12:15 / 05.09.2021
1 774

«Toliblar bizni o‘ldirishadi» – Termizda jon saqlayotgan afg‘on uchuvchilari uyga qaytarilishlaridan qo‘rqmoqda

«Toliblar bizni o‘ldirishadi» – Termizda jon saqlayotgan afg‘on uchuvchilari uyga qaytarilishlaridan qo‘rqmoqda
«Tolibon» Afg‘onistonni egallagach, ko‘plab harbiylar O‘zbekistonga qochishga va shu orqali jon saqlashga urindi. Avgust oyi o‘rtalarida afg‘on armiyasining harbiy uchuvchilari O‘zbekiston hududiga o‘tib, Surxondaryodagi paxta maydoniga qo‘ngani aks etgan video internetda tarqaldi. Xo‘sh, o‘sha uchuvchilarning holi ne kechdi? Ular qancha edi o‘zi? Reuters axborot agentligi uchuvchilar bilan telefon orqali gaplashib, bu borada surishtiruv tayyorladi.

Uch haftadan buyon Termizda qolayotgan harbiy uchuvchilar AQSH ularni evakuatsiya qilishini intizor bo‘lib kutmoqda. Askarlar ularga yetarlicha tibbiy xizmat taqdim etilmayotganini aytib o‘tishgan. Shuningdek, ular faqat egnidagi kiyim-bosh bilan qolib ketgan. «Agar bizni Afg‘onistonga qaytarishsa, ular (toliblar) bizni o‘ldirishi 100 foiz aniq», deydi uchuvchilardan biri Reuters bilan suhbatda.

Ma’lum bo‘lishicha, Termizdagi avval koronavirus bemorlarini davolash uchun qurilgan lagerda 465 nafar afg‘onistonlik bor.

«Tolibon» bosimi
Afg‘on armiyasi uchuvchilarining Termizda evakuatsiyani kutib yotgani AQSH prezidenti Jo Baydenni tanqid qilish uchun yana bir asos bo‘ladi. U shundog‘am armiyani olib chiqib ketishi va tartibsiz evakuatsiya sabab ko‘p tanqidlarga uchradi. AQSH hukumatining sobiq va hozirgi vakillari hukumat Termizdagi uchuvchilar evakuatsiyasini paysalga solayotganini tanqid qilishmoqda. Ularning fikricha, «Tolibon»ning qochoqlarni qaytarish borasida so‘rovi sabab ikki o‘rtada O‘zbekiston noqulay ahvolda qolmoqda.

AQSH senatining Qurolli kuchlar qo‘mitasini boshqaruvchi demokratlar vakili bo‘lgan senator Jek Rid Termizda qolayotgan afg‘on uchuvchilari taqdiridan xavotirda ekanini ma’lum qilgan: «Bu uchuvchilar toliblar qo‘liga tushmagani yaxshi bo‘ldi. Birinchidan, ularning xavfsizligi uchun. Ikkinchidan, bu insonlar maxsus o‘rgatilgan harbiy mahoratga ega», deydi senator Rid Reuters bilan suhbatda.

AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon Herbstning fikricha, uchuvchilarning Termizda qolayotgani sabab O‘zbekiston toliblar bosimiga uchrab, noqulay holatda qoladi. «O‘zbekiston toliblar bilan yaxshi munosabat o‘rnatishga urinayotgan vaqtda shu muammo sabab ular bilan teskari bo‘lib qolishni istamaydi. O‘z navbatida, ular biz bilan ham munosabatlar yomonlashishini xohlamayapti», degan ayni vaqtda siyosiy tahlilchi bo‘lib ishlayotgan janob Herbst. Uning fikricha, bu vaziyatda mamlakatlar muvozanatni saqlovchi harakatni amalga oshirishi kerak.

Amerikalik general Devid Hiks 2016-17-yillarda Afg‘oniston havo kuchlarini boshqargan. Uning fikricha, Davlat departamenti qiyin ahvolda qolgan afg‘on uchuvchilari haqida ma’lumot olgandan keyin tezda harakatni boshlamagan. «To‘g‘risi, ular bu borada nimadir qilayotganiga ham ishonmayman», deydi general.

Reuters bu masalada AQSH Davlat departamentidan munosabat olgan. Departamentga ko‘ra, AQSH bu borada O‘zbekiston bilan aloqaga chiqqach, uchuvchilar va harbiy samolyotlar xavfsiz joyda ekaniga amin bo‘lgan. Shuningdek, Davlat departamenti Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlardan afg‘on qochoqlarini qabul qilishni va ularni o‘lim xavfi kutib turgan vataniga qaytishga undamaslikni so‘ragan.


Ular nega qochgandi?
Toliblar Afg‘onistonni egallashidan avval ham AQSHda o‘qib kelgan va inglizcha gapiradigan afg‘on uchuvchilarini o‘zining asosiy nishonlaridan biri deb qaragan. «Tolibon» hukumatni egallagach, bunday uchuvchilardan bir necha nafarini topib o‘ldirgan ham. Toliblar poytaxtni egallashidan biroz oldin 46ta samolyot va vertolyotda afg‘on uchuvchilari mamlakatdan chiqib ketgan. O‘shanda uchishi mumkin bo‘lgan 160ta harbiy uchoq bor edi va ularning chorak qismi uchib qochgan.

Termizga kelgan uchuvchilarning aksari Kobuldan uchib kelgan, lekin shundoqqina chegara yaqinidagi Mozori Sharifdagi bazadan o‘tib qolganlar ham bor. Ulardan biri O‘zbekiston harbiy samolyoti bilan to‘qnashib, yerga quladi ham. Uchuvchilar esa katapulta yordamida omon qolishgan.

Reuters bilan suhbatlashgan uchuvchining aytishicha, 15 nafar uchuvchi A-29 Super Tucano samolyotini, 11 nafari UH-60 Black Hawk vertolyotini, 12 nafari MD-530 vertolyotini, qolgan uchuvchilar esa Mi-17 vertolyotini boshqargan. Termizga kelganlar ichida Afg‘oniston harbiy havo kuchlariga texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar va maxfiy xizmat vakillari ham bor. Ba’zi harbiylar samolyotlarga oila a’zolarini ham olib chiqqan, lekin aksar uchuvchilar chegara ortida qolgan oila a’zolarining holi nima kechganidan bexabar.

«Biz oxirigacha kurashdik, lekin quruqlik askarlari qolmagandi», deydi uchuvchilardan biri.

AQSH harbiy mulozimlaridan biri ismi sir qolishini so‘ragan holda vaziyatga munosabat bildirgan. U samolyotlarning toliblar qo‘lida qolishidan asrab qolgan uchuvchilarga rahmat aytish barobarida ular Amerikaga ishonib shunday ishga qo‘l urganini ta’kidlagan. Ya’ni ular tezda Amerika tomonidan evakuatsiya qilinishini kutgan.

Reuters bilan suhbatlashishga rozi bo‘lgan «Tolibon» vakilining aytishicha, harakat Kobulni egallagach, u yerda bo‘lgan barcha dron va vertolyotlarni nazoratga olgan. «Inshaalloh biz qolgan vertolyotlarni ham ixtiyorimizga qaytaramiz», degan Reuters suhbatdoshi.

Toliblar mamlakatni havo kuchlarisiz egalladi. Endilikda esa afg‘on armiyasidagi havo kuchlari ham toliblar qo‘liga o‘tgan. «Tolibon» harbiy aviatsiya sohasiga afg‘on armiyasida faoliyat yuritgan uchuvchilarni jalb qilishini, ular ta’qib qilinmasligini ma’lum qilgandi, biroq uchuvchilar bunga ishonishmayapti.

Biotekshiruv
Reuters bilan suhbatlashgan uchuvchilardan birining aytishicha, chorshanba kuni AQSH hukumati vakillari Termizdagi lagerga borib, afg‘on uchuvchilardan barmoq izlari olishgan. Shuningdek, ID-kartalari ham tekshirilgan. Davlat departamenti esa bu borada izoh berishni istamagan. Bu tekshiruv evakuatsiya maqsadida o‘tkazilganini taxmin qilgan uchuvchilarning kayfiyati yaxshilangan, lekin shundan keyin amaliy ishlar qilinmagan.

Uchuvchilar «Tolibon» va O‘zbekistonning hukumat darajasidagi yaqinlashuvi ularning ahvolini yomonlashtirishi mumkinligidan xavotir olmoqda. Ular ortga qaytish o‘lim bilan barobar deb hisoblashmoqda. AQSHning O‘zbekistondagi sobiq elchisi janob Herbst esa O‘zbekiston «Tolibon» bilan yaxshi munosabat o‘rnatishi tabiiy ekanini aytdi.

«Afg‘on havo kuchlarining aksar uchuvchilari Amerikada o‘qigan. Biz uchun esa Afg‘onistonga qaytish ham, keyinchalik «Tolibon» bilan iliq munosabatda bo‘ladigan davlatlarda qolish ham xavfli», deydi Reuters bilan suhbatlashgan uchuvchi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Toliblar bizni o‘ldirishadi» – Termizda jon saqlayotgan afg‘on uchuvchilari uyga qaytarilishlaridan qo‘rqmoqda