00:10 / 23.11.2021
1 828

«Tolibon» ayollar ishtirok etgan bir qator teledasturlarni efirga uzatishni taqiqladi

«Tolibon» ayollar ishtirok etgan bir qator teledasturlarni efirga uzatishni taqiqladi
Foto: «RIA Novosti»
Afg‘onistonda «Tolibon» harakati bir qator teledasturlarni, jumladan, ayollar ishtirokidagi ko‘rsatuvlarni efirga uzatishni taqiqladi. Bu haqda Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarni yo‘qotish vazirligi bayonotiga tayanib, «RIA Novosti» xabar berdi.

Bayonotda aytilishicha, barcha televideniye OAVlari o‘z dasturlarida shariat va odob-axloq me’yorlari buzilmasligi, ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar aholining diniy tuyg‘ularini kamsitmasligi, jurnalist xotin-qizlar boshiga ro‘mol o‘ragan bo‘lishi ustidan nazorat o‘rnatishi lozim.

«Ayollar ishtirokidagi teleseriallarni ko‘rsatish taqiqlanadi. Erkaklar yoki ayollar yarimyalang‘och holda ko‘rinadigan film va kliplarni ko‘rsatish ham taqiqlanadi», — deyiladi vazirlik bayonotida.

Vazirlik chet el madaniyatini singdiruvchi filmlarni, shuningdek, Muhammad (s.a.v) payg‘ambar va uning sahobalari tasviri tushirilgan har qanday teleseriallarni namoyish etishni taqiqladi.

Avvalroq Afg‘onistonning yangi hukumati televideniye ishiga o‘zgartirishlar kiritgan edi. Afg‘oniston parlamentining rasmiy teleradiokompaniyasidagi manba «RIA Novosti»ga ma’lum qilishicha, toliblar telekanal nomini «Al-Hijra» deb o‘zgartirib, unda islomiy mavzulardagi ko‘rsatuvlarni efirga uzatishni yo‘lga qo‘ygan.

«Tolibon» Kobulda bir necha o‘n yillar davomida faoliyat yuritib kelgan tarixiy «Ariana» kinoteatrini yopishga qaror qilgandi. «Tolibon» hind, Yevropa va Amerika filmlari ko‘proq namoyish etiladigan kinoteatrlarning ishi shariat qonunlariga zid, degan xulosaga kelgan.

Oktabr boshida «Tolibon» tomonidan tashkil etilgan Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarni yo‘qotish vazirligi mamlakatda to‘ylarni o‘tkazish uchun qoidalar o‘rnatgandi, ulardan biri marosim paytida jonli musiqa ijro etilishini taqiqlaydi.

Shuningdek, toliblar Afg‘onistonda shariatga amal qilinishini ta’minlash, diniy qoidalarni bajarish va ijtimoiy islohotlar bilan shug‘ullanuvchi harbiy tribunal tuzgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» ayollar ishtirok etgan bir qator teledasturlarni efirga uzatishni taqiqladi