16:53 / 24.09.2021
2 164

Qirg‘iziston «Tolibon» bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda

Qirg‘iziston «Tolibon» bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda
Talatbek Masadikov va Amir Xon Muttakiy
Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Talatbek Masadikov toliblar tomonidan tayinlangan Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttakiy bilan uchrashdi. Bu haqda «Tolibon» hukumati matbuot kotibi Zabihulla Mujohid o‘z Twitter’ida ma’lum qildi, deb yozadi Kloop.

Uchrashuv Kobulda 23 sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyatining tashqi siyosat bo‘limi rahbari Jeyenbek Kulubayev ham qatnashgan.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Masadikov Afg‘onistonga prezident Sadir Japarovning topshirig‘i bilan yetib kelgan. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Qirg‘iziston delegatsiyasi «Kobulga Qirg‘iziston xalqi nomidan Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam yetkazgan».

«Gumanitar yuk rasman bosh vazir birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi mulla Abdulg‘ani Barodarga topshirildi», — deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati, shuningdek, Masadikov «Tolibon» siyosiy qanoti yetakchisi, dala qo‘mondoni mulla Abdulg‘ani Barodar bilan suhbatlashganini xabar qildi.

«Tomonlar Afg‘onistondagi siyosiy vaziyatni muhokama qilib, mamlakatdagi va umuman mintaqadagi xavfsizlik masalalari yuzasidan fikr almashdi», — deyiladi xabarda.

Qirg‘iz tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Abdulg‘ani Barodar Japarovga va Qirg‘iziston xalqiga taqdim etilgan gumanitar yordam uchun minnatdorlik bildirgan.

«U Afg‘onistonning ehtiyojlarini alohida qayd etdi, chunki xalqaro hamjamiyat tomonidan va’da qilingan gumanitar yordam kelib tushganicha yo‘q, Afg‘oniston moliyaviy hisoblari esa hamon muzlatilgan holatda turibdi», — deyiladi xabarda.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, Abdulg‘ani Barodar qo‘shni mamlakatlar bilan ishonchni mustahkamlash zaruriyatini qayd etgan, «Tolibon» uchun mamlakatda tinchlik o‘rnatib, aholi hayotini yaxshilash uchun iqtisodiyot bilan shug‘ullanish muhimligini ta’kidlagan.

Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda «Tolibon» tomonidan tayinlangan hukumat bilan bunday darajada uchrashuv o‘tkazgan birinchi mamlakatga aylandi.

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakat Afg‘onistonning «ichki ishlariga aralashmaslik» va bu mamlakat bilan «do‘stona aloqalarni saqlash» tarafdori ekanini aytgandi. Shuningdek, u mamlakatda vaziyat tezroq barqarorlashishi uchun Afg‘oniston yangi hukumati vakillari bilan turli masalalar bo‘yicha hamkorlikning ehtimoliy variantlari haqida muloqot olib borish zaruriyatini qayd etgandi.

«Biz Afg‘onistondagi vaziyat tezda barqarorlashib, ushbu mamlakat xalqi uchun maqbul bo‘lgan davlat tuzumiga ega yangi inklyuziv hukumat shakllantirilishiga umid qilamiz», — degan edi u.

«Tolibon» hokimiyatni egallab olganidan keyin, Afg‘oniston bilan aloqalar o‘rnatishga avvalroq O‘zbekiston ham harakat qilib ko‘rgandi. 14 sentabr kuni O‘zbekiston Afg‘onistonga un, turli oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur tovarlar, dori-darmonlar, kiyim-kechak va poyabzallardan iborat mazkur insonparvarlik yordamini yubordi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘iziston «Tolibon» bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda