11:44 / 19.08.2021
2 398

«Tolibon» Afg‘onistonni egallagandan so‘ng Baydenning reytingi eng past darajaga tushib ketdi

«Tolibon» Afg‘onistonni egallagandan so‘ng Baydenning reytingi eng past darajaga tushib ketdi
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Jo Baydenning reytingi u prezidentlikka kirishganidan buyon eng past darajaga — 46 foizgacha tushib ketdi. «Tolibon» Kobulga kirganidan bir kun o‘tib, 16 avgust kuni Reuters va Ipsos o‘tkazgan qo‘shma so‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatmoqda.

13 avgust kuni o‘tkazilgan so‘rovnomaning natijalariga ko‘ra, voyaga yetgan amerikaliklarning 53 foizi Baydendan mamnun edi, dam olish kunlari bu ko‘rsatkich 7 foizga pasaygan.

Ipsos’ning 16 avgust kuni o‘tkazgan alohida so‘rovnomasi shuni ko‘rsatdiki, AQSH fuqarolarining yarmidan kamrog‘i AQSHning Bayden rahbarligida Afg‘onistonda olib borgan bu yilgi harbiy va diplomatik harakatlarini ma’qullamoqda. Reuters yozishicha, amerikaliklar Baydenning harakatlariga bergan baho Afg‘onistondagi ziddiyatda qatnashgan oldingi uch nafar Amerika prezidentinikidan past.

Amaldagi prezident Afg‘oniston bilan yuzaga kelayotgan muammolarni qanday hal qilayotganini ma’qullash darajasi uning davrida AQSH qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirgan sobiq prezident Jorj Bushnikidan ham pastroq bo‘lib chiqdi.

Ipsos so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, 75 foiz amerikaliklar Afg‘onistondagi qo‘shinlarni olib chiqish tugagunga qadar u yerdagi asosiy punktlarni qo‘riqlash uchun qo‘shimcha kuch yuborishni qo‘llab-quvvatlaydi. Taxminan, yana shuncha odam AQSH armiyasiga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilish tarafdori.

Aprel oyida AQSHning hozirgi prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlanganini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar mintaqada ularning oldiga qo‘yilgan barcha maqsadlarga erishgan. Qurolli Kuchlarni 11 sentabrgacha to‘liq chiqarib ketish rejalashtirilgan. Amerika va NATO mamlakatlari qo‘shinlari 29 apreldan chiqib ketishni boshlagan.

AQSH va uning ittifoqchilari Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqa boshlagach, «Tolibon» respublikada keng ko‘lamli hujumlar boshladi. «Tolibon» Afg‘onistonda kuchayib borayotganiga qaramay, Bayden mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqish rejasini o‘zgartirmasligini ma’lum qildi.

15 avgust kuni «Tolibon» jangarilari Kobulga kirdi va Afg‘onistonning butun hududini nazorat ostiga olganini e’lon qildi. Shu kuniyoq mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani iste’foga chiqib, mamlakatni tark etdi. Afg‘oniston maxsus kuchlari tarqatib yuborildi, aholidan qurol-yarog‘lar musodara qilinmoqda.

Keyinroq Bayden Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan nutq so‘zlab, Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish to‘g‘risidagi qaroridan afsuslanmasligini aytdi.
«Biz afg‘onlarga o‘z kelajagini qurishi uchun hamma narsani berdik. Ammo ushbu kelajak uchun kurashish istagini bera olmaymiz», — dedi Bayden.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Afg‘onistonni egallagandan so‘ng Baydenning reytingi eng past darajaga tushib ketdi