22:15 / 19.10.2021
875

Ochlik e’lon qilgan Saakashvili majburan ovqatlantirilishi mumkin

Ochlik e’lon qilgan Saakashvili majburan ovqatlantirilishi mumkin
Georgian Interior Ministry Press Service / AP
Gruziyaning sobiq prezidenti, 1 oktabrdan beri ochlikni davom ettirayotgan Mixail Saakashvili zarurat yuzaga kelsa shifoxonaga ko‘chirilib, u yerda majburan ovqatlantirilishi mumkin.

Saakashvili Gruziyaga qaytgandan keyin 1 oktabrda hibsga olingandi. O‘shanda u ochlik e’lon qilib, uni “o‘lgunicha davom ettirishga tayyorligini” aytgan. Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili bunga javoban sobiq prezidentni “qallob” deb atagan. Bu orada Saakashvilining safdoshlari “u haqiqatan ham oxirigacha borishi mumkinligini” aytishmoqda.

Saakashvilining advokati Nika Gvaramiyaning ta’kidlashicha, 19 kundan beri ochlikni davom ettirayotgan Saakashviliga 3-4 kundan keyin tibbiy yordam kerak bo‘lishi mumkin.

Advokat Gela Nikolaishvilining aytishicha, ochlik e’lon qilgan mahbuslarni majburan ovqatlantirish amaliyoti ko‘plab davlatlarda mavjud. Uning ta’kidlashicha, gap tom ma’noda ovqatlantirish haqida emas, balki mahbus batamom holsizlansa yoki hushini yo‘qotsa, uning organizmiga zarur vositalarni quyish haqida bormoqda.

19 oktabrda shifokorlar konsiliumi Saakashvilining salomatligi ortidan kuzatuvni kuchaytirish haqidagi xulosaga kelgan va uning sog‘lig‘i yomonlashishda davom etsa, uni turma yoki shahar shifoxonasiga o‘tkazishni tavsiya qilgan.

Avvalroq Saakashvili ochlik vaqtida 15 kgga ozib ketgani ma’lum qilingan. Biroq sobiq prezident o‘z qaroridan qaytmasligi va ozod etilmagungacha ochlikni davom ettirishini ta’kidlamoqda. “Agar men o‘z davlatimga hayotligimda yordam bera olmasam, balki o‘limim Gruziyaning ozodlik tomon yo‘lini yoritar”, deb aytgan Saakashvili o‘z tarafdorlariga yo‘llagan maktubida.

Bu orada Gruziya bosh vaziri Irakliy Garibashvili Yevroparlamentning Saakashvilini darhol ozod qilish talabiga javoban “qallob va simulyant” Saakashvili o‘ziga chiqarilgan 6 yillik qamoq jazosini to‘liq o‘tamagungacha ozod etilmasligini” aytgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Ochlik e’lon qilgan Saakashvili majburan ovqatlantirilishi mumkin