07:26 / 02.12.2021
2 280

Lukashenko NATOga Belarusda yadro quroli joylashtirish bilan tahdid qildi

Lukashenko NATOga Belarusda yadro quroli joylashtirish bilan tahdid qildi
Foto: Reuters
NATO Polshada yadro qurolini joylashtirsa, unda Belarus o‘z hududida Rossiyadan shunday qurolni joylashtirishni so‘raydi. Bu haqda “RIA Novosti” axborot agentligiga intervyuda Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko aytib o‘tdi.

Avvalroq NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg agar Germaniya o‘z hududida yadro qurolini joylashtirishdan bosh tortsa, unda bunday qurol Yevropaning boshqa davlatlarida, jumladan Germaniyadan sharqda paydo bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Lukashenko Stoltenbergning ushbu bayonotiga izoh berib, bunday holatda u “Rossiya prezidentiga Belarusga yadro qurolini qaytarishni taklif qilishini” aytgan.

Belarus yetakchisi boshlovchining gap qanday tizimlar haqida ketayotgani haqidagi savoliga “Biz bu masalada kelishib olamiz”, deb javob qilgan.

Lukashenkoning aytishicha, Belarusda sobiq ittifoq vaqtidan qolgan ballistik raketalar otish maydonchalarining bittasidan tashqari barchasi saqlanib qolgan va qo‘llash uchun shay holatda turibdi.

Men nima uchun G‘arbning dushmaniga aylandim? Diktator bo‘lganim uchun emas. Bunga sabab, “Topol”lar (ballistik raketa) turgan barcha maydonchalarning bittasidan tashqari barchasi saqlanib qolingani va hanuzgacha soz holatda ekanidir”, deb ta’kidlab o‘tgan Lukashenko.

Boris Nikolayevich (Yelsin, Rossiyaning birinchi prezidenti) G‘arb, amerikaliklar unga bosim o‘tkazayotgani sababli mendan bu maydonchalarni portlatib yuborishni talab qilgan. Biroq men ularning barchasini saqlab qolganman. Ammo bosim haddan tashqari katta bo‘lganda, biz bunday maydonchalardan o‘rmonda joylashgan bittasini portlatib yuborganmiz. Men buni ko‘rsatishim va isbotlab berishim ham mumkin”, deb o‘z so‘zlarini davom ettirgan Belarus prezidenti.

Sobiq ittifoq parchalangandan keyin Belarus hududida “Topol” qit’alararo ballistik raketalarining o‘nlab zaryadlari va mingdan ko‘proq jangovar yadro kallaklari qolgan. Minsk yadro qurolini tarqatmaslik haqidagi kelishuvni imzolagandan keyin ushbu qurolni o‘z hududidan olib chiqishga rozi bo‘lgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lukashenko NATOga Belarusda yadro quroli joylashtirish bilan tahdid qildi