19:36 / 08.09.2021
2 814

Afg‘oniston — to‘liq «Tolibon» hukmiga o‘tdi. Panjsher nega uch kun ichida quladi?

Afg‘oniston — to‘liq «Tolibon» hukmiga o‘tdi. Panjsher nega uch kun ichida quladi?
Reuters / Scanpix / LETA
«Tolibon» Panjsherni — Afg‘onistondagi toliblarga taslim bo‘lmay kelgan so‘nggi hududni egalladi. Baland tog‘lar qurshovidagi Panjsher vodiysi markazini egallash uchun uch kun jang olib borildi. Shunday ekan, rasman afg‘on qarshilik harakati tugallandi, uning yetakchilari hali mustahkamlanib olmagan toliblar hokimiyatini ag‘darib, Afg‘onistonda demokratik boshqaruvni tiklashni rejalashtirgandi. «Meduza» bu kurash tarixini qisqacha hikoya qildi va bunday buyog‘iga nima bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi.

Qarshilik harakati yetakchilari nimaga umid qilishgandi?
15 avgust kuni Kobul taslim bo‘lgach, toliblar nazoratiga o‘tmagan birgina hudud qoldi - Panjsher Afg‘onistonning 34 viloyatidan biri bo‘lib unga Bag‘lon viloyati tumanlari chegaradosh. Mamlakat shimoli-sharqidagi bu hududda asosan etnik tojiklar yashaydi (Afg‘oniston aholisining to‘rtdan bir qismini tojiklar tashkil etadi).

1975 yildan buyon Panjsher va uning atrofidagi hududlarda harbiylashgan milliy-diniy harakat shakllangan, bu harakat keng muxtoriyat uchun intilgan va bu Afg‘oniston siyosatiga ta’sir ko‘rsatgan. Avvaliga harakatga panjsherlik Ahmad Shoh Mas’ud rahbarlik qilgan. 1980-yillarda u eng mashhur afg‘on dala qo‘mondoniga aylanadi. Mas’ud bir necha ming kishilik jangchisi bilan Afg‘onistonning kommunistik hukumatiga va sovet harbiylariga qarshi turadi. Sovetlar ketib, 1992 yilda kommunistik hukumat qulaganidan keyin — Afg‘onistondagi fuqarolik urushi vaqtida boshqa dala qo‘mondonlari bilan kurash kechadi.

Ahmad shoh Mas’ud 90-yillar o‘rtalariga kelib mamlakat janubida etnik pushtunlar tomonidan radikal g‘oyalarga asoslanib tuzilgan «Tolibon» harakatining ham asosiy dushmani bo‘ladi. Toliblar harakati dala qo‘mondonlari zulmidan to‘ygan Afg‘onistonning aksar aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, toliblar 1996 yilda Kobulni egallab hokimiyatga keladi, lekin ular Panjsherni olishning uddasidan chiqa olishmaydi.

2001 yil 9 sentabrida Mas’ud undan intervyu olish niyatidagi jurnalist qiyofasida kelgan terrorchi xudkush tomonidan o‘ldiriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, videokamerasiga bomba o‘rnatilgan qotillarni Usama Bin Lodin jo‘natgan. Bir necha hafta o‘tib — AQSHdagi 11 sentabr teraktlaridan keyin — Afg‘onistonga amerikalik harbiylar kirishadi. Ularni Mas’udning safdoshlaridan iborat «Shimoliy alyans» qo‘llab-quvvatlaydi.

2021 yilda amerikalik harbiylar olib ketilgach toliblar tezlik bilan mamlakatning Panjsherdan boshqa barcha viloyatlarini egallashadi. 15 avgust kuni Kobul toliblar qo‘liga o‘tgach Panjsherga Ahmad Mas’ud (Shoh Masudning o‘g‘li, bungacha G‘arbda yashagan) va Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih (Shoh Mas’udning sobiq safdoshi) keladi. Ular 1980 va 1990-yillardagi kabi Panjsher vodiysini taslim bo‘lmas qal’aga aylantirish, keyin qarshilik harakatini butun Afg‘onistonga yoyish maqsadlarini aytishadi.

Kichik Mas’ud The Washington Post uchun kolonkasida asosiy maqsad — barcha fuqarolar huquqlari hurmat qilinadigan, barcha etnik ozchiliklar avtonomiyaga ega bo‘ladigan va davlat boshqaruvida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan yangi Afg‘oniston tuzish ekanini aytadi.


Qarshilik harakati nimalarga ulgurdi?
Qarshilik harakati yetakchilari mahalliy aholidan va Afg‘oniston armiyasining toliblarga taslim bo‘lishni istamagan maxsus qismlari qoldiqlaridan jangovar kuchlar tuzishga harakat qildi.

Bundan tashqari, ular boshqa mamlakatlardan ko‘mak olishga harakat qilishdi: birinchi navbatda Tojikiston, Hindiston (yangi Afg‘onistonda Pokiston katta ta’sirga ega bo‘lishini istamaydigan qo‘shni davlat), Eron va G‘arb davlatlaridan. Shuningdek, ular afg‘on diasporasi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlov bo‘lishiga ishonishgandi.

Va nihoyat, ular faol mediakampaniya olib borishdi, G‘arb nashrlarida katta chiqishlar qilishdi hamda ijtimoiy tarmoqlardagi son-sanoqsiz akkauntlar orqali «yangi Afg‘oniston» va «yengilmas Panjsher qal’asi» g‘oyasini tashviq qilishdi.

Shu bilan bir vaqtda Qarshilik harakati yetakchilari toliblar bilan oqsoqollar, diniy ulamolar orqali ham, to‘g‘ridan to‘g‘ri ham muzokaralar olib borishdi. Bu muzokaralarda aynan qanday masalalar muhokama etilgani ma’lum emas. Ammo «Tolibon»ga yaqin manbalar va Afg‘oniston bo‘yicha ekspertlar gap asosan yangi hukumatda panjsherliklar qanday o‘ringa ega bo‘lishi va ularning avtonomiyasi qanchalar keng bo‘lishi haqida ketgan. Xabarlarga ko‘ra, muzokaralarning barcha bosqichlari bir tomon ikkinchi tomon takliflarini rad etishi bilan yakunlangan.

Qarshilik harakati bosh spikeri (matbuot kotibi) Fahim Dashtiy TASS uchun bergan intervyusida toliblar Mas’udga lavozim taklif qilayotgani, u esa mamlakat kelajagi va hokimiyatni markazsizlashtirish masalalarini muhokama qilishni talab etayotgani haqida aytgandi. O‘z navbatida, «Tolibon»ga yaqin odamlar Mas’ud o‘zini mamlakatdagi barcha tojiklar vakili sifatida tan olishni talab qilganini aytishgan.

Toliblar Panjsherni nega bu qadar tez egallashdi?
Avgust oyi oxirida Panjsherdagi va unga qo‘shni bo‘lgan Bag‘londagi harbiy otryadlar bir necha tumanlarni toliblardan qaytarib olishdi va strategik jihatdan muhim bo‘lgan Salang dovoni sari harakatlanishdi. U yerda toliblar tomonidan egallangan markaziy hududlarni Afg‘oniston shimoli bilan bog‘lovchi tonnel joylashgan. 1980-yillarda Shoh Mas’ud ham bu tonnelga bir necha marta hujum qilib, Kobuldagi sovetlar armiyasi ta’minotini uzib qo‘yish amaliyotlarini o‘tkazardi.

Toliblar darhol katta kuch bilan qarshi hujumga o‘tishdi — buning uchun Bag‘londa yetarlicha kuchlar bor edi; qarshilik harakati otryadlari Panjsher ichkarisiga chekintirildi. Shundan keyin «Tolibon» Panjsherni to‘la egallash uchun keng ko‘lamli harbiy harakatlarga kirishdi.

Bu amaliyot 2 sentabr kuni boshlandi, toliblar vodiyga bir vaqtning o‘zida shimoldan ham — o‘tish qiyin bo‘lgan Hindukush tog‘lari orqali — va janubdan, Kobul tomondan ham hujum boshladi. Shundan so‘ng ushbu hududdagi harbiy harakatlar bo‘yicha yolg‘on xabarlar oqimi kengaydi: toliblar 3 sentabrdayoq g‘alabani qizg‘in nishonlay boshlashdi (Kobulda havoga o‘q uzilishi oqibatida qurbonlar bo‘ldi, shundan so‘ng harakat hissiyotlarni tiyishni buyurib, havoga o‘q uzishni taqiqladi).

Toliblarga yaqin nashrlar va blogerlar viloyat to‘liq egallangani, Qarshilik harakati yetakchilari esa vertolyot orqali Tojikistonga qochishgani haqida yozishdi. Bunga javoban panjsherliklar toliblar janubda ham, shimolda ham qurshab olingani, mingdan ortiq jangarilar o‘ldirilgani, qolganlarining aksar qismi asirga olingani haqida aytishdi. Ammo bu xabarlarga ilova qilingan suratlar va videolar butunlay boshqa mamlakatlardagi harbiy harakatlarga oid edi (masalan, aslida Yamanda sodir bo‘lgan juda ko‘p tasvirlar tarqaldi), shuningdek, avvalroq Afg‘onistonning boshqa hududlaridagi janglar aks etgan videoroliklar taqdim etildi.



Hal qiluvchi burilish 4 sentabr kuni ro‘y berdi. Geolokatsiya bo‘yicha mutaxassislar «Tolibon» tomonidan e’lon qilingan bir necha videoga asoslangan holda Qarshilik kuchlari daraga janubdan kirish joyi yaqinida yo‘l yoqasidagi qoyalarni portlatib, dushman yo‘lini to‘sib qo‘yishganini aniqlashdi.

Ammo toliblar shu kuniyoq tosh uyumlarini hamda yo‘lga joylashtirilgan minalarni aylanib o‘tib, daraning markaziy qismida paydo bo‘lishdi. Shundan so‘ng, Qarshilik harakati mudofaasi amalda sindirildi. 5 sentabr kuni kechqurun toliblar Mas’udlar oilasi yurti va viloyat ma’muriy markazi hisoblangan Bozorakka yetib kelishdi.

Qarshilik harakatini qutqarib qolish uchun so‘nggi urinish Kobulda ro‘y berdi. Poytaxtdagi diniy ulamolar ikki tomondan ham urushni to‘xtatib, kelishib olishni, toliblardan vodiy qamalini bekor qilishni talab qilishdi. Ahmad Mas’ud bu g‘oyani olqishladi: u feysbukdagi sahifasida agar toliblar Panjsherdan ketishsa, harbiy harakatlarni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi. Tabiiyki, tashabbusni qo‘lga olib, vodiy markaziga yetib kelgan toliblarni bu shart qanoatlantirmasdi va ular bu haqda o‘ylab ham ko‘rishmadi.

5 sentabr kungi janglar vaqtida harakat spikeri Fahim Dashtiy halok bo‘ldi (u Shoh Mas’ud bilan ham birga ishlagan, 2001 yildagi suiqasd vaqtida u bilan bir xonada bo‘lib, portlashdan og‘ir jarohatlangan), shuningdek, mahalliy ortyadlarning bir necha qo‘mondonlari va afg‘on armiyasi generallari o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgan. Toliblar kichik Mas’ud va Amrulla Solihni Bozorakdan topa olishmagan.

6 sentabr kuni Mas’ud audiomurojaat yo‘lladi; u o‘z murojaatida barcha afg‘onlarni toliblar rejimiga qarshi ko‘tarilishga chaqirdi.

Qarshilik harakati nega bu qadar tez mag‘lub bo‘ldi? Endi toliblar xotirjam bo‘lishi mumkinmi?
Panjsherda bu safar ko‘tarilgan isyonning muvaffaqiyat uchun imkoniyatlari avvalboshdan deyarli yo‘q edi.

1980-90-yillardagi urushlar vaqtida Shoh Mas’ud avvaliga Pokiston bilan, keyin — Tojikiston bilan bog‘lanuvchi ochiq yo‘llarga ega edi. Bu yo‘llar orqali u Panjsherda qazib olingan qimmatbaho toshlarni sotishi va qo‘shni davlatlardan qurol-yarog‘ sotib olishi mumkin edi. 2021 yilda qarshilik harakatiga rahbarlik qilgan o‘g‘li esa tashqi dunyodan butunlay uzilib qolgan, faqat Bozorakdagi bir necha Mi-17 rusumli vertolyotlar orqali tashqari bilan aloqa o‘rnatish mumkin edi. Mamlakatning Tojikiston va Pokiston bilan chegaralari to‘liqligicha toliblar nazoratiga o‘tgan.

Kichik Mas’ud va uning safdoshlarini jahondagi davlatlarning birortasi qo‘llamadi — na ochiqchasiga, na maxfiy ravishda. Afg‘oniston vitse-prezidenti Amrulla Solih AQSH uning yordam haqidagi so‘roviga javob qaytarmaganiga ishora qildi. Etnik tojiklar va o‘zbeklarning boshqa yetakchilari 15 avgust kuniyoq mamlakatdan qochib ketishgandi, ularning vakillari hech qanday yordam bera olmasliklari, Eron, Turkiya va O‘zbekiston hukumatlari tomonidan bunga taqiq qo‘yilgani haqida aytishdi.

Milliy masala esa («Tolibon» asosini tashkil etuvchi tojiklar va pushtunlar o‘rtasidagi an’anaviy raqobatga umid qilish) bu safar u qadar katta ahamiyatga ega bo‘lmadi. «Tolibon»ning amaldagi rahbariyatida tojiklar ham bor (xuddi qarshilik harakatida sobiq afg‘on harbiylari — pushtunlar ishtirok etayotgani kabi). Toliblarning Panjsherga yurishiga Afg‘onistondagi mashhur tojik toliblaridan biri Qori Fasihuddin rahbarlik qildi.

Mintaqadagi asosiy kuch bo‘lmish Pokiston ochiqchasiga kichik Mas’udning raqiblarini qo‘llab-quvvatladi. To‘g‘ri, Milliy front vakillari pokistonliklarning aralashuvi bo‘yicha biroz bo‘rttirib yuborishdi: ular 5 sentabr kuni dara Pokiston samolyotlari va dronlari tomonidan bombardimon qilingani, Bozorok esa Pokiston armiyasining maxsus topshiriqli bo‘linmalari tomonidan qamal qilingani, amaliyotni shu kunlarda Kobulga uchib kelgan Pokiston razvedka xizmati rahbari boshqargani haqida aytishdi, ammo bu da’volarni tasdiqlovchi birorta dalil keltirishmadi (masalan, qulab tushgan F16 samolyoti Panjsherda emas, Uelsda suratga olingan). Lekin chindan ham Pokiston muassasalararo razvedka boshqarmasi (ISI) direktori, general Fayz Hamid Panjsher qamali boshlanishi arafasida Kobulga kelgandi.

Ammo, Mas’ud mag‘lubiyatining asosiy sababi — Kobul egallangach, «Tolibon»ning afg‘onlarga taqdim etgan loyihasi qabul qilingani bo‘ldi. Bu loyihadagi asosiy ikki jihat — urush yakunlanishi va harakatning yumshagani edi. Ko‘plab afg‘onlar Panjsherdagi qarshilik harakatini navbatdagi adoqsiz fuqarolik urushi tahdidi sifatida ko‘rishdi, toliblar esa ko‘p qurbon bermasdan tezda buning oldini olishdi. Bundan tashqari, ko‘plar «Tolibon»ning tinchlikparvar ruhdagi bayonotlariga ishonmoqda, xususan, ular Panjsher aholisini — «tanamizning bir qismi, Afg‘onistonning boshqa fuqarolari bilan teng huquqlarga ega bo‘lgan birodarlarimiz» deb atashdi.

Bularning bari «Tolibon» mamlakatda mustahkam hokimiyatni qo‘lga kiritganini anglatadimi? Bunga ishonch yo‘q: hokimiyatni saqlab qolish juda qiyin bo‘ladi. G‘arb yuz o‘girishidan keyin Afg‘onistonning iqtisodiy holati deyarli halokat yoqasida. Toliblar Xitoy yordamiga umid qilishmoqda, ammo ular tezda bunday yordam olishi qiyin. Ochiqchasiga Panjsherdagi qarshilik harakatini qo‘llagan Eron endi rasman ushbu viloyat kuch bilan bosib olinganidan norozi ekanini ma’lum qildi. Chegara hududlardagi milliy ozchiliklar yetakchilari faollashmoqda (hozircha faqat so‘zda), buyog‘iga partizan urushi olib borishga o‘tgan Ahmad Mas’udning bayonotidan keyin barcha yirik shaharlarda Pokistonning mamlakatga ta’siriga qarshi namoyishlar boshlangan. Bularning bari bir bo‘lib shuni anglatadiki, yangi qarshilik o‘choqlari paydo bo‘lishi vaqt masalasidir, afg‘onlarning adoqsiz urush yakunlanishi borasidagi umidlari esa — xayolot.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘oniston — to‘liq «Tolibon» hukmiga o‘tdi. Panjsher nega uch kun ichida quladi?