13:43 / 19.10.2021
1 223

Hindistonda 70 yoshli ayol birinchi farzandini dunyoga keltirdi

Hindistonda 70 yoshli ayol birinchi farzandini dunyoga keltirdi
Foto: Jam Press/Rare Shot News
Hindistonda yashovchi ayol 70 yoshida birinchi farzandini dunyoga keltirganini ma’lum qildi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning Mirror nashri xabar bermoqda.

Jivunben Rabari va uning 75 yoshli turmush o‘rtog‘i Maldxari ko‘p yillar davomida farzand ko‘rish orzusida yashagan, ammo bu amalga oshmagan. Oxir-oqibat keksa ayol EKU (ekstrakorporal urug‘lantirish) usuli bilan ona bo‘lishga erishgan.

Er-xotin murojaat qilgan doktor Naresh Bxanushali jurnalistlarga ma’lum qilishicha, u dastlab bu g‘oyaga shubha bilan qaragan.
«Birinchi marta klinikamizga kelganida ularga yoshlari katta bo‘lgani sababli endi ota-ona bo‘la olmasliklarini aytganmiz, lekin mijozlar o‘z gapida turib oldi. Ularning aytishicha, oila a’zolarining ko‘pchiligi sun’iy urug‘lantirish yo‘li bilan farzandli bo‘lgan. Bu men ko‘rgan eng kamyob holatlardan biri», — dedi shifokor.

Jivunben birinchi farzandini 2021 yilda dunyoga keltirgan, ammo chaqaloqning ismi ham, jinsi ham noma’lum. Yangi ota-ona hozircha izoh berishdan bosh tortmoqda.

Loop nashriga ko‘ra, er-xotin savodsiz bo‘lib, Hindistonning Gujarat shtatidagi Kemora qishlog‘ida yashaydi.
Ta’kidlanishicha, ayol o‘z yoshini 70 deb ko‘rsatgan, ammo buni asoslash uchun hech qanday hujjat taqdim etmagan. Ammo mahalliy nashrlar uning yoshini tasdiqladi.

Qayd etish joiz, Hindistonda keksa yoshdagi ayollarning farzand ko‘rish holatlari tez-tez uchraydi. Xususan, 2015 yilda hindistonlik ayol 70 yoshida egizak farzand ko‘rgani uchun jahon rekordini o‘rnatgan bo‘lsa, 2017 yilda 72 yoshli ayol birinchi marta farzandli bo‘lgan, 2018 yilda esa 65 yoshli ayol ikkinchi bor onalik baxtiga muyassar bo‘lgan edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Hindistonda 70 yoshli ayol birinchi farzandini dunyoga keltirdi