10:27 / 02.09.2021
1 374

Afg‘oniston ichkarisi va atrofidagi yangi kuchlar muvozanati haqida

Afg‘oniston ichkarisi va atrofidagi yangi kuchlar muvozanati haqida
«Tolibon» Kobulni egallab, butun Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatganini e’lon qilganidan buyon o‘tgan yarim oy prezident Ashraf G‘anining mamlakatdan qochishi, G‘arb davlatlarining o‘z fuqarolari va ba’zi afg‘onlarni evakuatsiya qilishi, Panjsherdagi qarshilik va Kobuldagi terakt bilan esda qolmoqda. Shuningdek, 31 avgust kuni AQSH Afg‘onistondan to‘liq chiqib ketganini e’lon qildi. Biroq umumiy vaziyat va endi kim qanday rolga ega bo‘lishi noaniqligicha qolmoqda. «Daryo» kolumnisti Sarvar Jalolov «Tolibon» ishg‘olidan keyin Afg‘oniston ichkarisida va atrofida yuzaga kelayotgan kuchlar muvozanati haqida fikr yuritadi.

«Tolibon» mamlakatni qanday boshqaryapti?
Afg‘onistonda davlatning bunchalik tez va oson qulashini nafaqat xalqaro hamjamiyat, balki «Tolibon» uchun ham kutilmagan hol bo‘lganini ta’kidlash lozim. Kobul egallangach harakat vakillari nima qilishni bilmay yurganini namoyish etayotgan kadrlar «Tolibon» mamlakatni boshqarish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmaslik bilan birga, qandaydir boshqaruv konsepsiyasi ham mavjud emasligini ko‘rsatmoqda.

Shariat asosida boshqarish haqidagi bayonotlar uni «Tolibon» 1990 yillarda joriy qilgan va pushtun an’analariga ko‘ra talqinda amalga oshirish toliblarning hozirgi istaklarini inobatga oladigan reallikda imkonsizligi bilan to‘qnashadi. Zero, harakatning siyosiy byurosi da’vo qilayotganidek ayollar huquqlari va OAV erkinligini ta’minlay olish uchun o‘n minglab a’zolarini ham bunga o‘rgatishiga to‘g‘ri keladi.

Eski va «yangi», «xushmuomalaroq» «Tolibon» The Washington Post karikaturisti Maykl de Adder nigohida
Bundan tashqari, uzoq vaqt pushtun milliy harakati sifatida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa ham, oxirgi yillarda Afg‘onistonning boshqa etnik guruhlari — tojiklar, turkmanlar va o‘zbeklarni faol ravishda o‘z safiga qo‘shib olgan «Tolibon» ko‘pmillatli davlat boshqaruvida ham barcha yirik millatlar vakillari bo‘lishini ma’lum qilmoqda. «Tolibon»ning ichidagi kuchlar muvozanati va kim kimligi haqida xalqaro nashrlarda ko‘p yozilmoqda. Harakat esa boshqaruvni nafaqat o‘z kuchlari orasida, balki «Tolibon»dan tashqaridagi kuchlar bilan bo‘lisha olishini ma’lum qilmoqda.

Jumladan, Panjsherda bosh ko‘targan tojiklar yetakchisi Ahmad Ma’sud ham mamlakatni boshqarishi kutilayotgan 12 kishilik kengashga taklif qilingan. AQSH yangi hukumatga eski siyosatchilardan Hamid Karzay va Abdulla Abdullani ham qo‘shish lozimligini «Tolibon» vakillariga yetkazgan. Al Jazeera yozishicha, «Tolibon» mamlakatni boshqarish uchun amir-ul mo‘minin lavozimini joriy qilish maqsadida ekanligini ma’lum qilgan.

«Tolibon» hattoki avvalgi boshqaruvi davrida eng dahshatli siquvga uchragan shia mazhabiga e’tiqod qiluvchi hazaralarga ham hozir yaxshi munosabatda bo‘lyapti — Kobulda shialar tomonidan Ashuro kuni nishonlanishiga qo‘yib berilgan va unga «Tolibon» vakillari ham tashrif buyurgan, hazara oqsoqollari bilan uchrashgan. Bu ham xalqaro hamjamiyat ko‘zi uchun qilinyapti, degan taxmin albatta darhol birinchi o‘ringa chiqadi. Jumladan, «eski Tolibon»ning eng katta dushmanlaridan deb e’lon qilingan Eron bilan «yangi Tolibon» o‘rnatgan munosabatlarni saqlab qolish zarurati tufayli.

Bir tarafdan «Tolibon» Afg‘onistonni jangsiz egallash orqali mahalliy va etnik yetakchilar bilan kelisha olishini va kompromisga borishi mumkinligini ko‘rsatgandi. Biroq boshqa tarafdan «Tolibon» o‘z va’dalarini bajarmagan taqdirda turli qabila boshliqlari ham kelishuvdan voz kechib qarshilik harakatiga qo‘shilmasligiga kafolat yo‘q. Ya’ni Afg‘onistonni egallashdan boshqarish qiyin bo‘lgan reallikka «Tolibon» ham duch keladi.

Karzay, Abdulla, Ma’sud – Afg‘onistondagi boshqa kuchlar
«Tolibon» Kobulni qo‘lga olgach mamlakatni tark etmagan va hattoki bemalol yurgan Afg‘oniston davlat arboblaridan eng kuchlilari – sobiq prezident Hamid Karzay va Milliy yarashuv kengashi rahbari, Ashraf G‘anining prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasini ikki marta ham tan olmay o‘z g‘alabasini da’vo qilgan Abdulla Abdulla bor.

Hamid Karzay 1990 yillarda «Tolibon» bilan ma’lum aloqalarda bo‘lgan. Dastlab «Tolibon» unga elchi bo‘lishni taklif qilgan va Karzay rad etgan bo‘lsa, keyin Karzay ular tuzgan Afg‘oniston Islom Amirligini BMTda taqdim qilish taklifi bilan ham chiqqan, biroq «Tolibon» ishonch bildirmagan. 1999 yilda Karzayning otasi «Tolibon» tomonidan o‘ldirilgach u Ahmad Shoh Ma’sud boshchiligidagi Shimoliy Alyansga yaqindan yordam berishni boshlagan. AQSH boshchiligidagi koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistonga kirgan paytda popalzay qabilasi sardori sifatida Qandahor atrofidagi qabilalarning «Tolibon»ga qarshi kurashiga boshchilik qilayotgan edi.

Prezidentlik davrida «Tolibon»ni bir necha bor «birodarlarimiz» deb atagan Karzay prezidentlikdan ketganidan keyin ham har ikki tarafda munosabatlarini saqlagani tufayli ma’lum ta’sirga va hurmatga ega figura sifatida qoldi. Bu «Tolibon» Kobulni egallagach unga qo‘l kelmoqda. Afg‘oniston Milliy yarashuv kengashi rahbari Abdulla Abdulla (Abdullaning roli haqida avvalgi maqolada fikr yuritgan edik) bilan birga Karzay «Tolibon» bilan aloqalarini saqlagan holda turli qabilalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, yangi hukumat tuzish bo‘yicha harakatlarda faol qatnashmoqda. Jumladan, Karzay va Abdulla «Tolibon»ga bo‘ysunmagan so‘nggi viloyat — Panjsher oqsoqolllari bilan ham muzokaralar o‘tkazgan. 1990 yillardagi siyosatchilardan Gulbiddin Hikmatyor ham Karzay—Abdulla juftligi bilan muzokaralarda qatnashib, ancha faollashib qolgan.

«Tolibon» Afg‘onistonni qanchalik tezlik bilan «to‘liq» egallaganiga qaramay, unga qarshilik harakati bundan ham tez tuzildi. 1980 yillarda Sovet qo‘shinlariga, 1990 yillarda «Tolibon»ga muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsatgan va 2001 yilda 11 sentabr voqealaridan ikki hafta oldin «Al Qoida» vakillari tomonidan o‘ldirilgan «Panjsher sheri» Ahmad Shoh Ma’sudning ulg‘ayib qolgan o‘g‘li Ahmad Ma’sud boshchiligida.

Qarshilik harakati Panjsherda, Ahmad Ma’sud bilan boshlanishi unga darhol katta ramziy kuch berishi tabiiy; o‘zi aynan shu ikki omil — dushman kirishi qiyin bo‘lgan vodiy va u yerdan qarshilik ko‘rsatgan qahramon xotirasi hozircha ularning eng katta ustunligi bo‘lib turibdi. Shu tufayli ham mamlakatda «Tolibon»ga qarshi kurashishni istagan boshqa kuchlar, jumladan, Afg‘oniston armiyasining sobiq ofitserlari va askarlari va hattoki vitse-prezident Amir Solih Panjsherdagi harakatga qo‘shilgan.

«Tolibon»ning Panjsherni bo‘ysundirishga urinishlari samarasiz yakunlangani qarshilik harakatining salohiyati rostan yuqori degan taassurot ham uyg‘otishi mumkin. Biroq 1990 yillarda «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatgan Ahmad Shoh Ma’sud Panjsherni shimolda Tojikiston bilan bog‘lovchi hududlar va yo‘llarni ham nazorat qilar, shu tufayli qurol-yaroq va oziq-ovqat masalasida muammo yo‘q edi. Hozir esa «Tolibon» ishni shimolni egallashdan boshlagan va Panjsher qurshab olingan.

Ahmad Ma’sud vakillari 10 minglab askarlar, ancha qurol-aslaha borligini ma’lum qilgan, biroq qarshilik ko‘rsatish uchun yana yordam zarurligini, hozircha yordam so‘ralgan kuchlarning birortasi ijobiy javob bermaganini aytgan: «Amerika, Yevropa, Rossiya, Xitoy — hammasi sukutda». Ular ochiq janglardan emas, sovet qo‘shinlariga qarshi qo‘llanilgan yashirin hujumlardan foydalanishi kutilmoqda. Biroq baribir harakatning butun mamlakatga kengayishini kutish qiyin.

Ahmad Ma’sud «Tolibon» mamlakatdagi barcha etnik va siyosiy kuchlarni o‘z ichiga oluvchi inklyuziv hukumat tuzishga rozi bo‘lsagina muzokaralarga tayyorligini, aks holda jang qilishini ma’lum qilgan. Lekin bu qarshilik harakati butun mamlakat boshqaruvi uchun kurashishini anglatmaydi — ular o‘z hududlarida qandaydir avtonomiyaga umid qilishlari mumkin. Aslida aynan shu — detsentralizatsiya Afg‘onistonda barqarorlikka erishish uchun asosiy yechim bo‘lishi ko‘plab ekspertlar tomonidan e’tirof etilgan va etilmoqda. Ammo «Tolibon» Afg‘onistonning avvalgi hukumatlari singari o‘ta markazlashgan boshqaruvdan boshqa variant ko‘rmayapti.

AQSH va Yevropa
AQSHning xalqaro siyosatdagi bunday mag‘lubiyati misli ko‘rilmagan bo‘lsa ham, Vashington Afg‘onistonni to‘liq tark etgach ham ushbu mamlakatda katta ta’sirga ega bo‘lib qolaveradi. Eng qiziq va paradoksal holat shundaki, AQSH shu paytgacha Afg‘oniston hukumatiga nisbatan ega bo‘lgan ta’sir richaglarining aynan o‘zi «Tolibon»ga nisbatan ham ishlaydi — bu xalqaro iqtisodiy va gumanitar yordam. Xalqaro tashkilotlar ko‘rsatadigan yordamning katta qismi Vashingtonga bog‘liqligi bunga sababdir. Bundan tashqari AQSH yangi hukumat bilan ham islohotga iqtisodiy yordam ko‘rinishida munosabatda bo‘lishi mumkin. Bu borada faqat Xitoy ko‘proq iqtisodiy yordam yoki investitsiyalar taklif qilishi mumkin.

Harbiy jihatdan esa Kobul aeroportida ISHIDga aloqador guruhlar tomonidan uyushtirilgan teraktlardan keyin Vashington havodan zarbalar uyushtirib istalgan paytda shunday qilishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ydi. Biroq AQSH doimiy ravishda havo hujumlari uyushtirib turishini kutish qiyin — ayniqsa xalqaro hamjamiyatga yoqishni istayotgan va Doha kelishuvlariga amal qilishini ko‘rsatmoqchi bo‘layotgan «Tolibon» boshqa terrorchilik tashkilotlari bilan hamkorlikni tiklamagan taqdirda.

AQSHdan farqli ravishda Yevropa davlatlari uchun Afg‘onistondagi vaziyat ko‘hna qit’aga piyoda yetib olishi mumkin bo‘lgan yuz minglab qochqinlar oqimi ehtimoli bilan ham ahamiyatli. Yevropa Ittifoqi va alohida davlatlari rahbarlari yoz davomida masalani aynan shu jihatdan muhokama qilib kelayotgan edi va muhojirlarni qabul qilishni istamgani uchun tanqidlarga ham uchrashga ulgurgan.

«Tolibon» Kobulni egallagach esa Yevropa davlatlari ham Markaziy Osiyo bilan aloqalarini intensivlashtirdi. Polsha prezidenti Andje Duda Shavkat Mirziyoyev bilan Afg‘oniston masalasida gaplashgan — Polsha ham evakuatsiya uchun O‘zbekiston aeroportlaridan foydalangan. Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel Markaziy Osiyoning 5 davlati prezidentlari bilan telefon orqali Afg‘oniston haqida suhbatlashgan. Ayniqsa uning Gurbanguli Berdimuhammedov bilan suhbati Yevropada tanqidlarga ham sabab bo‘lmay qolmadi.

Yevropa davlatlaridan evakuatsiya bilan eng faol shug‘ullangan va buning uchun Toshkent aeroportidan foydalangan Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Tojikiston, O‘zbekiston va Pokistonga tashrif bilan keldi, shuningdek Turkiya va Qatarga ham o‘tgan. Fransiya prezidenti Emmanuyel Makron tojikistonlik hamkasbi bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilgan, Rahmon oktabrda Parijga tashrif bilan boradi. Parij Panjsherdagi qarshilik harakatini qo‘llab-quvvatlashi kutilgan bo‘lsa-da hozircha hech qanday amaliy harakat bo‘lmagan.

Rossiya va Xitoy
Afg‘oniston hukumatining bunchalik tez qulashi Moskva uchun ham syurpriz bo‘lganiga qaramay, Kreml bu vaziyatda tashqi kuchlar ichida o‘zini eng xotirjam tutgani bo‘ldi. To‘g‘ri ham-da, Rossiyaning Kobuldagi elchixonasini qo‘riqlashni «Tolibon» o‘z zimmasiga olgan bo‘lsa. Buning ustiga, ushbu vakolatxona prezident Ashraf G‘ani pul bilan to‘ldirilgan mashinalarda qochganini ma’lum qilgan bo‘lsa, Putinning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov G‘ani hukumatidan ko‘ra «Tolibon» bilan gaplashish osonligini aytdi.

Rossiya uchun eng maqbul variantlardan biri — Moskvada o‘tkazib kelingan muzokaralarda ishtirok etgan Afg‘onistonning barcha kuchlari ishtirokidagi muvaqqat hukumat tuzilishidir. Bu Moskvaga o‘zi terroristik tashkilot deb e’lon qilgan «Tolibon»ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olmaslik, bir paytning o‘zida ular bilan aloqani uzmaslik, shuningdek, Kremlning diplomatik vositachiligining samaradorligini ko‘rsatar edi.

Rossiya o‘zini qanchalik xotirjam tutayotganiga qaramay mintaqada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashuvi Moskva uchun ortiqcha bosh og‘rig‘i bo‘ladi. Hukumatning mamlakat ichidagi reytingi tobora tushayotgan bir paytda avvalgi muvaffaqiyatsizlik xotirasi bo‘lgan hududda katta xarajatli harbiy hozirlikni ta’minlashga Kremlning istagi ham, manfaati ham yo‘q. Markaziy Osiyoda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kuch bo‘shlig‘ini egallash uchungina bunday qilish esa har taraflama qimmatga tushishi mumkin.

«Tolibon» Xitoyni «qudratli va mustahkam» davlat sifatida ko‘rishini va Afg‘onistonga nisbatan ijobiy siyosatidan va gumanitar yordam ko‘rsatishidan minnatdorligini ma’lum qilgan. Shuningdek, Pekin ulardan «Sharqiy Turkiston islomiy harakati» bilan aloqa qilmaslik bo‘yicha bayonotlarni ham olmoqda, garchi Shinjonda undan ham qattiq metodlar orqali o‘zi uyg‘urlar va boshqa xalqlarni «qayta tarbiyalash lagerlariga» tiqib qo‘ygan bo‘lsa ham.

Tahlilchilar Xitoyni yangi Afg‘onistondagi eng yirik investorlardan bo‘lishini kutmoqda. Donald Trampning masxaraomuz qabul qilingan «Xitoy Afg‘onistonning mineral resurslarini oladi» degan gaplari haqiqatga aylanishi ehtimoli yuqori. Pekin Afg‘onistonning infratuzilmasiga ham pul tikib, o‘zining oxirgi yillarda dolzarbligini yo‘qotib qo‘yayotgan yirik xalqaro transport loyihalariga qo‘shishi ham mumkin.

Pokiston, Turkiya, Hindiston, Eron va arab davlatlari
«Tolibon»ni legitimlashtiradigan hukumat tuzilishi Afg‘oniston atrofidagi mintaqaviy va mintaqalararo munosabatlarda birinchi navbatda Pokistonning rolini oshirib yuboradi. Hozirgacha eng ko‘p afg‘onistonlik qochqinlarni qabul qilgan Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qureshi o‘tgan haftada Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston, shuningdek Eron prezidentlari bilan uchrashib Afg‘oniston masalasini muhokama qilib chiqqani buni yana bir bor isbotlaydi.

Pokiston maxsus xizmatlari 1990 yillarda «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlash orqali ko‘zlagan yuqori mavqe’ga erishishi maqsadlariga endi yetishi imkoniyati ancha baland. Zero, oradagi 20 yil davomida qanchalik paradoksal tuyulmasin Afg‘oniston hukumati Pokiston bilan deyarli dushman sifatida gaplashdi (bunga haqqi ham bor edi), hattoki ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara — britaniyaliklar tomonidan o‘rnatilgan Dyurand chizig‘ini tan olmay keldi. Endi esa Pokiston o‘ziga osib olgan «nohaq jabrdiyda» maqomidan chiqishiga va yetakchi rol o‘ynashiga imkon bo‘ladi.

Afg‘onistondan yirik qochqinlar oqimi bilan Pokistondan keyin Turkiya to‘qnashdi va kutilmaganda bunga qarshi kurash uchun Eron bilan chegarasida to‘siq qurishni boshladi. Turkiyaga qochayotgan afg‘onlar, umuman mamlakatni tark etayotgan boshqa vatandoshlari singari, ko‘pchiligi o‘qimishli, ayniqsa yoshlari turk, ingliz va boshqa xorij tillarini biluvchi insonlar ekanligi e’tiborga molik. «Tolibon» esa Kobul aeroportini qo‘riqlash Anqaraga topshirilganida «musulmon mamlakati bo‘lishiga qaramay Turkiya ham qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerak»ligini ma’lum qilganiga qaramay, endi Kobul aeroportini boshqarishni turklarga berishni istayotgani ham ayon bo‘lmoqda. Shu jihatdan Turkiya Afg‘onistonda kamida avvalgi mavqeyini saqlab qolishini kutish mumkin.

Hindiston uchun «Tolibon»ning hokimiyatga kelishi yumshoq aytganda zararli bo‘ldi. Bu «Tolibon»ning tayanchi bo‘lgan Pokiston bilan strategik raqobat fonida ayniqsa sezilarli. Biroq Dehli ham Doha jarayonlarida ishtirok etgan tomonlardan hisoblanadi va «Tolibon» Hindistonning «afg‘on xalqi uchun qilgan yaxshiliklarini» e’tirof etishi iqtisodiy manfaatlar ushbu «dushman» bilan ham do‘stlashishga undashini kutish mumkin. Eron bilan munosabatlarda ham avvalgi past-balandlarga qaramay yaxshi munosabat o‘rnatilishiga, savdoni rivojlantirishga va Chabahar portiga chiqishda davom etishga umid qilishini ma’lum qilgan.

«Tolibon» va Afg‘oniston hukumati, shuningdek, xalqaro kuchlar o‘rtasidagi muzokaralarni tashkillashtirishda juda muhim rol o‘ynagan va «Tolibon» siyosiy byurosiga o‘z hududidan joy bergan Qatar arab davlatlari ichida eng faoli bo‘lib kelayotgandi va yangi hukumat bilan juda yaxshi munosabatda bo‘lishi tabiiy. Mamlakatdan qochgan sobiq prezident Ashraf G‘ani BAAda paydo bo‘lishi 1990 yillarda «Tolibon» hukumatini tan olgan bu davlatning ham Afg‘oniston bilan murakkab munosabatlari bo‘lishini kutish mumkin. «Tolibon» va «Al Qoida»ning eski hamkorlaridan bo‘lgan Saudiya Arabistonining rolini esa baholash qiyin. Zero, avvalgidan farqli ravishda «Tolibon»ning tayanchi bo‘lgan Pokistonning tayanchi ham Ar-Riyoddan Pekin tomonga o‘zgargan.

Markaziy Osiyo uchun eski-yangi reallik
2001 yilda AQSH va NATO qo‘shinlari Afg‘onistonga kirishni boshlagan paytda bo‘lgani kabi 20 yildan keyin ular chiqib ketayotgan vaqtda ham Markaziy Osiyo mamlakatlarining ahamiyati oshgan. Biroq hozir ikkala taraf ham bir-biridan nima kutishni yaxshi biladi va illyuziyalarga berilmaydi — mintaqa mamlakatlari ham, G‘arb davlatlari ham pragmatik munosabatlarga o‘tgan.

Markaziy Osiyoning ahamiyati oshishi Bayden aprel oyi oxirida AQSH qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketishi uchun 11 sentabrni dedlayn sifatida belgilagandayoq boshlangandi. O‘shanda AQSH Davlat departamenti va Pentagon Afg‘onistonning bevosita yaqinida harbiy baza joylashtirish uchun eng asosiy variantlar sifatida O‘zbekiston va Tojikiston ko‘rilayotgani ma’lum bo‘lgandi. Biroq bu mintaqa davlatlari tomonidan aniq tasdiqlanmagan, shuningdek, Rossiyaning ham noroziligiga uchragan edi.

«Tolibon» Kobulni egallab, G‘arb davlatlari faol evakuatsiyani boshlagach Markaziy Osiyo davlatlari qisqa muddatga bo‘lsa ham xalqaro siyosat ob’ektidan sub’ektiga aylanmoqda. Dastlab Tojikiston va O‘zbekiston «Tolibon»dan qochgan afg‘onlarni, kam sonda bo‘lsa ham qabul qilgan edi. Avvalroq Tojikiston hattoki 100 minggacha qochqinlarni qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan.

Termiz aeroportiga O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tgan Afg‘oniston havo kuchlarining 585 nafar harbiylari va ularning oilalari bortida bo‘lgan 22 ta samolyoti va 24 ta vertolyoti qo‘ndirilgani haqidagi xabarlar keyinchalik Toshkent tomonidan rad etilgan edi. The Wall Street Journal yozishicha, «Tolibon» O‘zbekistondan uchuvchilar va uchoqlarni qaytarishni so‘rayotgani tufayli Toshkent AQSHdan uchuvchilarni tezroq uchinchi davlatga olib chiqib ketishni so‘ragan. Tahlilchilar bosim davom etsa, ular Afg‘onistonga qaytarilishi mumkinligidan xavotirda. Bundan oldin Hayraton ko‘prigidan o‘tgan yuzlab afg‘onlar «Tolibon» ularga zarar yetkazmaslikka va’da bergach ortga qaytarilgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Toshkent Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha «Tolibon» bilan ishlayotganini, chunki «Tolibon» o‘z va’dalarini bajarayotganini aytgan. «Tolibon» O‘zbekiston TIVga o‘zbek tili Afg‘onistonning rasmiy tillaridan biri sifatida qolishini ham aytgan. «Tolibon» bayonotlarida ham O‘zbekiston bilan yaxshi munosabatlar qurmoqchi ekanligini va Toshkentning Afg‘onistonni tiklashdagi roli e’tirof etilishini ko‘rish mumkin. Turkmaniston va «Tolibon» munosabatlari ham bir maromda davom etmoqda, «Tolibon» hattoki TAPI gaz quvuri qurilishi tarafdori ekanligini ta’kidlagan. Qozog‘iston va Qirg‘iziston esa ko‘proq kutuvchi pozitsiyada.

Eng murakkab pozitsiyani Tojikiston tanlagan — Dushanbe etnik tojiklar manfaatlari inobatga olinmasa «Tolibon» hukumatini tan olmasligini eng yuqori darajada ma’lum qilgan. Afg‘oniston bilan 1357 kilometrlik chegaraga ega Tojikistonning butun aholisidan qo‘shni mamlakatdagi tojiklar soni ko‘pligiga va 1990 yillardagi fuqarolar urushi bilan bog‘liq xotiralariga qaralsa bunday pozitsiyani tushunish mumkin. «Tolibon» esa Tojikiston bilan ham yaxshi qo‘shnichilik qilmoqchi ekanligini, «bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik» lozimligini ma’lum qilgan. Panjsherdagi qarshilik harakati asosini tojiklar tashkil etishi inobatga olinsa Dushanbe hozirda haqiqatan ham murakkab vaziyatda.

Xulosa: «Yangi Tolibon» va eski boshqaruv
Yangi «Tolibon» Afg‘onistonning aksariyat qismini jangsiz egallash jarayonida namoyon bo‘lgan kelishuvchanlik qobiliyati hozircha uni 1990 yillardagi variantidan ajratib turgan eng asosiy jihat bo‘lib qolmoqda. «Tolibon» xorij davlatlari bilan ham ishlashda ancha faol va turli yon berishlar orqali kelishishga moyil harakatlanmoqda. Xorij haqida gapirganda birinchi navbatda qo‘shni davlatlar, shuningdek, yaqinda joylashgan Hindiston, Turkiya va Rossiya kabi davlatlar eslanayotgani hozirgi jarayonlarda mintaqaviy kuchlar birinchi o‘ringa chiqqanini anglatadi.

Biroq tahlilchilar «Tolibon» ham Afg‘onistonning avvalgi hukumatlari qilgan katta xatoni qaytarishni boshlaganini e’tirof etmoqda — xalqaro hamjamiyat ishonchiga kirish va iqtisodiy-gumanitar yordam olish uchun turli millat va kuchlar vakillari hukumatga kiritilmoqda. Xalqaro legitimlikka e’tibor qaratgan «Tolibon» milliy va mahalliy legitimlik haqida o‘ylamayapti — xuddi avvalgi hukumatlar singari. Biroq olinajak xalqaro yordam «Tolibon»ga mamlakatni boshqarishgagina yordam beradi, iqtisodiy o‘sishga emas. Chunki iqtisodiy muammolar hozirdanoq boshlangan — banklarda naqd pul qolmagani uzundan uzoq navbatlarni yuzaga keltirgan.

«Tolibon» boshqaruvda, ayniqsa, davlatning byurokratik mashinasini yuritishda kerakli tajribaga va ko‘nikmalarga ega kadrlari mavjud emasligini o‘zi ham yaxshi biladi. Shu sababli ham davlat idoralarida ishlab kelgan xizmatchilarga o‘z ishlariga qaytib vazifalarini davom ettirish bo‘yicha chaqiriq qilingan. Ushbu omillarning barchasini inobatga olib, ko‘pchilik ekspertlar e’tirof etayotgan yechim — detsentralizatsiya ham ichki, ham tashqi kuchlarni qoniqtirishi va davlatni samarali boshqarishga yordam berishi mumkin. Biroq afsuski «Tolibon» bunday o‘ylamaydi.

ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan «terrorchilik tashkiloti» deb topilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Afg‘oniston ichkarisi va atrofidagi yangi kuchlar muvozanati haqida
[/banner_pushhouse