17:35 / 01.09.2021
1 399

«Tolibon» yetakchisi mulla Haybatulla Oxunzoda Afg‘onistonning oliy rahbariga aylanishi mumkin

«Tolibon» yetakchisi mulla Haybatulla Oxunzoda Afg‘onistonning oliy rahbariga aylanishi mumkin
Foto: Reuters
CNN-News18 manbalarining xabar berishicha, «Tolibon» Eron modeliga asoslangan hukumat tuzishni istaydi. Eron Islom Respublikasida Oliy rahnamo davlat rahbari va diniy yetakchi hisoblanadi.

«Tolibon» bosh yetakchisi Haybatulla Oxunzoda Oliy Kengash raisi bo‘lishi mumkin. U hech qachon omma oldida ko‘rinish bermagan va qayerda ekani hamisha noma’lum bo‘lib kelgan. U Qandahordan turib ish olib boradi.

Avvalroq «Tolibon» Afg‘onistonda inklyuziv hukumat tuzish bo‘yicha muzokaralarni yakunlagani haqida xabar berilgandi. «Tolibon» rahbari mulla Haybatulla Oxunzoda 29 avgust kuni Afg‘onistonga keldi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH kuchlari va ularning ittifoqchilari Afg‘onistonda bo‘lgan yillarda Oxunzoda qo‘shni Pokistonda yashirinib yurgan.

Oxunzoda «Tolibon» harakatining mulla Umar va Axtar Mansurdan keyingi uchinchi asoschisi hisoblanadi. 2013 yilda Axtar Mansur mulla Umarning vafoti haqida e’lon qilgan va uning vorisi etib tayinlangan edi. Mansur 2016 yilda Amerika uchuvchisiz qurilmasi zarbasi bilan o‘ldirilgach, Haybatulla Oxunzoda «Tolibon» boshlig‘i deb e’lon qilindi.

Iyul—avgust oylarida «Tolibon» harakati jangarilari Afg‘onistondan AQSH va ittifoqdoshlari qo‘shinlari olib ketilishi fonida mamlakatning deyarli barcha viloyatlarini birin-ketin egallab oldi va 15 avgust kuni Kobulga kirdi. Poytaxt qo‘lga olinishidan bir necha soat avval prezident Ashraf G‘ani Afg‘onistondan qochib ketdi. Mamlakatning ko‘plab rahbarlari undan namuna oldi.

Ayni paytda faqat Panjsher viloyati jangarilar nazorati ostiga o‘tmagan. Panjsher yetakchisi, Afg‘oniston milliy qahramoni Ahmadshoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud mamlakatda barcha milliy ozchiliklar ishtirokida hukumat tuzilishini ma’lum qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» yetakchisi mulla Haybatulla Oxunzoda Afg‘onistonning oliy rahbariga aylanishi mumkin
[/banner_pushhouse