsiyalari orqali hukumatning qonuniyligini ta’minlashga erishishlari mumkin.

Publitsist bu hal qiluvchi xato bo‘lgan deb hisoblaydi - aynan afg‘on hukumati xorijiy derjavalarga o‘ta qaram bo‘lgani uni keng xalq ommasi qo‘llab-quvvatlovidan mahrum qilgan.

Toliblarning tashviqoti

Jangarilar mahalliy aholini qo‘rqitishgan va hamkorlik qilishga ko‘ndirishgan / EPA
Toliblar so‘nggi yillar mobaynida mahalliy aholi bilan metodik ishlar olib borishgan va oqsoqollarning qo‘llab-quvvatloviga, ular esa hukumat askarlarini taslim bo‘lishga ko‘ndirishiga erishishga uringan.

International Crisis Group ekspertlari yozishicha, jangarilar chekka hududlarda dezinformatsiya, tahdidlar, zo‘ravonliklar hamda hamkorlik evaziga afv etish va’dalari bilan jamoalarni o‘z ta’siriga og‘dirishgan.

Toliblar tomonidan ikkinchi viloyat markazi bo‘lgan Shibirg‘onning yuqori martabali amaldorlaridan biri "Frans press" agentligiga bergan intervyusida hukumat harbiylari esa "Tolibon"ning keng tashviqot kampaniyasi tufayli jangovar ruhini yo‘qotgani haqida aytadi.

U shahar himoyachilarining asosiy qismi toliblar kelishidan oldinroq qurollarni tashlab qochib ketganini qo‘shimcha qilgan.

Toliblarning daromadlari - narkosavdodan soliqlargacha

Ekspertlar jangarilar kontrabanda va narkotiklar orqali katta mablag‘ ishlashini aytishadi / AFP
Toliblarning resurslari AQSHning milliardlab investitsiyalari bilan tenglasha olmasa-da, harakatning ham o‘z daromad manbalari bo‘lib kelgan. Newlines Institute tadqiqot markazi vakili Komron Bohariyning aytishicha, ular giyohvandlik moddalari savdosidan, xususan opiumdan, kontrabanda orqali katta pul topishgan, shuningdek, o‘z nazoratidagi hududlarda yer solig‘i yig‘ishgan, fermerlar va boshqa tadbirkorlar ham ularga ulush berib faoliyat olib borishgan.

NATO tomonidan buyurtma qilingan yopiq hisobotda aytilishicha, 2020 yilda toliblar tog‘-kon sanoati orqali 464 mln dollar, giyohvand moddalar savdosi orqali 416 mln dollar ishlab olishgan, 240 mln dollar xorijiy donorlardan, yana 240 mln dollar - mahsulotlar eksportidan kelgan, shuningdek, soliqlar orqali 160 mln dollar yig‘ilgan (“Ozodlik Radiosi” ma’lumoti).

Afg‘onistonda sovetlar bosqinidan keyin juda ko‘p o‘qotar qurollar qolgan. Bu yil esa hukumat qo‘shinlari ustidan har bir g‘alabadan keyin toliblar amerikaliklar tomonidan berilgan ko‘plab zamonaviy qurollar, “Hamvi” rusumli zirhli texnikalar, tungi ko‘rish moslamalari va artilleriya qurollarini qo‘lga kiritishdi.

Aqlli diplomatiya

Bu safar toliblar mamlakatni faqatgina harbiy yurishlar bilan emas, balki diplomatik sa’y-harakatlar bilan ham nazoratga oldi. Harakatda yagona rahbar mavjud emas - uni siyosiy yetakchilar guruhi boshqaradi, ularning asosiy qismi Qatar poytaxtidagi qarorgohdan turib ishlaydi.

Dohadagi uchrashuvlarda ular amerikalik diplomatlarni bundan buyon “Al-Qoida” rahbarlarini yashirmasliklari, beshafqat jazo usullaridan voz kechishlari hamda ziddiyatni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanliklariga ishontirishdi.

Toliblar o‘z so‘zlarida turishmadi - ammo bu ma’lum bo‘lganida amerikalik harbiylar olib chiqib bo‘lingandi va Bayden bu jarayonni to‘xtatishni istamadi.

“Bugungi “Tolibon” o‘zini xalqaro miqyosda ham, mahalliy darajada ham chiniqqan va layoqatli diplomatik o‘yinchi sifatida namoyish etmoqda”, deb hisoblaydi jurnalist Aris Russinos.

Harakatning siyosiy rahbariyati Rossiya va Xitoy bilan muzokaralar olib bordi hamda o‘z kurashini Afg‘oniston chegaralaridan tashqariga chiqarmaslikni va’da qildi. Toliblar delegatsiyasi Xitoy va Rossiya tashqi ishlar vazirliklari tomonidan qabul qilindi.

"Tolibon" Xitoyni xalqaro legitimlik manbayi, bo‘lg‘usi iqtisodiy homiy va ittifoqchisi Pokistonga ta’sir ko‘rsatish vositasi sifatida ko‘radi”, deya yozadi Wall Street Journal gazetasi korrespondenti Chao Den.

Pokiston va Fors ko‘rfazi mamlakatlari ko‘magi
Aynan Pokistonning qo‘llab-quvvatlovi “Tolibon” muvaffaqiyatlaridagi asosiy omil bo‘lib xizmat qildi.

Rasmiy Islomobod Afg‘onistondagi fuqarolik urushi masalasida betaraf ekanini aytib keladi, ammo ekspertlar Pokiston o‘zining shimoldagi tog‘li hududlarida "Tolibon"ning dala qo‘mondonlarini yashirib kelishi hamda ularga o‘z kuch ishlatar tuzilmalari orqali doimiy yordam ko‘rsatib keladi, deb hisoblaydi.

Toliblar harakati 1990-yillarda aynan Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlarida, SSSR tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kommunistik hukumatga muxolif kuch sifatida paydo bo‘lgan.

Karnegi markazi eksperti Oqil Shohning fikricha, avvalboshdan toliblarga Pokiston razvedka xizmati (ISI) yordam ko‘rsatgan.

Vaziriston viloyati - Pokistondagi toliblarning asosiy tayanchlaridan biri / Getty Images
Hozirda toliblarning harbiy-siyosiy kengashi bo‘lmish “sho‘ro”ning qarorgohi Pokistonning Belujiston viloyatida joylashgan.

Oqil Shoh Pokiston armiyasi va razvedkasi hamon “Tolibon”ga yordam ko‘rsatib keladi deb hisoblaydi, jangarilar va qurollar chegara orqali erkin o‘tishi, jarohatlangan jangarilar Pokistondagi shifoxonalarda davolanishi, ular Pokiston pasporti bilan sayohat qilishlari hamda yirik shaharlarda bizneslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga egaliklari bunga dalil sifatida keltiriladi.

Toliblarning hokimiyatga kelishi munosabati bilan Pokiston xavfsizlik xizmati afg‘on razvedkasi ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishi mumkin bo‘ladi, oldingi hukumat razvedka xizmati pokistonliklarning azaliy dushmani hisoblangan Hindiston bilan yaqindan hamkorlik qilishda gumonlangan.

New York Times gazetasi Pokiston toliblarga homiylik qilishini Saudiya Arabistoni ham norasman qo‘llab-quvvatlaydi, saudiyalik shayxlar va biznesmenlar toliblarni moliyalashtiradi.

Pokiston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari 1990-yillarda toliblarning amirligini tan olgan uch davlat bo‘lgandi.

Fors ko‘rfazidagi yana bir badavlat davlat Qatar esa "Tolibon"ning siyosiy rahbariyatiga Dohadan boshpana bergandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Toliblarning hokimiyatga kelishi. Kobul nima uchun buncha tez quladi?