14:12 / 29.11.2021
3 445

AQSH mudofaa vazirligi «uchar likopchalar» jumbog‘ini yechishga qat’iy kirishdi

AQSH mudofaa vazirligi «uchar likopchalar» jumbog‘ini yechishga qat’iy kirishdi
Foto: “Science Photo Library”
AQSH mudofaa vazirligi tarkibida noma’lum uchuvchi jismlar mavjudligini tadqiq etuvchi maxsus bo‘lim tashkil etilmoqda. Yangi tuzilma faoliyatini mudofaa vazirining razvedka bo‘yicha o‘rinbosari nazorat qiladi.

Mudofaa vaziri o‘rinbosari Ketlin Hiks yopiq havo hududlarida noma’lum uchuvchi ob’ektlarning paydo bo‘lishi samolyotlar parvozi hamda milliy xavfsizlikka tahdid tug‘dirishini aytgan. Pentagonga ko‘ra, yangi guruh noma’lum uchar ob’ektlarni tadqiq etish va ehtimoliy xatarlarni bartaraf etish bilan shug‘ullanadi.

Mudofaa vazirligi tizimida «uchar likopchalar» bo‘yicha yangi tuzilmaning tashkil etilayotgan bejiz emas. Joriy yil iyun oyida AQSH razvedka idorasi tomonidan e’lon qilingan hisobotda noma’lum va sirli uchar ob’ektlar bo‘yicha 144 ta kuzatuv haqida so‘z boradi.

O‘tgan yillar ichida dengiz aviatsiyasi uchuvchilari tasvirga olgan bir necha videolavha e’lon qilingan. Ulardan birida juda katta tezlikda harakatlanayotgan ob’ekt kutilmaganda ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi aks etgan. AQSH harbiy dengiz floti razvedka xizmati uchar ob’ektlarni «noma’lum havo hodisasi» deb baholagan.

Razvedka va mudofaa mas’ullarini uchar ob’ektlar o‘zga sayyoralardan kelganmi yoki Xitoy, Rossiya kabi dushman davlatlarga tegishlimi degan jumboq qiziqtirmoqda. Joriy yilning yozida Xitoy ovoz tezligidan ham shitobroq harakatlanuvchi yangi uskunani sinovdan o‘tkazdi. Shunga ko‘ra, AQSH Pekin undan avval yangi texnologiya yaratishga muvaffaq bo‘ldi deya taxmin qilmoqda.

Umuman, AQSH harbiylari keyingi o‘n yillarda nafaqat raqib davlatlar, balki o‘zga sayyoralardan yuborilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchar ob’ektlarni tadqiq etish uchun millionlab dollar mablag‘ sarflab kelmoqda. Masalan, mudofaa vazirligi 2007-2012 yillarda amalga oshirgan «Aerokosmik tahdidlarni aniqlash dasturi» uchun 20 million dollardan ziyod mablag‘ xarjlagan. Ushbu tadqiqotlar uchun mablag‘ ajratish esa hamisha Pentagon hamda Kongress o‘rtasida beayov bahsu munozaralarga sabab bo‘lib keladi. Qonunchilik idorasi mudofaa vazirligini millionlab dollarni havoga sovurishda ayblaydi. Vazirlik esa bu milliy xavfsizlikka daxldor masala ekanini uqtiradi.

AQSH razvedka idorasi taqdim etgan hisobotlarda noma’lum uchuvchi jismlar aynan boshqa sayyoralardan kelgani tasdiqlanmagan, ayni choqda, mazkur fakt rad ham etilmagan. Bu esa ko‘p yillardan buyon yashab kelayotgan faraz va taxminlarni yanada kuchaytirmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH mudofaa vazirligi «uchar likopchalar» jumbog‘ini yechishga qat’iy kirishdi