19:05 / 17.11.2021
2 723

Armaniston-Ozarbayjon chegarasida yana to‘qnashuvlar kuzatildi. Asosiy ma’lumotlar

Armaniston-Ozarbayjon chegarasida yana to‘qnashuvlar kuzatildi. Asosiy ma’lumotlar
Foto: Reuters
16 noyabr kuni tushga yaqin Armanistonning sharqiy chegaralaridagi Sitsernakar tog‘li tumanida Armaniston va Ozarbayjon harbiylari o‘rtasida otishma boshlandi, u qisqa vaqtda zirhli texnika va artilleriya ishtirokidagi to‘laqonli harbiy harakatlarga aylanib ketdi. Bir necha soat davomida Armanistonning butun janubi-sharqiy chegarasi bo‘ylab faol janglar davom etdi. Bu 2020 yilning noyabr oyida 44 kunlik urush tugaganidan beri sodir bo‘lgan eng jiddiy to‘qnashuvga aylandi.

Jang boshlanganidan so‘ng, ikkala tomon ham deyarli bir vaqtda bir-birlariga o‘z yo‘qotishlari haqida ma’lum qildi. «Soat 16:00 (Toshkent vaqti bilan 17:00) holatiga ko‘ra, Armanistonning sharqiy chegarasida vaziyat o‘ta keskinligicha qolmoqda. Armaniston tomonida qurbonlar va yaradorlar bor, ular haqida ma’lumot aniqlanmoqda, ikkita jangovar pozitsiya yo‘qotilgani haqida ma’lum qilamiz» — deyiladi Armaniston harbiy boshqarmasi matbuot xizmatining 16 noyabr kungi bayonotida.

«Respublika sharqida Ozarbayjon Qurolli Kuchlari bilan olib borilgan janglar natijasida 15 ga yaqin harbiy xizmatchi halok bo‘ldi», — dedi Armaniston parlamentining tashqi aloqalar bo‘yicha doimiy komissiyasi rahbari Eduard Agajanyan va bu ma’lumot hali tasdiqlanmaganini qo‘shimcha qildi.

Armaniston Mudofaa vazirligi, shuningdek, 12 arman askari — yetti nafar shartnoma bo‘yicha armiyaga olingan askar va besh nafar harbiy xizmatchi asirga olingani haqida xabar berdi.

Janglar boshlanganidan 3 soat o‘tib, Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston armiyasi shaxsiy tarkibi o‘rtasida vahima ustun ekanini, Ozarbayjon armiyasi esa qarshi hujumga o‘tayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, portlash va otishma ovozlari jang maydonidan bir necha kilometr uzoqlikda – Armanistonning Syunik viloyatidagi eng yirik shaharlardan biri Gorisdan ham eshitilgan.

Tomonlar qanday bayonot berdi?
Ozarbayjon bilan chegaradagi otishma tufayli Yerevan 1997 yildagi ikki tomonlama kelishuvga muvofiq Armaniston suveren hududini himoya qilish uchun Moskvaga murojaat qildi, dedi mamlakat Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan. Bu og‘zaki bayonot bo‘lsa-da, undan keyin rasmiy yozma murojaat qilinadi, deya qo‘shimcha qildi u. «Hujum Armanistonning suveren hududiga qaratilgani sababli biz Rossiyaga ikki davlat o‘rtasida 1997 yilda tuzilgan kelishuv doirasida Armanistonning hududiy yaxlitligini himoya qilish, o‘zaro majburiyatlarni bajarish so‘rovi bilan murojaat qilamiz», — dedi Grigoryan.

Grigoryanning so‘zlariga ko‘ra, «agar mavjud tuzilmalar bilan inqirozni hal qilib bo‘lmasa, Armaniston boshqa tuzilmalarga, ya’ni boshqa xalqaro hamkorlarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi».

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan vatandoshlarni «Muqaddas Vatanni himoya qilishga» tayyor turishga chaqirdi.
Jangning oltinchi soatida chegaradagi vaziyat keskinlashgani uchun Yerevan Moskvadan rasmiy ravishda yordam so‘rab o‘tirmadi, dedi Armanistonning Rossiyadagi elchisi Vardan Togonyan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Linde Yerevan va Bokuni chegaradagi vaziyatni yumshatish uchun zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqirdi.

16 noyabr kuni kechqurun Armaniston Mudofaa vazirligi ziddiyat hududidagi janglar Rossiya tomoni vositachiligida to‘xtatilganini e’lon qildi.

Rossiya Mudofaa vazirligida xabar qilinishicha, Armaniston va Ozarbayjon Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan muzokaralar o‘tkazgandan so‘ng ikki davlat chegarasidagi Kilisali tog‘i hududida to‘qnashuvlarni to‘xtatganini ma’lum qilgan.

«Telefon suhbatlari natijasida Ozarbayjon va Armaniston tomonlari vaziyatni barqarorlashtirish choralarini ko‘rdi. Hozirda Kilisali tog‘i hududida to‘qnashuvlar to‘xtadi, vaziyat normal holatga qaytdi va nazorat ostida», — deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.

Yerevan bir kishi halok bo‘lgani, 12 kishi asirga olingani haqida xabar bermoqda.

To‘qnashuvlar sababi nimada?
Chegaraning ushbu qismida – Armanistonning Syunik viloyati va Ozarbayjonning Kelbajar tumanida olti oydan beri to‘qnashuvlar davom etmoqda. Bu yerdagi doimiy keskinlik avvallari tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi nazoratida bo‘lgan Kelbajar tumani 2020 yilgi urushdan keyin Ozarbayjonga o‘tgani, natijada Armaniston va TQR o‘rtasidagi ma’muriy chegara deb hisoblanadigan joyda, Armaniston-Ozarbayjonning davlatlararo chegarasi paydo bo‘lgani bilan yuzaga keldi.

Mazkur hududda Qorabog‘ urushidan keyingi birinchi jiddiy voqea 2021 yilning 12 may kuni sodir bo‘lgan — o‘shanda Ozarbayjon harbiylari Qora ko‘l hududiga (arman tilida Sev Lich) kirib kelgan. Yerevan voqeani «Armaniston suveren hududiga tajovuz» deb atagan hamda Moskva va KXSHTga yordam so‘rab murojaat qilgan.

28 iyulda ham Armaniston va Ozarbayjon chegarasidagi ziddiyat yangidan avj olgan. Yerevan Ozarbayjon kuchlari to‘laqonli jangovar harakatlar boshlagani haqida, Boku esa Armaniston tomonidan o‘q uzilgani haqida xabar bergan. Yerevan xabariga ko‘ra, otishmada uch kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi yaralangan. Boku ikki yarador haqida ma’lum qilgan.

Hozirgi to‘qnashuvlar boshlanishidan oldin tomonlar bir-birini provokatsiyada aybladi. Mojaro boshlanishidan bir kun avval Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Ozarbayjon harakatlarini bosqinchilik deb baholadi va shu munosabat bilan mudofaa vaziri Arshak Karapetyanni iste’foga chiqarish tashabbusi bilan chiqdi. Uning o‘rniga bosh vazir o‘rinbosari, hukmron «Fuqarolik shartnoma» partiyasini boshqaradigan Suren Papikyan tayinlandi.

May oyidan beri Boku ikki davlat o‘rtasidagi yangi chegara delimitatsiya va demarkatsiya qilinmaguncha, uning qayerdan o‘tganini aniq aytish mumkin emasligini ta’kidlab keladi va olti oydan ortiq vaqt o‘tdiki, o‘z qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqishdan bosh tortadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Armaniston-Ozarbayjon chegarasida yana to‘qnashuvlar kuzatildi. Asosiy ma’lumotlar