13:38 / 22.09.2021
1 254

Bayrut portida portlagan selitra egalarining kimligi aniqlandi (foto)

Bayrut portida portlagan selitra egalarining kimligi aniqlandi (foto)
2020 yil 4 avgustda Bayrut portidagi omborlardan birida ammiakli selitra portlagandan so‘ng yonayotgan kema
Foto: AFP

2020 yil 4 avgust kuni Livan poytaxti Bayrutdagi portda kuchli portlash sodir bo‘lgandi. Oradan bir yil o‘tgan bo‘lsa-da, falokatga sabab bo‘lgan ammiakli selitra yuklari kimga tegishli ekani sirligicha qolayotgan edi. Yuk Livan poytaxtiga 2013 yil dekabr oyida Moldova bayrog‘i ostidagi Rhosus kemasida kirib kelgan. Kema ekipaji esa Rossiya-Ukraina fuqarolaridan iborat bo‘lgan.

2020 yil sentabr oyida OCCRP (Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi) jurnalistlar guruhi surishtiruv o‘tkazdi. Ma’lum bo‘lishicha, selitrani Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Savaro Limited nomi ostidagi kompaniya Gruziyaning «Rustaviazot» zavodidan sotib olgan. Gruziya kompaniyasining selitrasi Mozambikdagi portlovchi moddalar ishlab chiqarish zavodiga olib ketilayotgan edi. Biroq, o‘sha paytda kompaniyaning haqiqiy egalari kimligini aniqlashning iloji bo‘lmagan: xuddi shunday nomga ega Ukraina kompaniyasi topildi, lekin uning egasi, dneprlik tadbirkor Vladimir Verbonol selitra yukiga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytgan. Shuningdek, u bir muncha vaqt o‘zini e’tibordan chetga olishga muvaffaq bo‘lgan.

OCCRRP'ning yangi surishtiruvi natijalariga ko‘ra, Savaro kompaniyasining egasi aynan Vladimir Verbonol bo‘lib chiqdi. Firmaning o‘zi esa xalqaro kompaniyalar konglomerati tarkibiga kiradi; konglomerat portlovchi moddalar tayyorlashda ishlatiladigan ammiakli selitrani yetkazib beradi. Ushbu konglomeratning shtab-kvartirasi Dnepr (sobiq Dnepropetrovsk) shahrida joylashgan bo‘lib, uni Verbonol va uning qaynotasi — butun Ukrainada tanilgan qurilish magnati Nikolay Aliseyenko boshchiligidagi bir guruh odamlar boshqaradi. Ular Angliya, Shotlandiya, Karib dengizi va Tinch okeani orollaridagi davlatlarda, shuningdek, Ukraina va AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan asli boshqa kishi bo‘lgan shaxslar va ofshor kompaniyalarning butun bir tarmog‘i ortiga bekingan.

Nikolay Aliseyenko
Foto: icci.org.ua


Vladimir Verbol
Foto: novamama.org

OCCRP muxbirlari ushbu guruhga mansub kompaniyalar 2000 yillarning boshidan beri Afrika mamlakatlariga ammiakli selitra sotib kelayotganini aniqladi; surishtiruv ishtirokchilari Mozambikga yuk yetkazib berish bo‘yicha kamida uchta holatni aniqladi, ularning so‘nggisi o‘z manziliga yetib bormagan Rhosus marshruti edi. Ushbu guruh kompaniyalariga huquqiy yordamni ikkita firma ko‘rsatadi: Kiprning Interstatus va Britaniyaning Alpha and Omega Group firmalari. Ular sobiq SSSR mamlakatlaridan bo‘lgan mijozlariga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan.

2021 yil avgust oyida London sudida Bayrut advokatlar assotsiatsiyasi va portdagi portlash qurbonlari nomidan Savaro kompaniyasiga nisbatan umumiy da’vo berildi. Da’vogarlarning fikricha, bunday murakkab va tushunarsiz mulkchilik tizimi Savaro Limited kompaniyasi egalari tomonidan xavfli yuklarni noto‘g‘ri saqlaganlik uchun javobgarlikdan qochish maqsadida o‘ylab topilgan.

Ushbu da’vo kiritilgan Ukraina kompaniyalarining advokatlari, jurnalistlarning so‘roviga javoban, Rhosus olib ketayotgan selitra yukiga aloqadorligini rad etdi hamda portlash uchun barcha javobgarlikni Livan ma’muriyatiga yukladi. Bu bayonotda, shuningdek, da’voda tilga olingan Atlantis Corporation, Savaro va Diniprosoft faqat IT, dasturiy ta’minot va internet-marketing sohasida faoliyat yuritayotgani ko‘rsatilgan, ulardan birining veb-saytida haligacha o‘g‘it sotilayotgani esa — «amaliyotchilardan birining xatosi» ekani aytilgan.

OCCRP jurnalistlari tekshirgan hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, quruq yuklarni tashuvchi Rhosus kemasi Britaniyaning Virginiya orollarida (BVI) ro‘yxatdan o‘tgan Agroblend Exsports tomonidan ijaraga olingan. Bundan maqsad, kema boshqa bir kompaniya — Savaro Limited Gruziyaning «Rustaviazot» zavodidan sotib olgan ammiakli selitra yukini tashishi kerak edi.

Rasmiy ravishda, bu ikki kompaniyaning hech biri Ukrainaga aloqador emas. Agroblend Exsports kompaniyasining egasi — oroldagi anonim ofshor, Savaro esa Interstatus yordami bilan soxta nomdagi kishilarni rahbar qilib tayinlagan. U bunday xizmatlarni nomida Savaro so‘zi uchraydigan kamida to‘rtta kompaniyaga ko‘rsatgan. Masalan, o‘g‘it sotuvchisi sifatida Shotlandiyada ro‘yxatga olingan shunday kompaniyalardan biri Interstatus hamda Britaniyaning korporativ xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar guruhi Alpha and Omega Group sho‘’ba korxonalariga aloqador bo‘lib chiqdi.

Alpha and Omega Group mijozlari — jumladan xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan jismoniy shaxslar va kompaniyalar — bir necha bor pul yuvishda ayblangan. Interstatus kompaniyasiga nisbatan esa Kiprda hozirda qimmatli qog‘ozlar va birja komissiyasi tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda, dedi OCCRP'ga Kipr moliyaviy regulyatori direktori Demetra Kalogeru. Interstatus direktori Marina Psillu Savaro Limited kompaniyasi egalarining ismini oshkor qilishdan bosh tortdi. Alpha and Omega Group rahbari Aleksey Strukov ham o‘z kompaniyalar guruhining mijozlarini muhokama qilishga rozilik bermadi, lekin u Interstatus bilan hamkorlik qilib, ularning mijozlariga yuridik manzil va pochta jo‘natish xizmatlarini ko‘rsatishini tasdiqladi.

Qo‘lga kiritgan elektron pochta xabarlari yordamida jurnalistlar Savara Limited va Agroblend Exsports kompaniyalarini Vladimir Verbonolga qarashli Ukraina kompaniyalar tarmog‘i bilan bog‘lashga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu xatlardan biriga Kyortis Inglxart nomi bilan imzo chekkan Agroblend xodimi Livan hukumati Rhosus'ni hibsga olgandan so‘ng, 2013 yilning dekabr oyida o‘z xatida yordam so‘rab Livanlik tadbirkorga murojaat qilgan. U tadbirkordan uning kompaniyasiga xatlangan selitra yuklarini olish huquqini qo‘lga kiritishda yordam berishni so‘ragan hamda kema operatori bo‘lgan Teto Shipping kompaniyasini transport xarajatlari uchun tobora ko‘proq pul talab qilayotganidan shikoyat qilgan.

Foto: Skrinshot
Bir yil o‘tgach, o‘sha xodim suhbatdoshiga yana xat yozadi, lekin bu safar savaro.com domenidagi boshqa manzilidan. Domen egasining ma’lumotlari bekitilgan, ammo jurnalistlarning aniqlashicha, tegishli IP-manzil Ukrainaning Savaro nomli kompaniyasi, shuningdek, o‘g‘it sotadigan boshqa bir qancha ofshor kompaniyalar veb-saytlarida ham foydalaniladi.

Vladimir Verbonol 1959 yilda Ukrainaning Dnepr shahrida tug‘ilgan va u yerda biznes bilan shug‘ullanib keladi. Shahar 2016 yilga qadar Dnepropetrovsk deb atalgan. 1990 yillarda Verbnol Ukrainaning taniqli kasaba uyushmasi a’zosi Mixail Volinsning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, shuningdek, «Batkivshchina» va «Xalq fronti» partiyalaridan Oliy Radaning sobiq deputati Denis Dzendzerskiy bilan hamkorlik qilgan. Ayni paytda Dzendzerskiyga nisbatan Ukraina korrupsiyaga qarshi milliy byurosi tomonidan qidiruv e’lon qilingan, shuningdek u Rossiya sanksiyalari ostida.

2001 yilda Vladimir Verbonol Atlantis korporatsiyasiga asos soldi. Kompaniyaning internet arxivlarida qolgan veb-sayti parchalariga ko‘ra, u o‘g‘it sotish bilan shug‘ullangan. Verbonol o‘z biznes sheriklari, shu jumladan qurilish magnati Nikolay Aliseyenko bilan birgalikda o‘g‘itlar, metallurgiya uskunalari, dasturiy ta’minot va veb-dizayn xizmatlarini sotadigan yana bir qancha kompaniyalar tuzdi. Ulardan biri 2009 yilda Ukrainada tashkil etilgan Savaro edi. Bu firmalar xalqaro bozorda o‘z bizneslarini Interstatus yordamida olib borgan, Angliya, Shotlandiya va Marshall orollarida aynan Savaro nomi bilan paydo bo‘lgan bir nechta firmalar ro‘yxatga olingan.

2011 yilda Verbonolning Atlantic korporatsiyasi bankrotlik to‘g‘risida e’lon qilib, yopildi, lekin tarmoq tarkibiga kiruvchi boshqa firmalar o‘z faoliyatini davom ettirdi. Biroq, ular o‘g‘it sotishni rasman to‘xtatdi — hatto savaro.com va atlantis.ua veb-saytlarining arxiv nusxalarini o‘chirishga muvaffaq bo‘ldi, ularda firmalar assortimenti, jumladan ammiakli selitra ko‘rsatilgan edi.

Savaro Rhosus kemasi bilan jo‘natish uchun selitra sotib olayotgan paytda kompaniyada ishlagan sobiq xodim, ismini oshkor qilmaslik sharti bilan ma’lum qilishicha, o‘shanda u Verbonol firmalarining IT faoliyati bilan bog‘liqligiga hech qanday dalil ko‘rmagan, ular o‘g‘itlar, jumladan ammiakli selitra yetkazib berishni davom ettirgan.

Bayrutdagi portlash oqibatlari. 2020 yil, 4 avgust
Foto: AP Photo

Bundan tashqari, jurnalistlarning aniqlashicha, 2013 yilda Savaro uch xil partiyada yana 17 ming tonna ammiakli selitra sotib olgan va ularni Mozambikning Beyra portiga — Rhosus yo‘l olgan joyga —jo‘natgan. Portlovchi moddalar ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida selitra sotib olgan Mozambikning Fabrice de Exsplosivos de Mochambique kompaniyasi vakili jurnalistlarga kompaniya «janob Vladimir» boshchiligidagi Ukraina firmasidan ikkita partiya sotib olganini tasdiqladi. Aynan shu kompaniya Rhosus’ga ortilgan yukni qabul qilishi kerak edi. Selitraning uchinchi partiyasi Ukraina va Xorvatiyada sotib olingan va Savaro bilan bog‘liq Agroblend kompaniyasi tomonidan Mozambikga yuborilgan. Bu yukni kim qabul qilib olgani noma’lum.

Savari egalari ularga nisbatan da’vo tayyorlanayotganidan xabar topgach, izlarini xaspo‘shlashga harakat qildi. 2021 yil 23 avgustda Ukraina fuqarosi, advokat Vladimir Glyadchenko kompaniyaning nominal egasiga aylandi. Ukraina yuridik shaxslar reyestrida u yana kamida o‘nta kompaniyaning egasi sifatida ro‘yxatga olingan, xususan ulardan birining yuridik manzili Savaro bilan bir xil. Jurnalistlar Savaro unga nima uchun kerak bo‘lganini so‘raganda, Glyadchenko kompaniyani boshqa huquqshunoslarning tavsiyasi bilan sotib olganini va Bayrutdagi portlash uchun javobgar emasligini aytdi.

Bundan tashqari, Verbonol kompaniyalari shoshilinch ravishda o‘g‘itlar biznesining onlayn izlarini o‘chira boshladi. Masalan, 2021 yilning iyul oyida jurnalistlar dniprometal.com saytini topdi, u yerda «Dniprometal» nomli kompaniya metall prokat va o‘g‘itlarni sotish bo‘yicha xizmatlar taklif qilgan. Vladimir Verbonol 2011 yilda Olga Aliseyenko bilan birgalikda asos solgan kompaniya ham xuddi shunday xizmat taklif qilardi. Otasining ismiga qaraganda (Nikolayevna) Olga Aliseyenko — Nikolay Aliseyenkoning qizi. Saytda Dneprdagi manzil ko‘rsatilgan, bu Savaro tarmog‘idagi boshqa bir qancha kompaniyalarning yuridik manziliga to‘g‘ri keladi.

Biroq, jurnalistlar Verbonol va uning sheriklariga so‘rov bilan murojaat qilishganidan ko‘p o‘tmay dniprometal.com saytida yangi rekvizitlar paydo bo‘ldi. Ular «Dniprometal» kompaniyasining ma’lumotlariga mos keladi, lekin bu kompaniya umuman boshqa bo‘lib, u o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Jurnalistlarni va London sudiga kiritilgan da’vo bo‘yicha da’vogarlarni chalg‘itish uchun kompaniya veb-saytidagi manzilni o‘zgartirganmi yoki yo‘q, degan jurnalistlarning navbatdagi savoliga Vladimir Verbonol va uning vakillari javob bermadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Bayrut portida portlagan selitra egalarining kimligi aniqlandi (foto)
[/banner_pushhouse