12:10 / 28.10.2021
2 149

Yaponiya malikasi oddiy fuqaroga turmushga chiqdi. Omma noroziligiga sabab bo‘lgan to‘y qanday o‘tdi?

Yaponiya malikasi oddiy fuqaroga turmushga chiqdi. Omma noroziligiga sabab bo‘lgan to‘y qanday o‘tdi?
Sobiq malika Mako (havorang libosda), uning singlisi malika Kako, ota-onasi — valiahd shahzoda (chapda) va malika Akisinolar
Foto: Reuters

Yaponiya valiahd shahzodasi Akisinoning qizi, hukmron imperator Naruxitoning jiyani malika Mako oddiy fuqaro — 30 yoshli Key Komuroga turmushga chiqdi. U erining familiyasini oldi va malika maqomidan ayrildi. To‘y kuni 100 ga yaqin odam «imperator oilasini himoya qilish» talabi bilan namoyishga chiqdi. Nikoh marosimi qanday o‘tgani haqida «RBK» fotoreportaj tayyorladi.

Unvonidan ayrilgan Mako bo‘lajak turmush o‘rtog‘i bilan 2012 yilda tanishgan. Ular Tokio xalqaro xristian universitetida birga o‘qigan, oliygohda sobiq malika san’at va madaniy meros bo‘yicha ta’lim olgan.

Sobiq malika Mako
Foto: Reuters

Juftlikning unashtiruvi 2017 yil sentabr oyida e’lon qilingan, to‘y 2018 yilning noyabriga rejalashtirilgan edi. Biroq Komuroning onasi bilan yuzaga kelgan moliyaviy mojaro tufayli to‘y qoldirildi. Qayd etilishicha, ayol o‘zining sobiq qallig‘i unga bergan 4 million iyen (taxminan 35 ming dollar) qarzini qaytarmagan. Komurolar oilasi bu pul qarz emas, sovg‘a ekanini ta’kidladi. The Mainichi gazetasining yozishicha, erkak pullarni Keyning universitetga kirgani munosabati bilan uning onasiga hadya qilgan. 2012 yilda ular ajralganidan so‘ng, erkak pulni qaytib olishdan bosh tortgan, lekin ko‘p o‘tmay ularni qaytarishni talab qilgan.

Key Komuro (markazda)
Foto: Getty Images

Shundan so‘ng imperator xonadoni rahbariyati to‘yning keyinga surilishini marosimga tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘proq vaqt talab qilingani bilan izohladi. Kyodo xabariga ko‘ra, malika Makoning ota-onasi bo‘lajak kuyovidan moliyaviy qiyinchiliklarni hal etishni talab qilgan. Agentlik manbasiga ko‘ra, OAVda qarz muammosi deb atalgan vaziyatdan malikaning oilasi bexabar bo‘lgan. Makoning ota-onasi, shuningdek, Komuro nimalar bo‘layotganini omma oldida tushuntirishini talab qildi.

Foto: Getty Images
Komuro 2019 yilda jamoatchilikka tushuntirish berib, 52 yoshli onasi va uning sobiq qallig‘i barcha moliyaviy muammolarini hal qilganini aytdi. Biroq The Mainichi gazetasi yozishicha, shundan keyin tomonlar advokatlar orqali muhokamani davom ettirgan. 2021 yilda Komuro onasining qarzini to‘lashga qaror qildi. Shu bilan birga, OAV u pul mablag‘larini qarz hisobiga emas, balki kompensatsiya sifatida o‘tkazayotganini da’vo qildi. Bundan ko‘p o‘tmay, Komuro uch yil ichida birinchi marta Yaponiyaga qaytib keldi. U Nyu-Yorkdagi Fordem universitetida huquqshunoslik bo‘yicha ta’lim olayotgandi.

Foto: Getty Images
To‘ydan biroz oldin imperator xonadoni boshqarmasi mojarolar paytida jamiyatning haqoratomuz izohlari tufayli malika Makoga travmatik stress buzilishi tashxisi qo‘yilgani haqida xabar berdi. The Mainichi’ning aniqlik kiritishicha, malikaning ahvoli 2018—2019 yillarda yomonlashgan, biroq ushbu vaqt davomida ruhiy buzilish Makoning o‘z vazifalarini bajarishiga xalal bermagani uchun bu haqda jamoatchilikka xabar berilmagan.

Foto: AP Photo
Shu bilan birga, tashxis ommaga e’lon qilinganidan so‘ng ham OAV tanqidlari unchalik kamaymadi, deb ta’kidlaydi The Mainichi. Hatto Makoning to‘yi kuni internetda buni firibgarlik deb atab, nikohni bekor qilishni talab qiluvchi izohlar paydo bo‘lishda davom etdi.

Foto: EPA
Yaponlar to‘yga nafaqat internetda, balki ko‘chada ham qarshi chiqdi. Tokiodagi namoyishda 100 ga yaqin odam qatnashdi. Ular, xususan, moliyaviy mojaro tufayli Komurolar oilasini tanqid qiluvchi yozuvlar tushirilgan plakatlarni ko‘tarib olgandi, shuningdek, «imperator oilasini himoyalashni» talab qildi.

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: Getty Images
Oddiy fuqaroga turmushga chiqib, Mako malikalik unvonini yo‘qotdi. Shuningdek, u turmushga chiqish vaqtida yapon malikalariga taqdim etiladigan 1,3 million dollarga yaqin bir martalik to‘lovni olishdan bosh tortdi. Imperator oilasi a’zolarida pasport yo‘q, shu sababli nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun birinchi navbatda undan shaxsini tasdiqlovchi hujjatni olish talab etilardi. Ular an’anaviy to‘y marosimini o‘tkazmaslikka qaror qildi, juftlik shunchaki nikoh to‘g‘risidagi hujjatlarga imzo chekdi va jurnalistlarning bir nechta savollariga javob berdi. To‘ydan keyin Mako va Key Komuro Nyu-Yorkka ketishga qaror qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiya malikasi oddiy fuqaroga turmushga chiqdi. Omma noroziligiga sabab bo‘lgan to‘y qanday o‘tdi?