20:00 / 03.09.2021
3 930

«Tolibon» Panjsherda katta talafot ko‘rdi va bir nechta tumanni qo‘ldan chiqardi

«Tolibon» Panjsherda katta talafot ko‘rdi va bir nechta tumanni qo‘ldan chiqardi
Foto: Armenpress
Afg‘oniston milliy qarshilik frontining xabar berishicha, ular Kobul shimolidagi Parvon viloyati markazi Chorikor shahrini o‘z nazoratiga olgan, Panjsherdagi janglarda «Tolibon» katta talafot ko‘rgan, deb yozadi «Interfaks».

Front vakillari Twitter’da yozishicha, o‘tgan tunda «Tolibon» Panjsher vodiysiga hujumlarni bir necha tomondan davom ettirgan: Andarab vodiysi orqali Xovak dovoni tomondan, Shotul tumanidagi Salang dovoni tomondan, shuningdek, Parvon viloyatidagi Gulbahor shahri tomondan.

Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, «Tolibon» hujum boshlashdan oldin kompaniyalarni Panjsherni aloqa va internet xizmatlaridan, shuningdek, elektr energiyasidan uzib qo‘yishga majbur qilgan.

Har uch tomondan ham «Tolibon» katta talafot ko‘rdi, jang maydonlarida o‘nlab harakat a’zolarining jasadi yotibdi. Bir necha o‘nlab radikallar asirga tushdi, front jangchilari orasida ham qurbonlar bor, deya qayd etiladi Twitter’dagi xabarlarda.

Qarshilik vakillarining qo‘shimcha qilishicha, «Tolibon» Xovak dovonida kamida 100 kishini yo‘qotdi, Shotul tumanidagi guruh to‘liq mag‘lubiyatga uchradi, Salang tumanidagi guruh qurshab olindi.

Qarshilik kuchlarining boshqa viloyatlardagi yutuqlari
Qarshi hujum paytida front jangchilari «Tolibon» jangarilarini Chorikor shahridan quvib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi va Parvon viloyati markazi nazorat ostiga olindi.

Shuningdek, «Tolibon»ga qarshi frontga rahbarlik qilayotgan Ahmad Mas’udning tarafdorlari Badaxshon viloyatidagi to‘rtta tumanni harakat a’zolaridan qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgani xabar qilingan.

Front vakillari ijtimoiy tarmoqlarda Toxar viloyatida, jumladan, Tojikiston bilan chegaraga yaqin Xvaja-Ghar tumanida radikallar bilan to‘qnashuvlar haqida xabar bermoqda.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, «Tolibon» Panjsherga qarshi janglarda katta yo‘qotishlarga uchrab, Badaxshon, Toxar va Qunduzdagi qo‘shimcha kuchlarni ushbu yo‘nalishga olib chiqishga majbur bo‘lganidan so‘ng, bu viloyatlarda harakatning pozitsiyalari zaiflashgan.

«Tolibon» Panjsher atrofida bo‘layotgan voqealarga hozircha izoh bermagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Panjsherda katta talafot ko‘rdi va bir nechta tumanni qo‘ldan chiqardi