10:30 / 06.09.2021
1 853

«Tolibon» Afg‘onistonning yangi hukumati tarkibini e’lon qilish muddatini yana kechiktirdi

«Tolibon» Afg‘onistonning yangi hukumati tarkibini e’lon qilish muddatini yana kechiktirdi
Foto: AP Photo
«Tolibon» harakati Afg‘onistonning yangi hukumati tarkibini e’lon qilish muddatini yana kechiktirishga qaror qildi, deb yozadi «Interfaks».

«Yangi hukumat va Vazirlar mahkamasi a’zolari haqida endi kelasi hafta e’lon qilinadi», — dedi «Tolibon» vakili Zabihulla Mujohid.

O‘z navbatida «Tolibon» tomonidan tashkil qilingan maxsus qo‘mita (unga afg‘on jamiyatining turli guruhlari bilan yangi hukumat tuzish haqida muzokaralar olib borish vazifasi yuklatilgan) a’zosi Xalil Haqqoniy ma’lum qilishicha, «Tolibon» yolg‘iz o‘zi hukumat shakllantirishi mumkin, ammo «Tolibon»ning bir o‘zi dunyo uchun nomaqbul bo‘ladi. Natijada, uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» bo‘lg‘usi hukumat tarkibida afg‘on jamiyatidagi barcha guruhlar va qatlamlar bo‘lishini ta’minlashga intilmoqda.

Shuningdek, u yangi hukumat tarkibiga «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlagan Afg‘oniston sobiq bosh vaziri Gulbiddin Hikmatyor va mamlakatdan qochib ketgan Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining ukasi kirishini aytdi.

Avvalroq «Tolibon» yangi afg‘on hukumati tarkibini boshidan rejalashtirilganidek 3 sentabr emas, balki 4 sentabrda e’lon qilishi ma’lum bo‘lgandi.

«Tolibon» rahbarlari Afg‘onistonni boshqarish uchun 12 kishidan iborat kengash tuzmoqchi ekani xabar qilingandi. «Tolibon» Afg‘onistonda prezident yoki boshqa yagona rahbar lavozimini qayta tiklashni istamaydi, lekin shu bilan birga, ular avvalgi hukumat a’zolariga yangi kengashdan o‘rin taklif qilishni rejalashtirmoqda. Shu tarzda «Tolibon» xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lish imkoniyatini oshirish uchun iloji boricha inklyuziv ko‘rinadigan boshqaruv organini yaratmoqchi.

Shuningdek, «Tolibon» Eron modeliga asoslangan hukumat tuzishni istashi ma’lum bo‘ldi. Eron Islom Respublikasida Oliy rahnamo davlat rahbari va diniy yetakchi hisoblanadi. «Tolibon» bosh yetakchisi Haybatulla Oxunzoda Oliy Kengash raisi bo‘lishi mumkin. U hech qachon omma oldida ko‘rinish bermagan va qayerda ekani hamisha noma’lum bo‘lib kelgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Afg‘onistonning yangi hukumati tarkibini e’lon qilish muddatini yana kechiktirdi