21:42 / 17.09.2021
2 715

Putin AQSH va NATO qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketganini qochishga qiyosladi

Putin AQSH va NATO qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketganini qochishga qiyosladi
Foto: «kremlin.ru»
AQSH va NATO qo‘shinlari Afg‘onistondan shoshilinch tarzda olib ketilganini qochishga qiyoslash mumkin. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yig‘ilishida aytib o‘tdi. Putin SHHT sammitida videokonferensaloqa orqali ishtirok etmoqda.

«Hozir tashkilotimiz oldida AQSH kuchlari va ularning NATOdagi ittifoqchilari Afg‘onistondan, agar qochib qolish demasak, shoshilinch ravishda olib chiqilganidan keyin ushbu mamlakatda yuzaga kelgan vaziyatning keskinlashuvi bilan bog‘liq jiddiy xavflarni hisobga olgan holda umumiy, kelishilgan yo‘nalish bo‘yicha harakat qilish vazifasi turibdi», — dedi Putin.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, SHHTni Afg‘onistondan kirib keladigan terrorizm, narkotrafik va ekstremizmning oldini olishga jalb qilish nihoyatda muhim. Putin, shuningdek, Afg‘onistonda hokimiyat almashinuvi «deyarli qon to‘kishlarsiz» bo‘lganini «ijobiy lahza» deb atadi. Uning fikricha, Afg‘onistonning yangi hukumatini o‘zi bergan va’dalarni bajarishga undash zarur.

«‘Tolibon’ hozir Afg‘onistonning deyarli butun hududini nazorat qilmoqda, yangi afg‘on hukumatini o‘z va’dalarini bajarishga — tinchlik o‘rnatish, jamoat hayotini normallashtirish va hamma uchun xavfsizlikni ta’minlashga undash kerak», — dedi Rossiya prezidenti.

SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yig‘ilishi Dushanbeda bo‘lib o‘tmoqda, sammitga Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon boshchilik qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Putin AQSH va NATO qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketganini qochishga qiyosladi
[/banner_pushhouse