13:55 / 15.10.2021
1 094

Bayrut markazida norozilik namoyishlari qonli otishma bilan yakunlandi

Bayrut markazida norozilik namoyishlari qonli otishma bilan yakunlandi
Foto: UNN
Bayrut markazida «Hizbulla» va «Amal» shia harakatlari tarafdorlarining ommaviy aksiyalari otishmaga aylanib ketdi. Bu haqda Al-Jazeera xabar berdi.

Namoyishchilar 2020 yil avgust oyida Bayrut portida yuz bergan portlash bo‘yicha tergov olib borayotgan sudya Tarek Bitarning iste’fosini talab qildi. Avvalroq Bitar «Hizbulla»ga aloqador ikki sobiq vazirni hibsga olishga order bergandi.

Otishmalar natijasida olti kishi halok bo‘ldi, 60 ga yaqin kishi jarohatlandi. Qayd etilishicha, binolardan birida turgan snayperning o‘q uzishi to‘qnashuvlarni boshlab yuborgan.

Otishmalar bir necha soat davom etdi. Namoyishchilar shuningdek, mahalliy MTV telekanalining suratga olish guruhiga hujum qilib, muxbirni qattiq kaltaklagan.

Janjalga harbiylar aralashdi — ular yonida quroli bo‘lgan barchani otib tashlash bilan tahdid qildi. Armiya, shuningdek, Bayrut ko‘chalariga zirhli mashinalarni joylashtirib, odamlarni xavfli hududlarni tark etishga chaqirdi.

Keyinroq Livan armiyasi otishma qo‘zg‘atuvchilari aniqlangani va to‘qnashuvda ishtirok etganlikda gumon qilinayotgan to‘qqiz kishi hibsga olingani haqida xabar berdi.

Livan bosh vaziri Najib Mikati fuqarolarni xotirjamlikni saqlashga chaqirdi, mamlakat prezidenti Mishel Aun esa otishma sabablarini batafsil o‘rganishga va’da berdi.

«Hizbulla» va «Amal» ham o‘z tarafdorlarini tinchlanishga chaqirdi. Ular armiyadan namoyishchilarga o‘q uzgan merganlarni qo‘lga olishni so‘ramoqda.

Mamlakatda 15 oktabr motam kuni deb e’lon qilindi.

2020 yil avgust oyida Bayrut portida ammiakli selitra ortilgan kemaning portlashi natijasida 190 kishi halok bo‘lgandi, uch kishi bedarak yo‘qolgan, 300 mingdan ortiq odam boshpanasiz qolgan. Hodisa natijasida yetkazilgan umumiy zararni Livan rasmiylari 3-5 milliard dollarga baholagan.

Tergov guruhining fikricha, yuqori martabali davlat xizmatchilarining beparvoligi va korrupsiya sababli portda tovarlar xavfsizlik choralariga rioya qilinmagan holda saqlangan, bu esa portlashga olib kelgan.

Shia harakatlari portlash qasddan qilingan fitna natijasida sodir bo‘lgan deb hisoblaydi. Livan shialarining fikricha, hozirgi otishmalar ortida ham aynan shu fitnachilar turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (1)


Yangiliklar » Dunyo » Bayrut markazida norozilik namoyishlari qonli otishma bilan yakunlandi