22:00 / 30.11.2021
4 294

Ochdan o‘lmaslik uchun qizlarini sotayotgan afg‘onlar (foto, video)

Ochdan o‘lmaslik uchun qizlarini sotayotgan afg‘onlar (foto, video)
Oiladagilari ochdan o‘lmasligi uchun 500 dollarga sotilgan chaqaloq.
Foto: BBC

Tolibon hukumatga kelgach, ochlik xavfi ostida afg‘on oilalari farzandlarini pul evaziga sotishga urinmoqda. Tashqi yordamning payi qirqilgani mamlakat iqtisodiyotini inqiroz yoqasida qoldirmoqda. Xorijiy nashrlar, jumladan, BBC, CNN ushbu holat haqida materiallar e’lon qildi. «Daryo» Afg‘onistonning chekka hududlarida, qashshoqlik va ochlik hukm surayotgan qishloqlarida sotilayotgan qizaloqlar haqidagi bu maqolalarni tarjima qildi.

BBC muxbiri Yogita Limaya Afg‘oniston g‘arbiga, Hirotdan uzoqroqda joylashgan qishloqqa safar qilib, boshqa bolalarini asrab qolish uchun endigina dunyoga kelgan chaqalog‘ini 500 dollarga sotgan ona bilan suhbatlashdi.

Ismi noma’lum xaridor ularga qizginani o‘stirib, o‘g‘liga nikohlab qo‘yishini aytib, ota-onani ishontirgan, lekin uning orzu-niyatiga kafolat yo‘q. Xaridor oilaga bir necha oyga yetgulik oziq-ovqat uchun 250 dollar bo‘nak berib, qolganini «qizaloq tetapoya qilgach» qaytib kelib to‘lashini bildirgan.

Kattalari ochlikdan o‘lar holatga kelayotgani uchun qizimni sotishga majbur bo‘ldik, – deydi ona BBC’ga. – Qandoq g‘amga botmay? Axir u ham bolam. Qaniydi sotmaganimda...

Afg‘oniston – o‘nlab yillar davom etgan mojarolar, korrupsiya uchiga chiqqan, hukumat boshqarsa ham, butunlay G‘arbga mute, yalpi ichki mahsulotining 40 foizi chet el yordamiga bog‘liq qashshoq o‘lka.

Koronavirus pandemiyasi, qurg‘oqchilik, bir kecha-kunduzda hukumatning qulashi, uch oycha avval boshqaruvning «Tolibon» qo‘liga o‘tishi vaziyatni og‘irlashtirdi, mamlakat iqtisodiyotini butunlay boshi berk ko‘chaga olib kirdi.

Ko‘mak to‘xtagach, oziq-ovqat narxi oshib, pul qadri tushib ketgan, ishchilar maoshsiz, mahalliy tadbirkorlarning bozori kasod, oilalar esa o‘zlarida bor jamiki narsani – hatto bolalarini ham – omon qolish niyatida qurbon qilishga majbur.

Chiqindi-axlatlarni yig‘ib-terib ro‘zg‘or tebratadigan ota bugun qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, pul topishga urinyapti. Oilaning bundan bo‘lak chorasi yo‘qligini tushuntiradi.

Och yashayapmiz. Uyda na un, na yog‘ bor. Hech vaqo yo‘q. Go‘dak qizim kelajagi qanday bo‘lishini hozir tushunmaydi. Uni sotganimiz haqida kun kelib nima deyishini ham bilmayman. Lekin shunga majbur bo‘ldim, – deydi u.

500 dollarga sotilgan chaqaloqning otasi va akalari.
Foto: BBC

Bolalar nikohi Afg‘onistonda asrlar bo‘yi hukmron. Mamlakatning bugungi tang iqtisodiy ahvoli juda ko‘p oilani yuqoridagi holatga solayotgani rost. Qizlar hayotini barvaqtdan barvaqt bitimga tikishga olib bormoqda.

Bo‘lg‘usi kuyovning ota-onasi yaxshigina savdolashib, to‘lovlar orqali qizlarni qaramoqlariga oladilar.

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi Afg‘onistonning yarmidan ko‘p aholisi, taxminan, 22,8 million kishi kelasi oylar davomida to‘yib ovqatlanmaslik va ochdan halok bo‘lishi, «zudlik bilan davolanmasa», millionlab bola ham o‘lim xavfi ostida qolishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Bor-yo‘g‘i 5 foiz oilaning har kuni yeyishga oziq-ovqati bor, deya hisob beradi dastur.

«Bunday ayanchli holatdan chiqish uchun millionlab dollar zarur, – deydi xalqaro tashkilot. – Naqd pullar esa ‘Tolibon’ning talon-torojidan qo‘rqib o‘tirgan hukumat qo‘lida haliyam».

Darvoqe, «Bolalarni asrang» xalqaro tashkilotining keltirishicha, oilalar «kichik bolalarini ovqat ilinjida pullashmoqda, kattaroqlarini ishlagani yuborishmoqda yoki birgina quruq non bilan kun kechirmoqda».

Vaziyat jiddiyligini ta’kidlagan holda, shu hafta poytaxt Kobulda sakkiz nafar bola ochdan o‘lgani xabar qilindi.

Yaqin-atrofdagi masjid imomi Muhammad Ali Bomiyoniy jurnalistlarga otalari saraton, onalari yurak xastaligidan vafot etgach, g‘irt yetim qolgan jigarbandlar haqida so‘zlab berdi.

Imom so‘zlayotib, bolalarning uyiga kirarkan, «Sakkiz nafariyam allaqachon o‘lib bo‘lgandi. Ochlikdan jon bergani ochiq-oydin ko‘rinib turardi. Faqat bittasi shu qadar majolsiz, bedarmonligidan oyog‘iniyam cho‘zolmasdi», – deydi.

Jahon oziq-ovqat tashkilotining ma’lum qilishicha, Afg‘onistonning chekka hududlarida qayd etilgan qashshoqlik darajasi hozir katta shaharlarga «hujum» qilmoqda. Bu qish hamma oziq-ovqat taqchilligini boshidan kechirishi tayin.

Yaqinlashayotgan qahraton qish qurg‘oqchilikni boshdan kechirgan, o‘zi oziq-ovqatga muhtoj 7,3 million dehqon yerlarini «qirqib tashlash» bilan tahdid qilayotgani bor gap.

Jahon oziq-ovqat tashkiloti zudlik bilan mablag‘ yig‘ib, barchani to‘ydirishga oyiga 220 million dollar kerak bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Qurg‘oqchilikdan aziyat chekkan qishloqlarga yordam tariqasida yana 211 million dollar kerak bo‘ladi.

Xorijiy ko‘makning uzilgani sog‘liqni saqlash tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Tibbiyot xodimlariga haq to‘lanmayapti, tibbiy yordam uchun biror fond, jamg‘armaning o‘zi yo‘q.

Yosh egizaklari Hirotning «Chegara bilmas shifokorlar» xalqaro mustaqil notijorat tibbiy-gumanitar tashkiloti kasalxonasida yotgan ona: «Ikkala bolam ham o‘lim bilan olishyapti. Qo‘limizda durust pulimiz ham yo‘q», – deydi. «Butun dunyo afg‘onlarga yordam bersa qaniydi. Hech bir onaga meningdek bolalarining o‘limi bilan yuzma-yuz kelganini ko‘rish nasib qilmasin».

Egizaklari o‘lim bilan olishayotgan ona.
Foto: BBC

Mamlakatlar yetakchilari o‘lkaga 1 milliard dollar yordam puli ajratishni va’da berishdi, lekin bu mablag‘ «Tolibon» taloviga uchramasligi yo‘lini izlamoqdalar.

G‘aznachilik departamentining sobiq xodimi va Yangi Amerika xavfsizligi markazi xodimi Aleks Zerden o‘tgan oy CNBC telekanalini Tolibon saflarida korrupsiya potensiali «yuqori» ekanidan ogohlantirgandi.

Katta hajmdagi naqd pullar aylanadigan milliy bank qatori Afg‘oniston banklarining to‘rtdan bir qismi davlatga tegishli, deydi u.

«Tolibon bojxona, soliqni nazorat qiladi. Bir oy avval tovlamachilik bilan shug‘ullanganlar endiyam o‘zgarmaydi deb o‘ylayman», deya so‘ziga yakun yasaydi.

Afg‘oniston g‘arbiga qurg‘oqchilik yopirilgach, turmush o‘rtog‘i uydagilar ochdan o‘lmaslik uchun ikki kenja qizlarni sotamiz, deganida Fahima ko‘p yig‘ladi.

Kiyimi-yu yuzlari loyga chaplangan olti yashar Farishta va endigina bir yarim yoshni to‘ldirgan Shukriya yirtiq-yamoq brezent boshpanada onalarining oldida jilmayib o‘tirishadi.

Ular uydagilarning omon qolishi uchun sotilganlarini bilishmaydiyam. Kuyovning oilasi kattasi uchun 3350 dollar, kichkinasiga 2800 dollarcha pul to‘ladi.

Vaqti yetib, aytilgan summa to‘liq to‘langach, qizaloqlar ota-onalari, Badg‘is viloyati Qal’ai Navdagi boshpanasizlar jamlog‘iga xayr deyishlariga to‘g‘ri keladi.

Bunday ayanchli taqdirlar minglab uysizlar, ayniqsa, Afg‘onistonning eng qashshoq, qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan tumani uchun oddiy holga aylanib bo‘lgan.

AFP muxbiri boshpanasizlar jamlog‘i va qishloqlarda yurib, 15 tacha oila chaqaloq qizlarini 550 dollardan 4000 dollargacha sotishga urinishayotganiga guvoh bo‘ladi.

Bu «tajriba» keng quloch yozgan. Jamloqlar va qishloqdagilar bunday holat 2018 yilgi qurg‘oqchilikdan keyin ko‘p uchragani, shu yilgisi esa sonlarni orttirib yuborganini aytishadi.

Badg‘is viloyatining Qal’ai Navdagi boshpanasizlar jamlog‘idan qo‘nim topganlar. 2021 yil 17 oktabr.
Foto: BBC

Fahimaga qo‘shni yashaydigan 25 yoshli Sabehrehning oilasi baqqoldan doim barra mahsulotlar sotib oladi. Baqqol esa qarzlarini to‘lashmasa, «qamatib yuborish» bilan ogohlantirgan.

Qarz-havolani to‘lash uchun oila 3 yashar Zakerehni baqqolning 4 yashar o‘g‘li Zambiolahga nikohlanishi uchun sotdi. Qizaloqning hech narsaga fahmi yetmaydi. Qaynota esa o‘g‘li ulg‘ayib, kelinni o‘zi olib ketishga tayyor bo‘lmagunicha kutib turishga qaror qildi.

Bu ishimizdan qayg‘udaman. Ammo yeyishga hech vaqomiz yo‘q. Agar shunday davom etaversa, uch oylik qizalog‘imizni ham sotishga majbur bo‘lamiz, – deydi Sabehreh alam bilan.

Ko‘pchilik sotyapti qizlarini, – deydi yaqindagina 8 yoki 9 yashar Ase ismli qizini ularga qarz bergan 23 yashar yigitga sotgan Gul Bibi.

Yigit hozircha Eronda. Lekin Gul Bibi vaqti kelib kuyov yurtga qaytib, Aseni olib ketishini o‘ylasa, dahshatga tushadi.
Bilamiz, bu yaxshi ish emas, ammo boshqa ilojimiz ham yo‘q, – deydi qo‘shni jamloqdan qo‘nim topgan Hayotulloh suhbatga aralashib.

Qal’ai Navdagi boshqa jamloqda yashaydigan Muhammad Assan shahardan ancha olisdagi kelinlik uylariga olib ketilgan qizlari 9 yashar Siana va 6 yashar Hadiya Gulning suratlarini ko‘rsatib, g‘azabini yashirolmaydi.

Ularni keyin boshqa ko‘rmadik, – deydi u. – sotmoqchi emasdik, nachora, boshqa bolalarim tirik qolishi uchun shunga ko‘ndim. – Qizlarim sog‘-salomat, yeyishga nimadirlari bor har holda, – davom etadi u. O‘zini yupatishga urinarkan, qo‘shnilari ulashgan non bo‘laklarini ko‘rsatadi. Bugunga yeyishga shugina bor, xolos.

Kasalmand xotinining xarajatlari borligi uchun Assanning boshi qarzdan chiqmaydi. Bir necha kun oldin 4 yashar qiziga xaridor izlashga tushdi.

Ba’zi kunlari ichimga chiroq yoqsa, yorishmaydi. Uydan chiqib ketib, ketaveraman, ketaveraman, qayerga ketayotganimni esa bilmayman, – deydi uning ayoli Dada Gul titig‘i chiqib ketgan chodirda o‘tirgancha.

Onalar uchun bu holat – nihoyasiz dahshatli tush. Bolani sotishga qaror qilish, yillar bo‘yi – qizlari 10–12 ga kirguncha, egasining xonadoniga ketish yoshiga yetguncha kutish, keyin ajralish dahshatning o‘zi.

Qurg‘oqchilikdan aziyat chekkan 43 yashar beva Robiya esa qo‘lidan kelganicha bu jarayonni ortga surishga urinyapti. 12 ga kirgan qizini 550 dollarga sotgan, lekin kuyov xonadoni qizni bir oycha avval olib ketishga kelganlarida bu muddatni yana bir yilga cho‘zishlarini yalinib-yolvorib so‘ragandi.

«Agar yeyishga nimadir topilsa», Robiya qizini qaytarib olmoqchi. Lekin yana yonidagi uch bolasi bilan yashashning o‘zi bo‘lmaydi. 11 yashar o‘g‘li novvoyxonada ishlaydi. Kuniga 50 sent pul topadi. 9 yashar o‘g‘li esa axlat-chiqindilarni yig‘ib yuradi.

«Yuragim chil-chil sinib ketadi, ammo bolalarimni asrab qolishim kerak», – deydi u.

Jamloqda tilanchilik qilib yoki arava tortib, yaqinlashayotgan qishdan eson-omon chiqishni o‘ylab arzimagan chaqa evaziga kun o‘tkazadilar.

«Bu adolatdan emas»
Har kech Abdul Rahim Akbar o‘ta qashshoq oilalarga ko‘mak uchun non yig‘ib yuradi. «Jamloqqacha yetib kelgan minglab oilani ko‘rganman. Ukam ham», – deydi u.

Bir necha kun oldin u Tolibonlarning rasmiysi huzuriga borib yordam berishlarini so‘radi. 90 foiz aholisi yetarli oziq-ovqatdan mahrum viloyatga ko‘mak berishga hukumatning imkoni yo‘q, aslida.

Tolibon shu yilning avgustida iqtidorga kelguncha avvalgi hukumat qonunida 16 yoshdan kichik qizlarning nikohi taqiqlanardi.

YUNISЕFning 2018 yildagi hisobotiga ko‘ra, 28 foiz afg‘on qizlari 18 ga to‘lmay uzatilgan. Bunga moliyaviy muammolar asosiy sabab. Chunki nikoh xonadondagilarning eson-omonligini ta’minlaydigan najot yo‘lidir. Biroq barvaqt turmushga chiqayotgan qizlar farzand dunyoga keltirishda arosatda qolish, oiladagi zo‘ravonlik qurboni bo‘lish xavfi ostida qolishi ko‘proq bo‘ladi.

Kuyovlar uchun esa yosh qizni sotib olish foydaning o‘zi. Chunki kattaroq yoshdagilar qimmatroq turadi.

Afg‘onistonning shundoq shimolidagi uchinchi eng katta shahar – Hirotning boshpanasiz aholisi boshiga ulkan ofat xavf solmoqda. Badg‘islik uy-joyidan ajralgan Alahiddin ham 10 yashar qizini sotganlardan.

Boshqa choram bo‘lganida bu ishga hecham qo‘l urmagan bo‘lardim, – deydi u. Uning yana 5 yoshli boshqa qizi bor. Imkonini topsa, shu «qizini ham sotmoqchi».

Rosti, otalar azobini yashirishga qo‘pol so‘zlar kamlik qiladi. Oilasini chindanam ta’minlay olmasligini yuz-ko‘zi, ovozi shundoq fosh etib qo‘yadi.

Bilaman, bu noto‘g‘ri, – deydi sobiq nishondor kultivator Boz Muhammad. – Hammamiz qirilib bitamiz deb o‘ylagandim.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ochdan o‘lmaslik uchun qizlarini sotayotgan afg‘onlar (foto, video)