12:53 / 22.08.2021
5 801

Afg‘onistonda etnik o‘zbeklar va tojiklar «Tolibon»ga qarshi koalitsiya tuzmoqda (video)

Afg‘onistonda etnik o‘zbeklar va tojiklar «Tolibon»ga qarshi koalitsiya tuzmoqda (video)
Foto: «Centralasia.media»
Afg‘onistonning Panjsher viloyatida «Tolibon»ga qarshi koalitsiya shakllanmoqda, deb yozadi «RBK». U, asosan, etnik tojik va o‘zbeklardan iborat. Qarshilik kuchlariga Yormuhammad Do‘stum — sobiq vitse-prezident marshal Abdurashid Do‘stumning o‘g‘li boshchilik qilmoqda.

Afg‘onistonning Panjsher viloyati — «Tolibon» nazorati ostiga o‘tmagan yagona hudud bo‘lib, u yerda qarshilik otryadlari yetakchilaridan biri Ahmad Mas’ud («Tolibon»ga qarshi koalitsiyaning sobiq yetakchisi Ahmadshoh Mas’udning o‘g‘li) va Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih joylashib olgan. 17 avgust kuni prezident Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketgach, Solih o‘zini davlat rahbari deb e’lon qildi va jangarilarga hech qachon taslim bo‘lmaslikka va’da berdi.

«Tolibon» harakatining siyosiy idorasi vakili 21 avgust kuni Rossiyaning Afg‘onistondagi elchixonasiga tashrif buyurgan, bu haqda elchi Dmitriy Jirnov ma’lum qildi.

«Bugun elchixonamizga ‘Tolibon’ siyosiy idorasi vakili kelib, panjsherliklarga siyosiy signal berishimizni so‘radi», — dedi diplomat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» vakili Rossiyadan Panjsher yetakchilari va aholisiga harakat vakillari hozirgi paytgacha viloyatga kuch bilan kirishga urinib ko‘rmaganini yetkazib qo‘yishni so‘ragan. «Guruh vaziyatni hal qilishning tinch yo‘lini topishga umid qilmoqda, masalan, siyosiy kelishuvga erishish orqali», — dedi diplomat. «Tolibon» da’vo qilishicha, ular muzokaralarga tayyor va qon to‘kilishini istamaydi, deya qo‘shib qo‘ydi elchi.

Jirnovning fikricha, ushbu murojaat orqali «Tolibon» jangarilari ular boshqalar tasavvur qiladigan darajada «dahshatli emasligi»ni ko‘rsatmoqchi va «vaziyatni Solihdan ko‘ra madaniyatliroq tarzda tartibga solmoqchi».

Elchining so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat «Tolibon» tomonidan egallab olingach, Kobuldagi vaziyat tinch, «ketma-ket sakkiz kundan buyon hammasi yaxshi». «Bunga o‘z ko‘zimiz bilan ishonch hosil qilish uchun biz bugun shaharga chiqib keldik», — dedi u. Jirnovning qo‘shimcha qilishicha, u «Tolibon»ning Markaziy Osiyo mamlakatlariga yoyilishi mumkinligiga ishonmaydi: «U yoqlarga borishiga ishonmayman. Ularning uyda qiladigan ishlari juda ko‘p».

14 avgust kuni Afg‘oniston hukumatining mamlakat shimolidagi so‘nggi tayanchi hisoblangan Mozori-Sharif shahri «Tolibon» nazorati ostiga o‘tdi. Shaharni tashlab qochgan Afg‘oniston mudofaa va xavfsizlik kuchlari, jumladan, Termiz—Hayraton ko‘prigiga yig‘ilgan va chegaraning O‘zbekiston tomondan ochilishini kutgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ular orasida Afg‘oniston o‘zbeklari yetakchisi Do‘stum va tojiklar yetakchisi Ato Muhammad Nur ham bo‘lgan. Biroq ularning ayni vaqtda qayerda ekani rasman noma’lum. Ato Muhammad Nur 15 avgustga o‘tar kechasi Twitter’dagi sahifasida xabar qoldirib, o‘zi va marshal Do‘stum «xavfsiz joyda» ekanini ma’lum qilgan edi.

15 avgust kuni Do‘stum kuni kecha Afg‘oniston—O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgani va hozirda O‘zbekiston hududida bo‘lib turgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi «Dunyo» axborot agentligi Ashraf G‘ani, Abdurashid Do‘stum, Ato Muhammad Nur va boshqa afg‘on yetakchilari O‘zbekistonda emasligini ma’lum qildi.

Avvalroq Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih o‘zini qonuniy davlat rahbari deb e’lon qilgan, uning kuchlari Kobuldan shimolda joylashgan Parvon viloyati markazi Chorikor shahrida tumanlardan birini «Tolibon»dan olib qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan edi. Uning aytishicha, ayni paytda Panjsher viloyatida janglar ketmoqda.

Keyinroq Ahmad Mas’ud AQSH va G‘arbga murojaat qilib, mamlakatda hokimiyatni egallab olgan «Tolibon» jangarilariga qarshi kurashish uchun qurol-yarog‘ va aslahalar yetkazib berishni so‘radi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistonda etnik o‘zbeklar va tojiklar «Tolibon»ga qarshi koalitsiya tuzmoqda (video)