08:00 / 25.08.2021
2 893

Kobulda Ukraina samolyoti olib qochilgani ma’lum qilindi

Kobulda Ukraina samolyoti olib qochilgani ma’lum qilindi
Foto: GeneralStaff.ua
Kobulda olib qochilgani aytilgan Ukraina samolyoti Afg‘onistondan Eronga uchib ketmoqchi bo‘lgan puldor afg‘onlar tomonidan yollangani aytildi. Avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Yenin samolyot noma’lum shaxslar tomonidan egallab olinib, noma’lum yo‘lovchilar bilan Eronga uchib ketganini ma’lum qilgan.

“Strana.ua” nashrining aviatsiya sohasidagi manbalarga tayanib xabar berishicha, samolyot olib qochilmagan. Unda Eronga uchish uchun oltin va qimmatbaho toshlar bilan hisob-kitob qilgan hazoriylar bo‘lgan. Nashr manbalarining ta’kidlashicha, puldor afg‘onlar Ukrainaga tegishli boshqa samolyotlardagi o‘rinlarni ham katta pulga sotib olishmoqda.

24 avgust kuni Yenin Afg‘onistonga Ukraina fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun kelgan samolyot Kobul aeroportida noma’lum shaxslar tomonidan egallab olinganini ma’lum qilgan. Diplomatning ta’kidlashicha, ushbu samolyot o‘tgan hafta noma’lum sabablarga ko‘ra, Eronga boshqa yo‘lovchilarni olib chiqqan.

Keyinroq Ukraina tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Oleg Nikolenko samolyot olib qochilgani haqidagi axborotni haqiqatga mos emas deb aytgan. Uning ta’kidlashicha, hamkasbi samolyot “egallab olingani”ni aytganda, kelishilgan samolyot boshqa odamlarni olib ketganini nazarda tutgan.

“Kobul aeroportida xaos hukm surmoqda, ko‘plab odamlar mamlakatni har qanday yo‘l bilan tark etishga urinmoqda”, deb ta’kidlab o‘tgan Nikolenko.

Uning ma’lum qilishicha, Ukraina Afg‘onistondan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun jalb qilgan barcha samolyotlar Ukrainaga qaytgan. Hammasi bo‘lib uchta reys amalga oshirilgan va ular yordamida 256 kishi olib chiqilgan.

23 avgustda Kiyevdagi “Borispol” aeroportiga Afg‘onistondan kelgan uchinchi samolyot qo‘ngan. Uning bortida 98 kishi, jumladan 41 nafar ukrainalik bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, Afg‘onistonda hozirda 50 ga yaqin ukrainalik qolmoqda.

Afg‘onistonda toliblar hokimiyatni egallab olgani ortida ko‘plab davlatlar mamlakatdan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kobulda Ukraina samolyoti olib qochilgani ma’lum qilindi