13:51 / 23.11.2021
1 556

Bolgariyadagi shosseda sayyohlar avtobusi yonib ketdi, 45 kishi halok bo‘lgan

Bolgariyadagi shosseda sayyohlar avtobusi yonib ketdi, 45 kishi halok bo‘lgan
Foto: Reuters
Kamida 45 kishi, jumladan 12 bola shimoliy makedoniyalik sayyohlarni olib ketayotgan avtobus YTHga uchrab, yonib ketishi oqibatida halok bo‘ldi. Hodisa seshanbaga o‘tar kechasi Bolgariya g‘arbidagi shosseda ro‘y bergan.

Shimoliy Makedoniya ichki ishlar vaziri Buyar Usmanining ma’lum qilishicha, turistlar guruhi Istanbulga safardan Skopega qaytayotgan bo‘lgan.

Avtobusda jami 52 kishi bo‘lgan, ularning yetti nafari omon qolgan. Bolgariya IIV 45 kishining o‘limini tasdiqladi. Rasmiy xabarlarga ko‘ra qurbonlarning 12 nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.

Jabrlanuvchilar Sofiyadagi shifoxonaga yuz va bo‘yin sohasidagi jarohatlar bilan yotqizilgan, ularning ayrimlarida jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan.

Shifoxona xodimining so‘zlariga ko‘ra, yonayotgan avtobus derazasidan sakrab chiqqan yetti kishining ahvoli hozirda barqaror.

Avtohalokat mahalliy vaqt bilan tungi soat 2:00 atrofida, «Struma» trassasining 31-kilometrida, Sofiyadan 45 kilometrlik masofada joylashgan Bosnek qishlog‘i yaqinida ro‘y bergan.

Avariya sababi hozircha aniqlanmagan, ammo bolgariyalik rasmiylar avtobus yo‘l chetidagi to‘siqqa urilgani va yonib ketganini taxmin qilishmoqda.

Televideniyeda namoyish etilgan kadrlarda avtobusning faqat kuyib ketgan skeleti qolganini ko‘rish mumkin. Bolgariya ichki ishlar vaziri Boyko Rashkov avtobus ichidan chiqolmaganlar «butunlay yonib ketgani»ni ma’lum qilgan.

Voqea joyiga yetib kelgan jurnalistlar
«Kartina qo‘rqinchli, juda qo‘rqinchli. Men hech qachon bunday holatga duch kelmagandim», - degan voqea joyida jurnalistlarga intervyu bergan Rashkov. Bolgariya bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Stefan Yanev avtohalokatni «ulkan fojia» deb atagan.

«Men dahshatga tushdim. Bu shunday bir ulkan fojia», deydi teleefirda Shimoliy Makedoniya bosh vaziri Zoran Zayev ham.

Bolgariya milliy tergov xizmati rahbari Borislav Sarafovning aniqlik kiritishicha, shu kuni kechqurun Turkiyadan mamlakatga Shimoliy Makedoniyadagi turistik agentlikning to‘rtta avtobusi kirgandi.

Uning ma’lum qilishicha, hozirda hodisaning ikki ehtimoliy sababi ko‘rib chiqilmoqda - haydovchi xatosi yoki texnik nosozlik.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bolgariyadagi shosseda sayyohlar avtobusi yonib ketdi, 45 kishi halok bo‘lgan