17:21 / 24.09.2021
1 922

Emomali Rahmon afg‘onistonlik tojiklarni Afg‘oniston hukumatini tuzishda ishtirok etishga chaqirdi

Emomali Rahmon afg‘onistonlik tojiklarni Afg‘oniston hukumatini tuzishda ishtirok etishga chaqirdi
Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh assambleyasining 76-sessiyasi ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida Afg‘onistonning inklyuziv hukumatini, jumladan, afg‘onistonlik tojiklarning ishtiroki bilan tuzishga chaqirdi.

«BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorchi guruhlar ro‘yxatiga kiritilgan ‘Tolibon’ harakatining hokimiyatga kelishi mintaqada shundoq ham chigal geosiyosiy jarayonni yanada murakkablashtirdi», — dedi Rahmon.

Tojikiston prezidenti toliblar inklyuziv hukumat tuzish haqidagi va’dasini bajara olmaganidan afsusda ekanini bildirgan.
Uning aytishicha, afg‘on jamiyatining barcha qatlamlari, shu jumladan, afg‘onistonlik tojiklar ishtirokidagi muloqotgina ushbu mamlakatda mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga olib kelishi mumkin.

«Afg‘onistondagi tojiklar aholining 46 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etadi, shu sababli ular mamlakatning boshqa etnik guruhlari qatorida, davlat boshqaruvida munosib o‘rin egallash huquqiga ega», — ta’kidladi Tojikiston rahbari.

U Afg‘oniston xalqiga nisbatan barcha qonunbuzarliklar, qotilliklar, talonchiliklar va zulmlarni qoraladi hamda Panjsher viloyatidagi og‘ir gumanitar vaziyat haqida gapirib, u yerda haqiqiy gumanitar falokat sodir bo‘lganini aytdi.

Emomali Rahmon Tojikistonning Afg‘oniston ichki ishlariga aralashmasligini aytib, «bu mamlakatda hukumat tuzilishini referendum orqali, shuningdek, mamlakatning barcha fuqarolari pozitsiyasini hisobga olgan holda aniqlashni» taklif qildi.

Tojikiston prezidenti avval ham Afg‘onistonda ushbu mamlakatdagi tojiklar jamoatchiligi ishtirokida inklyuziv hukumat tuzishni taklif qilgandi.

7 sentabr kuni «Tolibon» harakati Afg‘oniston hukumatining yangi tarkibini e’lon qilgandi. Muhammad Hasan Ohund «Tolibon» tuzgan yangi hukumatning rahbari bo‘ldi. Mulla Abdul G‘ani Barodar bosh vazir o‘rinbosari bo‘ldi. «Haqqoniy tarmog‘i» guruhi asoschisining o‘g‘li Sirojiddin Haqqoniy esa ichki ishlar vaziri lavozimini egalladi. «Tolibon» asoschilaridan birining o‘g‘li Umar Yoqub mudofaa vaziri bo‘ldi.

Yevropa Ittifoqi Afg‘oniston muvaqqat hukumati tarkibidan xavotir bildirdi. Ittifoq fikricha, «Tolibon» inklyuziv hukumat tuzish haqidagi va’dasini bajara olmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Emomali Rahmon afg‘onistonlik tojiklarni Afg‘oniston hukumatini tuzishda ishtirok etishga chaqirdi