16:41 / 11.09.2021
2 154

Meksikaning Tinch okeani sohiliga «Olaf» dovuli yetib keldi

Meksikaning Tinch okeani sohiliga «Olaf» dovuli yetib keldi
Foto: Trend
Meksikaning Tinch okeani sohilidagi Janubiy Quyi Kaliforniya shtatiga «Olaf» dovuli yetib keldi. Mintaqada shiddatli shamol boshlanib, kuchli yomg‘ir yog‘di, deb yozadi «Interfaks».

AQSHning dovullarni kuzatuvchi milliy markazi ma’lumotlariga ko‘ra, shamol tezligi sekundiga 44 metrga yetgan. Okean to‘lqinlari yetti metrgacha balandlikka ko‘tarilgan.

Suv toshqini xavfi tufayli Meksika hukumati Los-Kabos shahridagi davlat shifoxonasi bemorlarini evakuatsiya qilishga qaror qildi. Los-Kabos va La-Pas aeroportlariga reyslar bekor qilindi, portlar esa kichik kemalar uchun yopildi.

Dovul haqidagi ogohlantirishlardan so‘ng, maxsus boshpanalar ochildi, maktab o‘quvchilariga 10 sentabr kuni uyda qolish aytildi.

«Olaf» xavflilik darajasi bo‘yicha ikkinchi toifali dovul sifatida 10 sentabr kuni kechqurun Meksika qirg‘og‘iga yetib keldi. Ayni paytda, dovul zaiflashgan va tropik bo‘ronga aylangan. Qurbonlar va jiddiy vayronagarchiliklar haqida ma’lumot yo‘q. Biroq mahalliy aholining qariyb 60 foizi elektrsiz qoldi.

Shu bilan birga, sinoptiklar mahalliy aholini xotirjam bo‘lmaslikka chaqirmoqda hamda kuchli yomg‘ir «hayot uchun xavfli suv toshqinlari va ko‘chkilarga» olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

29 avgust kuni Meksika ko‘rfazi sohiliga «Ida» dovuli kirib kelgandi. Dastlab, shamol tezligi soatiga 240 kilometrga yetgan, dovul xavflilik darajasi bo‘yicha beshta toifaning to‘rtinchisi. Tabiiy ofat tufayli AQSHning Luiziana shtatida 1 milliondan ortiq aholi elektr energiyasidan uzilib qoldi, bir kishi vafot etgan, Missisipi daryosining yo‘nalishi teskari tomonga burilgan. Shuningdek, «Ida» tufayli Nyu-Yorkda rekord miqdorda yog‘ingarchilik yog‘gan. Metro suv ostida qolib, favqulodda vaziyat rejimi e’lon qilingan. AQSHda «Ida» dovuli qurbonlari soni 42 kishiga yetgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Meksikaning Tinch okeani sohiliga «Olaf» dovuli yetib keldi