11:36 / 20.09.2021
1 535

Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay «Tolibon» siyosatini tanqid qilib chiqdi

Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay «Tolibon» siyosatini tanqid qilib chiqdi
Foto: «Media.az»
Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay (2004—2014) «Tolibon» harakatining siyosatini tanqid qilib chiqdi. Sunday Times gazetasida e’lon qilingan intervyusida Karzay toliblarni mamlakatda hokimiyatni egallab olganidan keyin bergan va’dalarini bajarmayotganlikda aybladi, deb yozadi «TASS».

«Eng boshida ‘Tolibon’ bilan barcha muzokaralar chog‘ida biz uchta eng muhim masalaga urg‘u berdik, bular: ta’lim va qizlarning unga bo‘lgan huquqi, hukumatdagi inklyuzivlik va ayollarning jamiyatdagi roli. Biz, shuningdek, milliy bayroq va mamlakatning qadriyatlari haqida ham gapirdik, — dedi «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelgach, Kobulda qolishga qaror qilgan Karzay. — Ular bizning talablarimizga rozi bo‘lgandi va to‘g‘ri gaplarni gapirgandi, lekin hozircha ularni amalga oshirmayapti. Ular va’dalarini amalda ko‘rsatishini xohlardik, aks holda Afg‘oniston yana dunyodan ajralib qoladi».

Karzay afsus bilan ta’kidlashicha, katta sinfda o‘quvchi qizlar hozircha o‘qishga qaytish imkoniyatiga ega emas, «ta’limsiz esa mamlakat hech qachon oyoqda mustahkam tura olmaydi». U, shuningdek, toliblar tomonidan shakllantirilgan muvaqqat hukumat tarkibida ayollar yo‘qligi va mamlakat hududida yashovchi ba’zi etnik guruhlar vakillari ham yo‘qligini qayd etdi.

«Afg‘oniston barcha afg‘onlarga — erkaklarga va ayollarga, turli xalqlar vakillariga tegishli bo‘lishi kerak. Bunga olib boradigan yagona yo‘l — inklyuziv hukumat tuzish. Ular e’lon qilgan tarkib bu ta’rifga mos emas», — dedi Karzay.

Siyosatchining qo‘shimcha qilishicha, Afg‘onistondagi yangi hukumat mamlakat taraqqiyoti haqida o‘ylashi, aholi uchun tayanch xizmatlarni ta’minlashi va «odamlar repressiyadan qo‘rqmasdan, baxtli yashashi»ga intilishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» o‘qimishli yoshlar mamlakatdan chiqib ketmasligining oldini olish uchun hozirda ko‘pchilik fuqarolar tushib qolgan «qo‘rquv muhitini yo‘qotishi» kerak.

Karzayning ta’kidlashicha, u Afg‘onistonda sodir bo‘layotgan voqealar yuzasidan o‘z fikrini bildirishda davom etadi, u qat’iy va «Tolibon»ga nisbatan tanqiddan iborat bo‘lsa ham. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, u G‘arb koalitsiyasi 20 yildan keyin Afg‘oniston hududini tark etganidan xursand bo‘lgan.

«Ular bizning madaniyatimizni hurmat qilmasdi, buning ustiga, Afg‘oniston mustaqil davlatga aylanishi kerak», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, «Tolibon» poytaxtga kirgach, Abdulla Abdulla va Hamid Karzay Islom partiyasi rahbari Gulbiddin Hikmatyor bilan birgalikda Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzgandi. Ular yangi hukumat organlarini tuzish maqsadida harakat vakillari bilan bir qancha uchrashuvlar o‘tkazdi. Ariana News telekanali «Tolibon» tuzmoqchi bo‘lgan Afg‘oniston boshqaruv kengashi tarkibidan bu uch siyosatchi ham o‘rin olishi haqida xabar bergandi.

Avgust oxirlariga kelib «Tolibon» jangarilari Afg‘onistondagi Milliy yarashuv Oliy Kengashi rahbari Abdulla Abdulla va mamlakat sobiq prezidenti Hamid Karzayni qo‘riqchilardan mahrum qilgani, ular deyarli uy qamog‘ida saqlanayotgani xabar berilgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay «Tolibon» siyosatini tanqid qilib chiqdi
[/banner_pushhouse