15:15 / 31.08.2021
3 998

«Tolibon»ga qarshi kuchlar yetakchisi Ahmad Mas’ud qanday shart bilan jangni to‘xtatishini aytdi

«Tolibon»ga qarshi kuchlar yetakchisi Ahmad Mas’ud qanday shart bilan jangni to‘xtatishini aytdi
Ahmad Mas’udga sodiq xalq lashkari
Foto: AP Photo

«Tolibon» nazorati ostiga o‘tmagan Panjsher viloyatidagi qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Mas’ud agar «Tolibon» barcha afg‘onlarga teng huquqlilik taqdim etib, inklyuziv hukumat tuzsa, qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u Foreign Policy nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Agar ‘Tolibon’ hokimiyatni hamma bilan bo‘lishishga, adolat o‘rnatishga hamda butun Afg‘onistonga teng huquq va erkinliklar taqdim etishga tayyor bo‘lsa, u holda men chekinaman va siyosatdan ketaman», — dedi qarshilik kuchlari yetakchisi.

Mas’udning qayd etishicha, qarshilik kuchlari hokimiyat bo‘linmaydigan bo‘lsa, kurashdan voz kechmoqchi emas. «Biz 50 yildan buyon tinchlik uchun kurashdik, bizni esa doim urishishga majbur qilib kelishdi. Ammo tinchlik degani taslim bo‘lish hamda Afg‘onistonda adolatsizlik va tengsizlikni saqlab qolish degani emas», — deya xulosa qildi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi ziddiyatni fuqarolar urushi deb atab bo‘lmaydi, chunki «Tolibon» mamlakatning ichki ishlariga aralashadigan tashqi kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shu bilan birga, uning o‘zi boshqa mamlakatlardan hech qanday yordam olmayotganini ta’kidladi.

15 avgust kuni «Tolibon» Kobulga kirib, butun mamlakat ustidan nazorat o‘rnatganini e’lon qildi. Mas’ud Panjsher viloyatini «Tolibon»ga topshirishdan bosh tortdi. Viloyatda, shuningdek, vitse-prezident Amrulla Solih ham bo‘lib, u prezident mamlakatdan qochib ketganidan keyin o‘zini uning vazifasini bajaruvchi deb e’lon qildi.

30 avgust kuni AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib ketish jarayonini yakunladi, shundan keyin «Tolibon» Afg‘onistonning to‘liq mustaqilligini e’lon qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon»ga qarshi kuchlar yetakchisi Ahmad Mas’ud qanday shart bilan jangni to‘xtatishini aytdi